Bu o’simlik o’zining chiroyi bilan ne-ne shoirlarni, rassomlarni va oddiy tabiat shaydolarini hayratga solmagan deysiz. Uzun poyadagi oltin boshchalar to’lqinlarni tutadigan lokator kabi doimo quyoshni izlaydi, unga intiladi. Unga oshiqi beqaror bo’lib, hijronda bir-biriga talpinayotgan oshiq-ma’shuqlar kabi qaytadan oftob chiqishini kutadi. Shuning uchun ham u kungabohar deb ataladi. Yovvoyi kungboqarlar ikkala Amerikada ham uchraydi. U ko’hna dunyo — Yevropaga kelishi bilan gulxonadan gulxonalarga ko’chib yuraverdi va «quyosh guli» degan nom oldi. Kungaboqar urug’i Rossiyaga Pyotr I ning buyrug’i bilan yuborildi. Imperator chet elning har bir yangi narsasi bilan o’z mamlakatini tanishtirishni istar edi. Kungaboqar uzoq yillar manzarali o’simlik bo’lib keldi. Ammo olimlar jon-jahdi bilan uning foydali sifatlarini topishga urinar edi. Dorishunoslar kungaboqarning bir oz quritilib, aroqqa solib qo’yilgan guli va barglari bilan bezgakka chalinganlarni davolash mumkinligini kashf etishdi. Asalarichilar uning guli tarkibida nektar mo’lligidan xursand. Ammo, baribir, kungaboqarning asosiy xususiyati ochilmay qolaverdi. Shunda voronejlik krepostnoy dehqon Bokarev o’z mamlakati va butun dunyo uchun muhim ahamiyatga ega bo’lgan kashfiyot yaratdi. Bu tinib tinchimas mujik kungaboqarning urug’idan yaxshi va xushta’m yog’ olish mumkinligini aniqlash uchun ancha-muncha bosh qotirdi. Tarixda Bokarev to’g’risida familiyasidan bo’lak boshqa biror ma’lumot qolmagan. Bugungi kunda uning kashfiyotidan butun dunyo foydalanadi. Tarkibida yog’i mo’l bo’lgan kungaboqar o’z vatani — Amerikaga qaytdi.