ABDREIMOV

ABDREIMOV Quatboy (1937.24.5, Qoraqalpog’iston, Taxtako’prik tumani) – qoraqalpoq aktyori va rejissyor. O’zbekiston xalq artisti (1974). Toshkent davlat san’at institutini tugatgan (1963). Qoraqalpoq televideniyesida rejissyor (1963-68), bosh rejissyor. (1968-71), Qoraqalpoq teatrida director va bosh rejissyor (1973-79), 1979 yildan rejissyor. Sahnaashtirgan asarlari: “Otello” (U.Shekspir, Otello rolini o’zi ijro etgan), “Momo yer” (Chingiz Aytmatov), “Abu Rayhon Beruniy” (T.Seytjanov), “Berdaq” (J.Oymurzayev), “Bilmayin bosdim tikonni” (I.Sulton), “Temir xotin” (Sh.Boshbekov), “Ernazar olako’z” (A.O’taliyev) va boshqalar. Abdreimov birinchi qoraqalpoq kino aktyori. “O’zbekfilm” va “Qozoqfilm” kinostudiyalarida ishlagan 20 dan ortiq filmlarda suratga tushgan: Alijon (“Hamza”), Ergash (“Otalar vasiyati”), Valijon (“Afsonadagi qiz”), Zaripboy (“Bo’ysunmas”) va boshqalar. Berdaq nomidagi Qoraqalpog’iston Davlat mukofotining laureati (1973). “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan (1999).