La’l

La’l — mineral, shpinelning qizg’ish, pushti rangli xili. Qattiqligi 7,5—8 bo’lib, olmos, yoqutdan keyin 3-o’rinda. Kub singoniyali, kristallari oktaedr shaklida, zichligi 3,5—4,1 g/sm3. Temir, xrom, rux, shuningdek, natriy va kaliy aralashmalari uchraydi. Mineralning yangi aralashmalari tarkibi va genetik xususiyatlariga bog’liq ravishda qizil, ko’k, yashil, qo’ng’ir va qora bo’lishi mumkin, shishasimon yaltiroq. La’l uzoq vaqt yoqut deb noto’g’ri nomlangan. Ular bir-biridan farq qiladi. 7-asrda Badaxshon (Pomir)da katta La’l koni topilganidan so’ng bu mineralning fizik va kimyoviy xususiyatlari o’rganilib, yoqut korundning qizil ranglisi, La’l esa shpinelning qizil xili ekanligi aniqlandi. La’l yoqutdan yumshoqroq, birok, olovga chidamli. Beruniy La’lni quyidagicha ta’riflagan: «La’l o’zining rangi va jilvalanib turishi bilan yoqutga juda o’xshaydi, lekin qattiqligi jihatdan undan qoladi, shuning uchun bu mineralning qirralari tez sinib ketadi». Magmadan ajralib chiqqan issiq gaz eritmalarining ohaktoshlarga ta’siridan La’l hosil bo’ladi. O’zbekiston, umuman O’rta Osiyoda shpinel keng tarqalgan bo’lmasada, Pomirdagina uning konlari topilgan. Bu konlar esa butunlay qazib olingan. La’l faqat asl tosh sifatida zargarlikda ishlatiladi. Hozir sun’iy yo’l bilan ham olinadi.