Langardaryo

Langardaryo — Qashqadaryoning chap irmog’i (Qashqadaryo viloyati). Hisor tizmasining Janubiy-g’arbiy tarmog’i — Yakkabog’ tizmasidan (2200-2300 metr) boshlanib g’arbga oqadi. Uzunligi 76 kilometr, havzasining maydoni 258 km2. Yuqori qismi chuqur va tor vodiyda oqadi. Langar qishlog’i yaqinida vodiysi kengayadi. O’rtacha ko’p yillik suv sarfi 0,9 m3/ sek; maksimal suv sarfi aprel—mayda. Qor va yomgirlardan suv oladi. Yoz oylarida suvi sug’orishga sarflanib, Qashqadaryoga yetib bormaydi. Bahor oylarida daryodan kuchli sel kelish hollari kuzatiladi. Langardaryoda gidrometrik post tashkil etilgan.