ABDIDARUN MAJMUASI

ABDIDARUN MAJMUASI – Samarqand qal’a devorining sharqiy tomoni (darun – ichkari)da joylashgan qadimgi ziyoratgoh. 9-asrda yashagan alloma Abd Ma’ziddin qabri atrofida turli binolar paydo bo’lib me’moriy ziyoratgoh aylandi. Markazida eng yirik bino – xonaqoh (15-asr) ko’zga tashlanadi. Uning peshtoqi, gumbazi va devor bezaklari Ulug’bek davri me’morligi mahsuli ekanligidan darak beradi. Ziyoratxona – jamoatxona masjid vazifasini o’tagan. Xonaqohning ichida avliyoning maqbarasi bor. Ta’mirlash natijasida maqbara binosining dastlabki qiyofasi o’zgarib ketgan. Hovli o’rtasidagi sarhovuz chashmabuloq ustida bo’lgani uchun ham uning suvi qishin-yozin bir xilda saqlangan, aholi orasida shifobaxsh hisoblangan. Hovli atrofidagi hujralar va g’arb tomondagi jome masjid 19-asrga oid. Masjid bezaklari orasida ustalar nomi saqlangan.