Latviya (Latvija), Latviya Respublikasi
Latviya (Latvija), Latviya Respublikasi (Latvijas Republika) — Yevropaning shimoliy-g’arbida, Boltiq dengizi bo’yida joylashgan davlat. Maydoni 64,589 ming km2. Aholisi 2, 385 million kishi (2001). Poytaxti — Riga shahri. Ma’muriy jihatdan 26 tuman (rajons)ga bo’linadi, 7 shahar bor. Davlat tuzumi. Latviya — mustaqil demokratik respublika. 1993 yil 6 iyuldan 1922 yilda qabul qilingan «Satversme» Konstitutsiyasining amal qilishi to’la hajmda tiklandi va unga 1996, 1997, 1998 yillarda tuzatishlar kiritildi. Davlat boshlig’i — prezident (1999 yildan Vayra Vike-Freyberga), u yashirin ovoz berish yo’li bilan Seym tomonidan 4 yil muddatga saylandi. Bir shaxs ketma-ket ikki muddatdan ortiq prezident lavozimiga saylanishi mumkin emas. Qonun chiqaruvchi organi — Seym (bir palatali parlament). Ijroiya hokimiyatini Vazirlar Mahkamasi amalga oshiradi. Tabiati. Latviya hududining Boltiq dengizi qirg’oqlari kam parchalangan. Dengiz sohili bo’ylab eni 2-3 kilometr, ayrim joylarda 50 kilometrgacha bo’lgan pasttekislik va qum tepalar cho’zilgan. Latviyaning g’arbiy qismida Kurzeme qirlari (balandligi 184 metrgacha), o’rta qismida Vidzeme qirlari (balandligi 311 metrgacha), sharqida latgal qirlari (balandligi 289 metrgacha) joylashgan. Latviyaning markazida O’rta Latviya tekisligi, shimoli-sharqida Shimoliy Latviya pasttekisligi bor. Foydali qazilmalari: ko’mir, neft, gips, kvars qumlari, dolomit, har xil gil, ohaktosh; torf konlari, mineral buloqlar bor. Boltiq dengizi va Riga qo’ltig’i sohilida qahrabo uchraydi. Iqlimi dengiz iqlimi bilan kontinental iqlim o’rtasida. Iyulning o’rtacha temperaturasi 16-18°, yanvarda Boltiq dengizi sohilida -2°, -7°, sharqida -7°. Yillik yog’in 550-800 mm. Latviyada 777 daryo bo’lib, umumiy uzunligi 38 ming kilometr. Hamma daryolari Boltiq dengizi havzasiga mansub. Yiriklari: Daugava (G’arbiy Dvina), Lielupe, Venta, Gauya. Latviyada 3 mingdan ko’proq ko’l bor. Latviya maydonining 1,5% ni tashkil qiladi. Yiriklari: Lubanas, Reznas va boshqalar. Eng chuqur ko’li — Dridza (65,1 metr). Ko’llarida baliq xo’jaligi yo’lga qo’yilgan. Foydalaniladigan yerlarining 52% podzol tuproqlari (ko’pi chimli podzol), 4% chimli karbonatli va ekin ekib kelingan tuproqlar (O’rta Latviya tekisligida), 23% botqoq (chimli-Geyli) tuproqlar va 19% torfzor. Latviya aralash o’rmon zonasida joylashgan. Hududining 40% ga yaqini o’rmon (asosiy daraxt turlari — qarag’ay, qoraqarag’ay, qayin), 4,7% botqoq, 4% yaylov. Latviyada sut emizuvchilardan malla tovushqon, tiyin, elik, Los, bug’u, tulki, bo’rsiq, suvsar va boshqalar yashaydi. Salaka, kilka, losos, taymen va boshqa baliq turlari ovlanadi. Riga qo’ltig’i va daryolarning qo’yilish joyida Minoga uchraydi. Baliq, Qunduz va boshqa ov jonivorlarini qo’riqlash maqsadida qo’riqxonalar tashkil etilgan. Qadimgi daryo vodiylarining ayrim qismlari, ba’zi o’rmonzorlar davlat muhofazasiga olinib, qo’riqlanadi. Gauya milliy bog’i barpo etilgan. Aholisining ko’pchiligi latishlar (55,1%); ruslar, beloruslar, polyaklar, ukrainlar, litvalar va boshqalar yashaydi. Rasmiy til — latish tili. Shahar aholisi 69,5%. Dindorlari: protestant, pravoslav va katoliklar. Yirik shaharlari: Riga, Daugavpils, Liepaya, Elgava, Yurmala va boshqalar. Tarixi. Latviyadan topilgan arxeologiya yodgorliklari bu yerda odam mezolit davridan (miloddan avvalgi 9-4-ming yillik) yashaganligini ko’rsatadi. Odamlar bu davrda temirchilik, baliq ovlash va ovchilik bilan shug’ullangan, tosh va suyaklardan turli qurollar va loydan idishlar yasagan. Miloddan avvalgi 2-ming yillikda dehqonchilik va chorvachilik paydo bo’lgan. 10-asrdan aholi o’rtasida xristian dini tarqala boshladi. 13-asrning oxirida Livon ordeni Latviyani bosib olgandan so’ng nemis zodagonlarining iqtisodiy va siyosiy hukmronligi o’rnatildi. Latviyada Germaniyaga xos xo’jalik va siyosiy tashkilotlar joriy qilina boshladi. 14-16-asrlarda Livoniya (Latviya va Estoniyaning nemislar tomonidan zabt etilgan hududlari shunday atalar edi) 3 mayda davlatdan iborat bo’lgan. 17-asrga kelgandagina latish xalqi tashkil topdi. 16-asrda Riga shahri savdo va hunarmandchilik markaziga aylandi. 1558-83 yillardagi Livon urushlari davrida mayda Livon davlatlari tugatildi ( 1560-62). Latviyaning Daugava daryosidan shimoldagi hududi (Zadvin gersogligi) Rech Pospolitaga tobe bo’lib qoldi. Daryoning Janubdagi hududlar Polsha qiroliga qarashli kurlyandiya gersogligiga aylandi. 1600-29 yillardagi Polsha-Shvetsiya urushlari natijasida Latviya vayron bo’ldi. Urushda g’olib chiqqan Shvetsiya Altmark sulhiga ko’ra, Zadvin gersogligining g’arbiy qismini o’ziga qo’shib oldi. Latviyaning Sharqiy qismi (Latgaliya) Rech Pospolita qo’lida qoldi. Latviyaning keyingi taqdirini Shimoliy urush hal qildi. 1710 yil rus qo’shinlari Rigani qamal qildi. 1721 yil Nishtadt sulhi shartiga ko’ra, Shvesiya Vidzemani Rossiyaga berdi. Rossiya imperiyasi tarkibida parchalangan Latviya yerlarini birlashtirish davri boshlandi. 1721 va 1795 yillarda Kurlyandiya gersogligi, Liflyandiya va Vitebsk gubernyalarining bir qismi Rossiyaga o’tdi. 18-asrning 1-yarmi Shimoliy urushda vayron bo’lgan xo’jalikni tiklash davri bo’ldi. Mazkur urushdan so’ng 200 yil mobaynida Latviya tinch hayot kechirdi. 1804 yil dehqonlar to’g’risida maxsus qonun qabul qilinib, unga ko’ra krepostnoylik cheklandi. Lekin bu bilan dehqonlar ahvoli yaxshilanmadi. 1812 yilgi urush ta’sirida dehqonlar harakati avj oldi. Dvoryanlar hokimiyatini saqlab qolish maqsadida Rossiya hukumati 1817-19 yillarda qator islohotlar o’tkazdi, jumladan, dehqonlarga shaxsiy erkinlik berildi. Ular yerni ijaraga olib tashlaydigan bo’lishdi. 19-asr 50-yillarning oxiri va 60-yillarning boshidan korxonalarda mashinalar va bug’ dvigatellari ishlay boshladi. Rossiyadagi ommaviy dehqonlar harakati va 1863— 64 yillarda Polsha va Litvada bo’lib o’tgan qo’zg’olon ta’sirida Rossiya hukumati bir oz yon berishga majbur bo’ldi. Jumladan, krepostnoylik huquqi bekor qilindi, dehqonlarga yer sotib olish hamda erkin ko’chib yurishga ruxsat berildi (1863), barshchina bekor qilindi (1868). Latviya sanoati va tashqi savdosi o’sa boshladi. 20-asr boshlariga kelib, Latviya Rossiya imperiyasining taraqqiyot jihatidan eng rivojlangan o’lkasiga aylandi. 1918 yil 18 noyabrda Latviya Respublikasi e’lon qilindi. 1920 yil 11 avgustda Latviyani Sho’ro Rossiyasi tan oldi va Latviyaga bo’lgan da’volaridan «abadul abad» voz kechganini bildirdi. 1921 yilda Antanta davlatlari ham Latviya Respublikasini tan oldilar. 20 yil mobaynida turmush darajasi, nashr etilgan kitoblar va 1000 kishiga to’g’ri keladigan talabalar soni jihatidan Latviya Yevropa mamlakatlari orasida oldingi o’rinda bo’ldi. 1934 yilda davlat to’ntarishi o’tkazildi, avtoritar tuzum o’rnatildi. 1940 yil iyulida Latviya hududiga sho’ro qo’shinlari kiritildi. O’sha yili 21 iyulda Latviya sho’ro sotsialistik Respublikasi tuzilib, 5 avgustda SSSR tarkibiga qo’shib olindi. 2-jahon urushi yillarida Latviya shiddatli janglar maydoniga aylandi. 1941 yilda nemis-fashist qo’shinlari tomonidan bosib olindi. 1945 yilda ozod qilindi. 1990 yil mayda respublika Oliy Kengashi Latviya mustaqilligini tiklash haqida Deklaratsiya qabul qildi va respublika nomini hozirgi nomga o’zgartirdi. Latviya — 1991 yildan BMT a’zosi. O’zbekiston Respublikasi suverenitetini 1992 yil 22 oktabrda tan oldi va o’sha yili noyab.da diplomatiya munosabatlari o’rnatildi. Milliy bayrami — 18 noyabr — Latviya Respublikasi e’lon qilingan kun (1918). Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari va boshqa jamoat tashkilotlari. Latviya dehqonlar Ittifoqi partiyasi, 1917 yilda asos solingan va 1990 yilda qayta tiklangan; Latviya demokratik partiyasi, 1995 yil «Saym-nieks» demokratik partiyasi sifatida tuzilgan; «Latviyas Tseliy» («Latviya yo’li») partiyasi, 1993 yil tuzilgan; Latviya sotsial-demokratlar birlashmasi, 1998 yilda tashkil etilgan; Xalq partiyasi, 1998 yilda tuzilgan; yangi xristian partiyasi, 1998 yil. Yangi partiya nomi bilan tashkil etilgan, 2001 yil dan hozirgi nomda; Xalq hamjihatligi partiyasi, 1993 yilda tashkil etilgan; «Vatan va ozodlik» birlashmasi (Latviya milliy mustaqilligi yo’lidagi harakat), 1997 yilda tashkil etilgan. Latviya erkin kasaba uyushmalari Ittifoqi, 1990 yilda tuzilgan. Xo’jaligi. Latviya — industrial-agrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulot tarkibida sanoatning ulushi 38,5%, qishloq xo’jaligining ulushi 24,8%. Sanoatida metallsozlik, energetika mashinasozligi, aloqa vositalari ishlab chiqarish, transport va qishloq xo’jalik mashinasozligi, elektrotexnika, radioelektronika, priborsozlik, kimyo va neft kimyosi, yengil va oziq-ovqat, farmatsevtika, parfyumeriya, tsellyuloza-qog’oz sanoati yetakchi tarmoqlardir. Elektr energiya Plyavinyas, Kegums va Riga GESlarida hosil qilinadi (yiliga o’rtacha 5,6 milliard kVt- soat). Liepaya metallurgiya zavodi, turli shaharlarda elektr mashinasozligi, gidrometeorologiya va yarimo’tkazgich priborlari, dizelsozlik, elektropoezdlar, texnologiya uskunalari, elektr lampa, qishloq xo’jalik mashinasozligi, ventilyator, radio, elektr asboblari, vagonsozlik, kema ta’mirlash va boshqa zavodlar bor. Qurilish materiallari sanoatida ko’plab temir-beton konstruktsiyalari, silikat g’isht, drenaj quvurlari, shisha tola zavodlari, uysozlik kombinatlari barpo etilgan. Yengil sanoatda to’qimachilik, tikuvchilik, ko’nchilik va poyabzal tikish tarmoqlari taraqqiy etgan. Rigada ip gazlama kombinatlari, Elgavada to’qimachilik birlashmasi, shoyi to’quv kombinati joylashgan. Ogreda yirik trikotaj kombinati, Liepayada galantereya buyumlari kombinati bor. Oziq-ovqat sanoatining asosiy tarmoqlari: baliq va go’sht-sut. Riga, Elgava, Ekabpils va Valmieradagi go’sht kombinatlari, Preylida pishloq zavodi va Kraslavada quruq sut zavodi qurilgan, meva-konserva va un-yorma kombinatlari bor, aralash yem sanoati rivojlangan. Rigada «Dzintars» parfyumeriya-kosmetika zavodi bor. Keyingi yillarda mamlakat iqtisodiyotini bozor munosabatlari yo’liga moslash, jahon xo’jaligiga qo’shish siyosati o’tkazila boshladi. Qishloq xo’jaligi go’sht va sut chorvachiligiga ixtisoslashgan. Qishloq xo’jalikga yaroqli yerlar 2,5 million gektar, shundan 56,4% haydaladigan yerlar, 32,4% yaylov, 9% pichanzor. G’alla ekinlaridan javdar, bug’doy, arpa, suli ekiladi. Asosiy texnika ekinlari: zig’ir (asosan, sharqida) va qand lavlagi (Janubda). Kartoshka, sabzavot ham yetishtiriladi. Bog’-rezavor mevazorlar bor. Respublikaning g’arbiy qismida asalarichilik rivojlangan. Baliq ovlanadi, norka, kumushrang tulki, oq tulki boqib ko’paytiriladi. 1998 yil ma’lumotlariga qaraganda, xususiy sektor yalpi ichki mahsulotning 63%ni berdi, ish joylarining 68% shu sektor qo’lida. Qurilish, qishloq xo’jalik va sanoat kabi asosiy tarmoqlar mahsuloti mamlakat yalpi ichki mahsulotining taxminan 95% ni tashkil etadi. Temir yo’l uzunligi — 2484 kilometr, avtomobil yo’llari — 24,2 ming kilometr, shu jumladan qattiq qoplamali yo’llar 12 ming kilometr. Dengiz savdo flotining tonnaji 1437 ming tonna dedveyt. Asosiy portlari: Riga, Ventspils, Liepaya. Lielupe va Daugavaning ayrim qismlarida kema qatnaydi. Rigada xalqaro aeroport bor. Tashki savdo sohasida Latviya Yevropa mamlakatlari va MDH mamlakatlari bilan hamkorlik qiladi. Latviya chetga mashinasozlik, yengil, oziq- ovqat sanoat mahsulotlari chiqaradi, chetdan mashina va elektr jihozlari, kimeviy mahsulotlar, transport vositalari, to’qimachilik buyumlari oladi. Pul birligi — lat. Tibbiy xizmati. Davlat shifoxonalaridan tashqari xususiy kasalxonalar ham bor. Vrachlar xususiy tarzda ham bemorlarni qabul qilib, davolaydi. Shifokorlar Riga tibbiyot institutida va chet ellarda tayyorlanadi. Yurmala, Segulda, Liepaya, Kemeri, Baldone kurortlari mashhur. Maorifi, ilmiy va madaniy-ma’rifiy muassasalari. Latviyada dastlabki maktab 1211 yilda ochilgan. 16-asrning 2-yarmida latish aholisi uchun maorif tizimi yaratilgan. Hozirgi paytda Latviyada umumiy majburiy to’liqsiz ta’lim amalga oshirilgan, umumiy o’rta ta’lim joriy etilgan. Mustaqillik yillarida butun ta’lim sohasini isloh qilishga kirishildi. Natijada oliy o’quv yurtlaridagi talabalar soni 1990/91 o’quv yilidagi 46 ming kishidan 1997/ 98 o’quv yilida 65 ming kishiga yetdi, 1998/99 o’quv yilida yana 5% ko’paydi. Yirik oliy o’quv yurtlari: Latviya universiteti, Riga texnika universiteti, Qishloq xo’jalik akademiyasi, tibbiyot akademiyasi, Riga aviatsiya universiteti va boshqalar. O’rmon xo’jaligi muommolari ilmiy tadqiqot instituti, fuqaro aviatsiyasini boshqarish avtomat tizimlari ilmiy tadqiqot markazi, dengiz geologiyasi va geofizikasi instituti, yengil sanoat ilmiy tadqiqot instituti va boshqa ilmiy muassasalar bor. Latviya Fanlar Akademiyasi faoliyat ko’rsatadi. Latviyada kutubxonalar, teatrlar, tsirk, filarmoniya, madaniyat uylari mavjud. Latviya tarixi muzeyi, Latviya badiiy muzeyi, shahar tarixi va dengiz sayyohligi muzeyi, adabiyot va san’at tarixi muzeyi, tibbiyot tarixi muzeyi, tabiat muzeyi, etnografiya muzeyi va boshqalar bor. Matbuoti, radioeshittirishi va teleko’rsatuvi. Latviyada nashr etiladigan asosiy gazetalar: «Panorama Latvii», («Latviya manzarasi», rus tilidagi kundalik gazeta, 1991 yildan), «Diena» («kun», latish tilidagi kundalik gazeta, 1990 yildan), «Latviyas zeme» («Latviya yeri», latish tilidagi haftalik gazeta, 1989 yildan), «Latviya yaunatne» («Latviya yoshlari», latish tilidagi kundalik gazeta, 1990 yildan), «Rigas balss» («Riga ovozi» latish va rus tillaridagi kechki kundalik gazeta, 1957 yildan), «Tevzemes avize» («Vatan gazetasi», latish tilidagi haftalik gazeta, 1990 yildan). Latviya telegraf agentligi (leta) mustaqil axborot agentligi bo’lib, 1989 yilda Latinform axborot agentligi negizida tuzilgan. Latviya radio va televideniyesi, teleradioeshittirish davlat qo’mitasi, 1992 yilda tashkil etilgan; Latviya mustaqil televideniyesi, 1996 yilda tuzilgan; Latviya Davlat radiosi, 1925 yil asos solingan; Latviya davlat televideniyesi, 1954 yil tashkil etilgan. Adabiyoti. Latish milliy adabiyoti 19-asr o’rtalaridan rivojlana boshladi. Latish adabiyoti o’zining bevosita qadimgi va boy folklor an’analari (xalq qo’shiqlari, afsona va ertaklar) ta’sirida ravnaq topdi. Folklorchi Kr. Baron latish xalq qo’shiqlarining 6 jildligini (1894— 1915) tuzdi. Yu. A. Alunan «Qo’shiqlar» (1856) kitobini yaratdi. Xalq romantizmi vakillari — Auseklis (M. Krogzemis), A. Pumpur ijodlarida ko’proq milliy ozodlik g’oyalari tasvirlangan. 70-yillarda dramaturgiya vujudga keldi. A. Alukar pyesalari mashhur bo’ldi. 19-asr oxirgi choragida realistik oqim yoyildi (aka-uka Matis va Reynis Kaudzitlar, R. Blaumanis asarlari). Ya. Raynis, E. Veydenbaum kabi shoirlarning asarlari keng tarqaldi. R. Blaumanisning «bahorgi ayoz», «Andrikson» kabi novellalari, «Oqpadar», «o’tda» va boshqa dramalarida dehqonlar hayoti va ijtimoiy muammolar o’z ifodasini topgan. 1905-07 yillardagi inqilob latish adabiyotiga katta ta’sir ko’rsatdi. Bu davrda Ya. Raynis asarlari o’zining chuqur g’oyaviyligi va dolzarbligi bilan shuhrat qozondi. Uning «o’t va tun» pyesasida latish xalqining ozodlik uchun olib borgan mardona kurashi o’z aksini topgan. Adibning «Indulis va Ariya», «Iosif va uning aka-ukalari» kabi qator asarlari o’zining Yangi uslub, chuqur falsafiy teranligi bilan kitobxonlarni rom etdi. A. Upitning «Burjua», «Ayollar», «Oltin» kabi qissa va romanlari nashr etildi. 2-jahon urushi yillarida ko’proq poeziya rivojlandi (V. Luke, A. Grigulis, Yu. Vanag va boshqalar). A. Upitning «Spartak» pyesasi va «ko’kalamzor yerlar» romani shuhrat qozondi. Urushdan keying yillarda V. Lasis, A. Sakse, M. Kempe, J. Griva, Ya. Grant, I. Ziedonis, A. Veyan, Z. Skuin, E. Live va boshqa barakali ijod qildilar. Me’morligi. Latviya hududida miloddan avvalgi 1-ming yillikda urug’ jamoalarining mustahkamlangan cho’ziq doirasimon va to’g’ri burchakli turar joylari bo’lgan. 12-asrning oxirlarigacha yog’ochdan, keyin esa, ko’pincha, toshdan uylar qurilib, shahar tipidagi manzilgohlar vujudga kelgan. Qo’rg’onlar (13— 14-asrlardan boshlab), ibodatxonalar, Rigada ratusha qurilgan. 16-asrning 2-yarmida va 17-asrning 1-yarmida Latviya me’morligida Niderlandiya me’morligining ta’siri kuchli bo’ldi: gotika an’analari keyingi Uyg’onish davri me’morligi bilan uyg’unlashgani ko’zga tashlanadi. 17-asrning 2-yarmida barokko uslubi ustunlikni egalladi (Rigadagi Peter cherkovi, 1689-94). Klassisizm hukmronligi yillarida (18-asrning so’nggi choragi va 19-asrning 1-yarmi) bog’ o’rtasiga qurilgan saroy majmualari vujudga keldi (elgavadagi saroy, 1738— 40, me’mor V. V. Rastrelli). 19-asrdan boshlab Latviya me’morligi rus klassisizmi ruhida rivojlandi. 2-jahon urushidan so’ng vayron qilingan shaharlar tiklandi va yangilari qurila boshladi. 60-80-yillarda Rigadagi Agenskaln qarag’ayzori, katta Yugla uy-joy majmualari, temir yo’l vokzali, Dzintaridagi kontsert zali va boshqa binolar o’ziga xos mahalliy loyihalar asosida barpo etildi. Interyerlarni bezashda yog’och, koshin, metall, vitrajdan foydalanildi. Tasviriy san’ati. Latviya hududidan topilgan eng qadimgi san’at yodgorliklari miloddan avvalgi 5-ming yillikka mansub (suyakdan ishlangan dastasiga hayvonlar tasviri ishlangan xanjar). 13-19-asrlarda Latviya. tasviriy san’ati G’arbiy Yevropa san’ati bilan yaqin hamkorlikda rivojlandi. Ayniqsa, yog’ochdan haykallar ishlash keng tarqaldi. Latish milliy tasviriy san’ati maktabi vujudga keldi. 20-asrning dastlabki yillaridan grafika rivoj topa boshladi. T. Zalkaln, G. Shkilter kabi haykaltaroshlar hayot manzaralarini haqqoniy tasvirlashga intildilar. 1920-30 yillarda plakatlar muhim o’rin egalladi. 1920 yilda badiiy akademiya ochildi. 20-asr 2-yarmida san’atda zamondoshlarning obrazlari ishonarli ta’sirchan aks ettirildi. Rassomlardan B. Berzin, R. Valnere, I. Zarin, E. Iltner, R. Bem, haykaltaroshlardan Ya. Zarin, V. Alberg, L. Lange va boshqalar mashhur. Xalq amaliy san’atida o’ymakorlik, yog’ochni kuydirib tasvir ishlash, kulollik, badiiy to’qimachilik rivojlangan. Yog’och o’ymakorligi, charmga qolip yordamida bosib tasvir ishlash, kahrabodan buyumlar yasash, metallga zarb berib tasvirlar tushirish borasida latish san’atkorlari va hunarmandlari ko’rgazmalarda muvaffaqiyat bilan qatnashadi. Musiqasi rang-barang va o’ziga xos bo’lib, asosan, mehnat taronalari, oilaviy marosim, xor va raqs qo’shiqlari turkumidan iborat. 16-asr oxirlarida cherkov qo’shiqlari matnlari nashr qilindi. 17 – va 18-asr boshlarida Elgavada orkestr vujudga keldi; 18-asrdan Rigada organ chalish san’ati ravnaq topdi. 1760 yil Riga musiqa jamiyatiga asos solindi. 1782 yil nemis opera-drama teatri ochildi. 19- asr o’rtalarida «yosh latishlar» harakati ta’sirida professional musiqali xor rivojlandi va qo’shiqchilar jamiyati vujudga keldi. Latish klassik musiqasining asoschilari — A. Yuryan, Ya. Vitol milliy kompozitorlar maktabini yaratdilar. 1912 yil tashkil topgan latish opera teatri 1919 yil davlat opera teatriga aylantirilib, dastlabki milliy operalar ( «O’t va tun», «Banyuta») vujudga keldi. 1919 yil Latviya konservatoriyasiga asos solindi. 1926 yil Latviya radiosining simfonik orkestri tashkil etildi. 1940-41 yillari musiqali teatrlar, opera va balet teatri qayta tuzildi. 1941 yil Latviya davlat filarmoniyasi ochildi. Nemis fashistlari okkupatsiyasi davrida latish musiqa san’atiga qattiq shikast yetkazildi. 2-jahon urushidan keyin musiqa san’ati yana rivojlana boshladi. Simfoniya (O. Barskov, E. Goldshteyn, O. Gravitis, P. Dambis va boshqalar), kamer cholg’u musiqasi (E. Graubinya, R. Ermak, Ya. Kepitis, V. Utkin va boshqalar), estrada (R. Paul, G. Raman, R. Pauls va boshqalar) ravnaq topdi. Musiqa madaniyatini keng targ’ib qilish maqsadida maxsus jurnallar, to’plamlar muntazam nashr etiladi. 1905-07 yillarda Riga grammofon firmalari To’ychi Hofiz, Levicha Hofiz, Hamroqul qori va boshqa xonandalar ijrosida o’zbek musiqa merosi namunalarini plastinkalarga yozib olgan. O’zbekistonda latish, Latviyada o’zbek musiqa kunlari o’tkazib kelinadi. Teatri. Latish xalq ijodining qadimgi an’analari mehnat jarayoni, urf-odat marosimlari bilan chambarchas bog’liq. Xususan, to’y marosimlarida nikrbli o’yinlar odat tusiga kirib qolgan. 16— 17-asrlarda Rigada lotin tilida drama maktablari, 18-asrning 60-yillarida nemis truppasi va 19-asrning 50-yillarida rus teatri tashkil etildi. 19-asr boshlarida latish tilida birinchi spektakllar qo’yildi. 1868 yilda dastlabki havaskorlar truppasi tashkil etildi, uning negizida birinchi professional Riga latish teatri (1870-1918) vujudga keldi. Unga milliy dramaturgiyaning asoschisi A. Alunan rahbarlik qildi. 1902 yilda yangi Riga teatriga asos solindi, uning sahnasida Ya. Raynis pyesalari o’ynaldi (bu teatr 1905 yilda yopildi). 20-asrning 20-30-yillarida E. Similgis, Ya. Zarin kabi teatr arboblari ilg’or demokratik sahna an’analarini davom ettirishdi. Keyingi yillarda A. Amtman-Briedit, V. Balyunay, Ya. Yaunushan, A. Linin kabi rejissyorlar latish va jahon dramaturgiyasining eng yaxshi asarlarini sahnaga qo’ydilar. Mashhur aktyorlari: Ya. Osis, A. Klints, L. Eriki, J. Katlapa, L. Berzin, E. Radzin, E. Pavuls va boshqalar. Latviyada 7 ta teatr bor. Kinosi. Latviyada kino ishlab chiqarish 1910-11 yillardan boshlangan. Dastlab voqeiy hujjatli filmlar ishlab chiqarilgan. 1913 yil «Haqiqat qayerda?» badiiy filmi yaratildi, 20-yillarda xususiy filmlar suratga olindi, 1939 yil ishlangan «Baliqchi o’g’li» filmi latish kinematografiyasining birinchi yutug’i hisoblanadi. 2-jahon urushidan so’ng latish milliy kino san’ati ravnaq topdi. «G’alaba bilan qaytish», «Raynis» kabi badiiy va tarixiy biografik filmlar yaratildi. 50-60-yillarda «bahorgi ayoz», «yangi sohilga», «bo’ron», «qilich va atirgul» kabi badiiy filmlar ekranlashtirildi. So’nggi yillarda Riga kinostudiyasida xilma-xil mavzu va janrlarda rang-barang kartinalar yaratildi («Edgar va Kristina», «o’lim soyasida», «Suvdagi sho’la», «Esaber, shabada!»va boshqalar). O’zbekiston — Latviya munosabatlari. Ikki mamlakatning yangi sharoitdagi o’zaro hamkorligini yo’lga qo’yish uchun avvalo huquqiy negiz yaratish lozim edi. O’zbekiston Prezidenti I. Karimovning 1995 yil Latviya Respublikasiga tashrifi va Latviya Prezidentining 1996 yil O’zbekiston Respublikasiga tashrifi chog’ida, ikkala mamlakat vazirlarining o’zaro safarlari vaqtida turli sohalarda hamkorlik qilish haqida bitimlar imzolandi. O’zbekiston — Latviya hukumatlararo savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik komissiyasining Majlislarida muhim masalalar hal etiladi. Bu ishlarning natijasida O’zbekiston Respublikasi bilan Latviya o’rtasidagi tovar aylanmasi sanoat va qishloq xo’jaligining turli tarmoqlarida muttasil ortib bordi. Chunonchi, 1994 yilda tovar aylanmasi 13 million 165 ming, 1995 yilda 18 million 790,5 ming, 1996 yilda 26 million 123,4 ming, 1997 yilda 54 million 183,6 ming, 2000 yilda 133,1 million. AQSh dollarini tashkil etdi. O’zbekisto Respublikasidan Latviyaga paxta tolasi, organik kimyoviy birikmalar, shoyi, meva va sabzavotni qayta ishlash mahsulotlari, gazlama va kalava ip yuborilsa, u yerdan qand-shakar va qandolat, qora metalldan yasalgan buyumlar, transport vositalari, bug’qozonlari, mexanik uskunalar, qog’oz va karton, trikotaj kiyimlar, elektr asbob-uskunalari, noorganik kimyo mahsulotlari, kauchuk va rezina buyumlar, kofe, choy, un, mebel va boshqa mollar olinadi. Bundan tashqari, O’zbekiston tovarlarini G’arbiy Yevropa mamlakatlariga yuborish uchun Latviya portlaridan foydalaniladi. Mamlakatlarning ayrim tashkilotlari o’rtasida o’zaro manfaatli aloqalar o’rnatilgan. Jumladan, dori-darmon yetkazib berish, sayyohlarni kutib olish va ularga xizmat ko’rsatish haqida kelishuvga erishilgan. «O’zbekiston havo yo’llari» va «Boltik Eyrlaynz» kompaniyalari hamkorlik haqida bitim imzoladilar. O’zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki Latviyaning «kapital bank», «Pareks bank», «rietumi bank», «Lateko bank», «bank Lend», «Saules bank», Riga tijorat banki bilan vakillik munosabatlari o’rnatgan. «O’zbekmebel» aktsiyadorlik jamiyati, O’zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar agentligining tashqi savdo birlashmalari, «O’zmarkazimpeks» birlashmasi Latviyadagi turdosh tashkilotlar bilan amaliy hamkorlik va savdo-sotiq qilish haqida kelishib olgan. «O’ztashqitrans» birlashmasi 1992 yildan boshlab Riga, Venspils, Liepaya portlari va temir yo’l orqali 800 ming tonnadan ko’proq turli yuklar: paxta tolasi, burdoy, qand- shakar, kartoshka, yog’, mis, rux kabilarni tashidi. O’zbekistonda latviyalik investorlar ishtirokidagi 10 ta va Latviya kapitali 100% bo’lgan 1 ta korxona ro’yxatga olingan. Ularning asosiy faoliyat sohasi elektron, radio aloqa vositalari, umumiy mashinasozlik buyumlari, kiyim-kechak, mebel, shoyi ishlab chiqarish, dorixonalar xizmati, marketing tadqiqotlari o’tkazish, o’zaro sarmoya sarflanishini rag’batlantirish va himoya qilishdan iborat. O’zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligida Latviyaning 3 firmasi vakolatxonalari rasmiylashtirilgan.