La-pas
La-pas — Boliviyadagi shahar, mamlakatning amaldagi poytaxti. La- Pas departamentining ma’muriy markazi. Markaziy and tog’larida, 3700 metr balandlikda, La-pas daryosi vodiysida joylashgan. Aholisi 758,1 ming kishi (1998). Muhim transport yo’llari tuguni. Xalqaro aeroporti bor. Boliviyaning asosiy iqtisodiy, madaniy, ilmiy va savdo-moliya markazi (mamlakat ishlab beruvchi sanoat mahsulotining 3/4 qismi). To’qimachilik, oziq-ovqat, charm-poyabzal, mebel, tsement va boshqa sanoat korxonalari mavjud. Hunarmandchilik rivojlangan (kumush, oltin, keramikadan turli buyumlar tayyorlanadi). Boliviya hukumati va prezidenti qarorgohi. Unversitet, Fanlar Akademiyasi, Milliy muzey, teatrlar, rasadxona, geofizika instituti, kutubxona bor. 18-asrga oid saroy va qasrlar saqlangan. Shaharga 1548 yil ispanlar tomonidan asos solingan.