Laos, Laos Xalq demokratik Respublikasi

Laos, Laos Xalq demokratik Respublikasi (Sathalanalat Pasathipatai Pasacon Lao) — Janubi-Sharqiy Osiyoda, Hindixitoy yarim orolining Markaziy qismida joylashgan davlat. Maydoni 236,8 ming km2. Aholisi 5,6 million kishi (2001). Poytaxti — Ventyan shahri. Ma’muriy jihatdan 13 kxueng (viloyat)ga bo’linadi. Davlat tuzumi. Laos — xalq-demokratik Respublikasi. Amaldagi Konstitutsiyasi 1991 yil 14 avgustda qabul qilingan. Davlat boshlig’i — prezident (1998 yildan Kxamtay Sipxandon), u millat Majlisi tomonidan 5 yil muddatga saylanadi, bosh vazir, Vazirlar va boshqa mansabdor shaxslarni tayinlash huquqiga ega. Qonun chiqaruvchi hokimiyat millat Majlisi (bir palatali parlament) bo’lib, u aholi tomonidan umumiy to’g’ri ovoz berish yo’li bilan 5 yil muddatga saylanadi. Ijroiya hokimiyat — bosh vazir boshchiligidagi hukumat. Tabiati. Laos, asosan, tog’li mamlakat. Laosning shimoliy o’rtacha balandlikdagi tog’ tizmalari va platodan iborat. Trannin tog’ligida Laosdagi eng baland cho’qqi — Bia tog’i (2820 metr) joylashgan. Mamlakat sharqida Annam tog’ining Chiongshon tizmasi, Janubda Boloven platosi bor. Mamlakat g’arbi va Janubi-g’arbi Allyuvial tuproqli pasttekislikdan iborat. Relefning karst shakllari tarqalgan. Laosda temir rudasi, qalay, oltin, rangli va noyob metallar, ko’mir, kaliy tuzi, chaqmoqtosh konlari mavjud. Iqlimi subekvatorial, mussonli. Yanvarning o’rtacha temperaturasi shimolda 15° dan Janubda 23°gacha, iyulniki 28-30°. Tog’larida qora sovuq bo’lib turadi. Yillik yog’in tog’larda 3000 mm gacha, platoda 1600 mm. Noyabr—aprel quruq mavsum, may — oktabr namgarchilik mavsumi hisoblanadi. Yirik daryosi — Mekong; uning ayrim qismlarida kema qatnaydi. Falokatli suv toshqinlari bo’lib turadi. Tuproqlari, asosan, tog’laterit tuproqlar. Laos hududining 2/3 qismi o’rmon (tik, bambuk, dub, qarag’ay, pushti, qora va sandal daraxtlari). Plato va vodiylarida savanna. Hayvonot dunyosi boy: fil, yo’lbars, krshton, ayiq va boshqlar uchraydi. Maymunlar, sudralib yuruvchilardan ilon, kaltakesak, timsoh ko’p. Xilma-xil qushlar, ko’rshapalaklar yashaydi. Aholisi. Asosiy aholisi Lao (70%); shuningdek kxmu, MeO, Yao va boshqalar xalqlar — xitoylar, vetnamlar, hindlar va boshqalar yashaydi. Rasmiy til — Lao (Laos) tili. Aholisining ko’pchiligi buddaviylikka, qolganlari an’anaviy mahalliy dinlarga e’tiqod qiladi. Aholisining 19% shaharlarda yashaydi. Yirik shaharlari: Ventyan, Savannakxet, Luang-Prabang, Pakse, Txakxek. Tarixi. Laos hududida odam yuqori paleolit davridan yashaydi. Milodiy 1-ming yillikning 1-yarmida Laos hududida kxmerlar davlati — Funanning siyosiy va iqtisodiy ta’siri kuchli bo’lgan. Funan o’rniga kelgan Chenla (7— 8-asrlar) va Kambujadesh (9-13-asrlar) davlatlari davrida Laosning Janub hamda Markaziy qismida qal’alar va shaharlar bunyod etildi. 9-asrga kelib Tai va Laos feodal knyazliklari paydo bo’ldi. 1353 yil hozirgi Laos va Sharqiy Tailanddagi knyazliklar birlashtirilib, markazlashgan Lansang davlati tuzildi. 1707 yil Lansang davlati Luangprabang, Ventyan knyazliklariga bo’linib ketib, Siangkxuang (Sieng-Kuang) knyazligiga qaram bo’lib qoldi (1710). 1828 yil Ventyanning bir qismi Siyom, 1832 yil Siangkxuangning ko’pgina hududi Vetnam qo’l ostiga o’tdi. 1893 yilda Luangprabang Frantsiya protektoratiga aylantirildi. Shundan keyin Sharqiy Tyampatsak va sobiq Ventyan knyazligi hududi mustamlaka sifatida Frantsiya Laosi nomi bilan Hindixitoy Ittifoqi tarkibiga kirdi. Laos xalqi Frantsiya hukmronligiga qarshi bir necha marta qo’zg’olon ko’tardi (1901-07; 1910-36). 1936-38 yillardagi milliy ozodlik harakati Laos, Vetnam va Kambodja xalq-demokratik harakati tusini oldi. 2-jahon urushi davrida mamlakatni Yaponiya bosib oldi. 1946 yilning boshida frantsuz qo’shinlari Laosni yana ishg’ol qildi. 1950 yil 13 avgustda o’tkazilgan xalq vakillari s’yezdila Laos Birlashgan milliy fronti (Neo Lao Itsala) tuzildi. 1953 yil oktabrda Xalq ozodlik armiyasi tazyiqi ostida Frantsiya Laosni mustaqil Qirollik sifatida tan oldi, biroq 1954 yil Jeneva bitimidan keyingina uning mustaqilligi xalqaro miqyosda tanildi va Frantsiya qo’shinlari bilan Vetnam xalq ko’ngillilari Laosdan olib chiqib ketildi. 1955 yil dekabrda Laos BMTga a’zo bo’ldi. Neo Lao Itsalaning nomi 1956 yil 6 yanvarda o’tkazilgan 2-s’yezdda Laos vatanparvarlik fronti (LVF) deb o’zgartirildi. Biroq 1958 yil hokimiyat Laos o’ng kuchlari qo’liga o’tdi. LVF faoliyati taqiqlandi. 1960 yil 9 avgustda qirol armiyasining parashyutchilari bataloni kapitan Kong Le boshchiligida davlat to’ntarishi uyushtirdi va Suvanna Fumaga hukumatni boshkarish topshirildi. 1962 yil 11 iyunda Suvanna Fuma boshliq milliy birlik hukumati tuzildi. Jenevada 14 mamlakat vakillari ishtirokida o’tkazilgan xalqaro kengashda (1962 yil 23 iyulda) Laos betarafligi haqidagi Deklaratsiya va Deklaratsiya bayonnomasi imzolandi. 1964 yil 19 aprelda davlat to’ntarishi o’tkazishga uringan unsurlar hukumatning bir necha a’zolari katori Suvanna Fumani qamoqqa oldi. Lekin ular butun jahon ilg’or kuchlarining talabi bilan ozod qilindi. Suvanna Fuma 1964 yil iyunda hukumat tarkibini o’zgartirishga majbur bo’ldi. 1969 yildan Laos o’ng kuchlari LVFga qarshi harbiy harakatlarni kuchaytirib yubordi. 1971 yil Fevral boshida Amerika-Janubi Vetnam qo’shinlari (30 ming kishi) Janubiy Laos hududiga bostirib kirdi, biroq mart oxiridan vatanparvar kuchlar shiddat bilan qarshi hujumga o’tdilar. 1973 yil 21 Fevralda Ventyanda LVF bilan Ventyan hukumati o’rtasida Laosda tinchlik o’rnatish va milliy birlikka erishish to’g’risida Shartnoma, 1973 yil 14 sentabrda shu shartnoma bayonnomasi imzolandi. Unda Milliy majlisga saylov o’tkazish va milliy birlik hukumatini tuzishga qaror qilindi. 1974 yil koalitsion hukumat tuzildi. 1975 yil 2 dekabrda xalq vakillari anjumani monarxiya tugatilganini va Laos Xalq demokratik Respublikasi tuzilganini e’lon qildi. Mamlakat tinch qurilish yo’liga o’tdi. Xalqaro maydonda Laos barcha mamlakatlar bilan hamkorlik va tinchlik yo’liga amal qila boshladi. Laos hukumati O’zbekiston Respublikasi suverenitetini 1992 yil 2 yanvarda tan oldi va o’sha yili 10 sentabrda diplomatiya munosabatlari o’rnatdi. Milliy bayrami — 2 dekabr — Respublika e’lon qilingan kun (1975). Siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari. Laos Xalq-inqilobiy partiyasi, 1955 yilda Laos xalq partiyasi nomi bilan tuzilgan, 1972 yil Fevraldan hozirgi nomini olgan; Laos Milliy qurilish fronti (Neo Lao Sang Sat), 1956 yil tuzilgan. 1979 yil Fevralgacha Laos vatanparvarlik fronti deb atalgan, ommaviy vatanparvarlik tashkiloti. Unga Laos xalq inqilobiy partiyasi rahbarlik qiladi. Front tarkibiga Laos xotin-qizlar Ittifoqi, xalq-inqilobiy yoshlar Ittifoqi, talabalar uyushmasi va boshqa jamoat tashkilotlari kiradi. Laos kasaba uyushmalari federatsiyasi, 1956 yilda tuzilgan, Jahon kasaba uyushmalari Federatsiyasi a’zosi. Xo’jaligi. Laos — agrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda qishloq va o’rmon xo’jaligining ulushi 53%, sanoat va qurilishning ulushi — 17%. Asosiy tabiiy boyliklari — qimmatbaho yog’ochli o’rmon va gidroenergiya resurslari. Yiliga 828 million kVt-soat elektr energiya hosil qilinadi. Asosiy qishloq xo’jalik ekini — sholi (ekinzorning 90%). Makkajo’xori, paxta, kofe, soya, banan, ananas, tsitrus mevalar, kartoshka, sabzavot, shakarqamish, tamaki, ziravor ham yetishtiriladi. Chorvachiligida qoramol, buyvol, qo’y, cho’chqa va boshqalar boqiladi. Daryolarida baliq ovlanadi. Sanoatida konchilik ustun. Ishlab chiqarish sanoati qishloq xo’jalik xom ashyosini qayta ishlaydigan kichik korxonalardan iborat. Metall buyumlari fabrikasi, ta’mirlash ustaxonalari, yog’ochsozlik va to’qimachilik korxonalari bor. Hunarmandchilik rivojlangan. Mamlakatda temir yo’l yo’q. Avtomobil yo’llari uzunligi 14,1 ming kilometr. Yuklarning aksariyati Mekong daryosida tashiladi. Tashqi savdo uchun Vetnamning Xayfon va Danang portlaridan foydalaniladi. Laos chetga elektr energiya, yog’och, qalay kontsentrati, kofe sotadi. Chetdan sanoat asbob-uskunalari, transport vositalari, metall, neft mahsulotlari, tsement, guruch oladi. Tashqi savdoda Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari, Yaponiya, Xitoy, Rossiya bilan hamkorlik qiladi. Pul birligi — kip. Tibbiy xizmati. Tibbiy muassasalarning ko’p qismi davlat qaramog’ida bo’lib, ular bepul xizmat ko’rsatadi. Vrachlar Ventyan tibbiyot institutida va chet ellarda tayyorlanadi. Maorifi, ilmiy va madaniy-ma’rifiy muassasalari. 1976 yildan Laosda ta’lim sohasini isloh qilishga kirishildi. Boshlang’ich va o’rta maktabda darslar Lao tilida olib boriladi. Bepul ta’lim tizimi vujudga keltirilgan. Boshlang’ich maktabda o’qish muddati 5 yil, o’rta maktabda 6 yil. O’rta hunar-texnika va pedagogika ta’lim yo’lga qo’yilgan. Ventyan universiteti, tibbiyot va pedagogika institutlari mavjud. Luan-gpxabang yaqinida davlat qishloq xo’jalik selektsiya stansiyasi, Ventyanda Milliy kutubxona, shahar kutubxonasi, universitet kutubxonasi, milliy san’at muzeyi va boshqalar bor. Matbuoti, radioeshittirishi va teleko’rsatuvi. Laosda bir necha gazeta va jurnallar nashr etiladi. Yiriklari: «Pasason» («Xalq», kundalik gazeta, 1950 yildan), «Ventyan may» («yangi Ventyan», kundalik gazeta, 1975 yildan), «Num Lao» («Laos yoshlari», yoshlar gazetasi, 1979 yildan), «Alunvan may» («yangi tong», jurnal, 1985 yildan), «Kxosana» («targ’ibotchi», jurnal, 1987 yildan), «Saksa may» («yangi ta’lim» jurnal 1981 yildan), «Xengngan» («mehnat», jurnal 1980 yildan). Kaosan Patet Lao hukumat axborot agentligi, 1968 yilda tuzilgan. Laos milliy radiosi hukumat xizmati bo’lib, 1951 yilda tuzilgan, Lao, Vetnam, tay va kxmer, shuningdek, Fransuz va ingliz tillarida eshittirish olib boradi. Laos milliy teleko’rsatuvi, hukumat xizmati, 1983 yilda tashkil etilgan. Adabiyoti. Laos hududidan 13-asr 2-yarmiga mansub dastlabki yozma yodgorliklar topilgan. Lansang davlati (14-a.) tuzilib, buddaviylik tarqalgach, liniy va dunyoviy mazmundagi asarlar («Shahzoda Xung», «Kxun Bolom haqida Doston» va boshqalar) paydo bo’ldi. Pankxamning «Sinsay» qahramonlik dostoni 16-17-asrlar Laos adabiyotining yuksak cho’qqisi hisoblanadi. 18-asrda Lansang davlatining yemirilishi (1707) va Laos mustaqilligining barbod bo’lishi (19-asr oxiri) oqibatida Laos adabiyoti tanazzulga uchradi. 2-jahon urushidan keyin Laos adabiyoti yangidan rivojlana boshladi. Zamonaviy adabiy asarlar, asosan, mamlakat mustaqilligi uchun kurash tarixiga va yangi turmush qurish muammolariga bag’ishlangan. Some she’rlari, Sisan qo’shiqlari, Kxamling Folsenning «Jajji Si» va Dian Savanning «hayot yo’li» qissalarida zamon ruhi yoritilgan. Me’morligi. Milodiy 1-ming yillik o’rtalari va 2-ming yillik boshlaridan Savannakxet yaqinidagi ibodatxonalar (Ing-rang va boshqalar) saqlangan. Lansang davlati tashkil topgach (14-asr), buddaviylik tarqaldi va uning ta’sirida o’ziga xos milliy badiiy madaniyat rivojlangan. 16-asrga mansub «vata» (monastir) majmualari (Luangprebangda Sieng-Txong, 1561; Ventyanda Fra-keo, 1565 va boshqalar) mavjud. Ularning tarkibida ibodatxonalar, kutubxonalar, rohiblarning yotoqxonalari, saroylar, turli shakldagi stupalar bo’lgan. Mustaqillik e’lon qilingach, ham zamonaviy, ham an’anaviy milliy shakllardan foydalanildi («Lansang» mehmonxonasi, ichki ishlar vazirligining binosi va boshqalar). Keyingi yillarda Ventyan va boshqa shaharlarda zamonaviy uy-joy binolari barpo etildi. Tasviriy sanati. Ko’zalar vodiysi (Trannin yassitog’ligi)dan milodiy boshlariga doir qadimgi san’at yodgorliklari — ulkan granit «idish»lar topilgan. O’rta asrlarda raqqosalar va boshqalarning haykalchalarini yasash, imoratlarning yog’och peshtoqlariga, eshiklarga, deraza eshikchalariga o’yib gul solish va zarhallash rasm bo’lgan. Laosda dastgohli rassomlik (lokli, moybo’yoq rangtasviri), grafika, haykaltaroshlik rivojlana boshladi; xalq hayotini tasvirlovchi manzaralar, natyurmortlar paydo bo’ldi. Bezak san’ati, metall ishlash, to’qimachilik va boshqalar keng tarqalgan. Musiqa madaniyatining boshlang’ich davri 12-asrga borib taqaladi. Laos musiqasida xalq an’analari saqlangan. Laosda 20-asrga qadar nota yozuvi bo’lmasada, adabiyotidagi qonunlar zamirida Lam kuylari tizimi shakllangan. Yakkanavozlik (sayyoh ashulachilar va oshiq-ma’shuqlar qo’shiqlari) hamda antiphon tarzida xor qo’shiqchiligi rivojlangan. Qadimdan mavlum — epik qo’shiqchilik san’ati, mavlum Luang — musiqaviy- sahnaviy tomoshalari rivojlanib kelgan. Musiqa asboblaridan eng mashhuri — xen bo’lib, u bambuk naychalaridan yasaladi, shuningdek naysimon, 2 torli g’ijjaksimon va bir qancha urma sozlar ommalashgan. 20-asr 2-yarmidan akkordeon, katta baraban xam odat tusini olgan, kompozitorlik ijodi yuzaga kela boshlagan (Bauntxa-Mali, Kxamala Nokeo va boshqalar). Teatri Janub va Janubiy-Sharqiy Osiyo teatrlariga o’xshaydi. Raqs, musiqa, Pantomima va dramalarni umumlashtirgan. Laos teatri sahnasida dekoratsiya va butaforiyalar bo’lmasada, tomoshalar qiziqarli o’tadi. Qirollik baleti, fonus hayol teatri va qo’g’irchoq teatri qadimdan bor.