Latipov Hikmat
Latipov Hikmat (1900.1.1, Buxoro — 1981.4.2, Toshkent) — O’zbekiston xalq artisti (1950). Sahna faoliyatini Buxoro teatrida boshlagan (1922— 24). Moskva o’zbek drama studiyasida ta’lim olgan (1924-27). 1927-61 yillar Hamza teatrida aktyor. Latipov yaratgan obrazlari o’z xarakteri bilan obrazning g’oyaviy va ijtimoiy mohiyatini, ichki olamini chuqur va haqqoniy ochilishi va zo’r ta’sirchanligi bilan ajralib turadi. Ifodali sahna nutqi, mimika va Grimmning mukammalligi, ijrosi sodda va hayotiyligi bilan qimmatlidir. Teatr sahnasida Barax («Malikai Turandot»), Mengo («Qo’zi buloq»), Podkolyosin («uylanish»), Qodirqul mingboshi («boy ila xizmatchi»), Abdulmalik («Alisher Navoiy»), Yormat («Qutlug’ qon»), Brut («Yuliy Tsezar») kabi 80 dan ortiq obraz yaratgan. Latipov mashhur kino aktyori sifatida o’zbek kinosining rivojiga munosib hissa qo’shgan. Abdujabbor («stadionda uchrashamiz»), Mansur («Koniyut g’orining siri»), Shukur («Laylak keldi, yoz bo’ldi»), G’ani («Sayyod qo’ng’irog’i»), Sayd Obid («Ulug’bek yulduzi»), Jo’ra («Jo’ra sarkor»), ota («Sevgi fojiasi»), Ochil buva («Chinor») va boshqa aktyorga shuhrat keltirgan rollaridir.