Lavlagi

Lavlagi (Beta) — sho’radoshlar oilasiga mansub bir, ikki yillik o’tsimon o’simliklar turkumi; sabzavot, xashaki, shakarli ekin. 16 turi bor. O’rta Yer dengizi atroflarida, Osiyo, Zakavkaze, Hindiston, Frantsiya, shuningdek, Buyuk Britaniya, Skandinaviya mamlakatlarida tarqalgan. Dehqonchilikda osh Lavlagi, xashaki Lavlagi, va qand Lavlagiga bo’linadigan oddiy Lavlagi (V. vulgaris) turi va qand Lavlagining tur xili bo’lgan bargli Lavlagi (yoki Mangold Lavlagi — Betacica — ovqatga bargi yoki barg bandi ishlatiladi) ekiladi. Yovvoyi Lavlagi qadim zamonlardan ovqatga ishlatib kelingan. Miloddan avvalgi 2-1-ming yillikda bargli Lavlagi madaniylashtirilgan. Milodiy boshlarida madaniy ildizmevali shakllari ekila boshladi. 18-asrda xashaki Lavlagining duragaylaridan qand Lavlagi yaratilgan. 19-asr oxiri va 20-asrda bu ekin barcha qit’alarga tarqaldi. Osh lavlagi — qizil Lavlagi, qizilcha, sabzavot Lavlagi — ekilgandan so’ng birinchi yili 0,4—0,9 kilogramm kattalikda ildiz-meva va barg to’plami hosil qiladi. Namsevar va yorug’sevar o’simlik, sovuqqa, qurg’oqchilikka chidamli. Barcha dehqonchilik mintaqalarida ekiladi. O’zbekistonda Bordo — 237, Bikoress (2002 y.dan), Ros va boshqa navlar rayonlashtirilgan. Hosildorligi 300-400 ts/ga va undan yuqori. Xashaki Lavlagi — birinchi yili 10— 12 kilogrammlik ildizmeva va bargto’plami hosil qiladi. Shirali ozuqa sifatida chorva mollariga beriladi. 100 kilogramm ildizmevada 12,2 ozuqa birligi va 0,9 kilogramm hazm bo’luvchi protein, 100 kilogramm bargida 10,2 ozuqa birligi va 1,8 kilogramm hazm bo’luvchi protein mavjud. Xashaki Lavlagi namga talabchan, yorug’sevar, sovuqqa chidamli. Amerika (AQSh, Kanada, Braziliya), yangi Zelandiya, Afrika (Jazoir, Tunis), Yevropa, shu jumladan, Belorussiya, Ukraina, Boltiqbo’yi mamlakatlarida ko’p ekiladi. Hosildorligi 300-400 ts/ga. Qand Lavlagi — qand-shakar sanoati xom ashyosi. Chiqindilari chorva mollariga yem (melassa va o’g’it) sifatida ishlatiladi. Ekilgan yili tarkibida 14— 20% (ba’zida 24% gacha) qand bo’lgan ildiz-meva (o’rtacha og’irligi 300-600 gramm) beradi. Qand Lavlagi issiqsevar va namsevar, qurg’oqchilikka chidamli. Urug’i unib chiqishi uchun harorat 10-12°, yaxshi rivojlanishi uchun 20-22° bo’lishi lozim. -4, -5° da nobud bo’ladi. Qand Lavlagi AQSh, Rossiya, Ukraina, Qozog’iston, O’zbekistonda 20-asrning 40-yillarda va 90-yillar boshidan (Xorazm viloyati va Qoraqalpog’iston Respublikasida) yetishtiriladi. Jahon bo’yicha qand Lavlagi yalpi ekin maydonlari 6,7 million gektar, o’rtacha hosildorlik 392 ts/ga, yalpi hosili 263 million tonna (1999). Hosildorligi intensiv texnologiyada parvarish qilinganda 350-400 ts/ga. Keng qatorlab yoki Punktir usulida ekiladi. Parvarish yaganalash, chopiq, oziqlantirish, sug’orishdan iborat. O’zbekistonda Astro, Sado, Romeo, Eldona va boshqa navlari ekiladi. Kasalliklari : tserkosporoz, kul, nematoda kasalliklari. Zararkunandalari: Lavlagi uzunburuni, shiralar, Lavlagi parvonasi, tunlamlar, kemiruvchi tunlamlar, dala parvonasi, Lavlagi pashshasi, Lavlagi poyaxo’rlari. Zararkunanda hasharotlar va kasalliklarga qarshi kurash choralari: agrotexnika chora-tadbirlariga amal qilish, qator oralariga ishlov berish, begona o’tlarning o’sishiga yo’l qo’ymaslik, zararkunandalarning tuxumlariga qarshi trixogramma, qurtlariga qarshi esa brakon, shiralarga qarshi oltinko’zlar lichinkalarini qo’llash. Kimyoviy dorilardan zolon (30% namlanadigan kukun) — 3,0—3,7 kg/ga, bi-58 (0,5-1,0 l/ga), desis (0,25-0,5 l/ga), saraton shiralarga qarshi malfos — 0,6—0,8 l/ga va qandalalar, kovaklovchi pashsha, kuyalarga qarshi 1,0—1,2 l/ga, omayt — 1,0 l/ga, ildizqirqar tunlamlarga qarshi tsiraks — 0,4 l/ga o’suv davrida purkaladi. Ad.: Petrov V. A., Borzakovskiy I. V., Uchebnaya kniga sveklovoda, M., 1985. Botir Azimov, Zuhra Saidova.