Lavanda

Lavanda (Lavandula) — labguldoshlilar oilasiga mansub buta yoki doim yashil chala butalar turkumi, efir moyli ekin. O’rta dengiz sohillarida 25 dan ortiq turi uchraydi. Asosan, Frantsiya, Italiya, Ispaniya, Vengriya, Moldaviya, Qrim, Rossiyaning Krasnodar o’lkasida ensiz bargli Lavanda (L. angustifolia) turi yetishtiriladi. Lavandaning yangi to’pgulida 1,2 — 2,3% efir moyi mavjud. Parfyumeriya, oziq-ovqat sanoati, tibbiyotda qo’llaniladi. Lavanda yorug’sevar, qurg’oqchilikka chidamli, issiqsevar o’simlik, 30° sovuqqa chidaydi. Qalamchasidan ko’paytiriladi. Ildizi 40-50 ta uzun ipsimon ildizchalardan iborat. Tuproqqa 2 metr chuqur kirib boradi. Sershox, bir tupida 400-800 ta poya hosil qiladi. Mevasi qo’shaloq, 4 ta yong’oqchadan iborat, rangi sariq — jigarrang. Ekilgan ko’chatlardan 2-yildan boshlab 20-25 yilgacha hosil olinadi. Har 6-7 yilda lavandazorlar yoshartiriladi.