Legnisa jangi
Legnisa jangi -Botuxon bilan salibchilar o’rtasida Legnisa shahri (Polsha) yaqinida bo’lib o’tgan jang (1241 yil 9 aprel). Mo’g’ullarning Sharqiy Yevropaga bosqinchilik yurishi davrida Botuxon boshchiligidagi mo’g’ul qo’shini Krakov shahrini egallab, unga o’t qo’ygan, so’ngra Oder daryosidan o’tib, Legnisa yaqinida sileziya gersogi Genrix boshchiligidagi nemis salibchilari, sileziyaliklar, Tevton ordeni ritsarlari hamda polyaklardan iborat 30 ming kishilik lashkarlarga duch kelgan. 1241 yil 9 apreldagi jangda salibchilar mo’g’ullarning ataylab chekinayotgan avang’origa birinchi bo’lib hujum qiladilar. Qo’pol qurollangan bu piyodalar asosiy qo’shindan uzoqlashgandan so’ng mo’g’ullar ularni qurshab olib, qirib tashlaydi. Salibchilarga madad uchun borayotgan polyak va sileziyaliklar otryadi qochishga majbur bo’ladi. Tevton ordeni risarlari jangni davom ettirishga urinib ko’radi, ammo boy berilgan jangni tiklash uchun kuchlar kamlik qiladi. Birlashgan xristian armiyasi katta talafot ko’rgan. Legnisa atrofini vayron qilgan mo’g’ullar Ratibor shahriga qarab yurib, u yerdan Moraviyaga bostirib kiradilar.