Lappak baliqlar, skatlar

Lappak baliqlar, skatlar (Batoidei) — akulasimonlar turkumiga mansub baliklarning kenja turkumi. Lappak baliqlarning tanasi yalang’och yoki har xil kattalikdagi tangachalar bilan qoplangan, skeleti Tog’ay. Tanasi yapaloq, kattaligi 6 metrgacha, og’irligi 4 tonnagacha. Lappak baliqlar hamma dengiz va okeanlarda keng tarqalgan. Ular Arktika va Antarktikaning sovuq suvlarida va tropik dengizlarning iliq sayoz joylarida uchraydi. Ko’pgina Lappak baliqlar qirg’oqqa yaqin yerlarda, ayrimlari 2500-2700 metr chuqurlikda yashaydi. Ba’zi Lappak baliqlarda elektr organlari bo’ladi (elektrli Lappak baliqlar). Amerikada chuchuk suvda yashaydigan turlari ham bor. Lappak baliqlarning 230 turi ma’lum. Lappak baliqlarning ba’zilari tuxumdan tirik tug’adi, ayrimlari tuxum qo’yib ko’payadi. Suv osti umurtqasiz hayvonlari bilan oziqlanadi. Ba’zi turlari ovlanadi.