Leonardo da Vinchi

Leonardo da Vinchi (Leonardo da Vinci, 1452.15.4, Vinchi, Florentsiya yaqinida — 1519.2.5, Turen, Frantsiya) — italiyalik rassom, haykaltarosh va olim; Uyg’onish davrining yirik namoyandasi. A. Verrokkodan ta’lim olgan (1467— 72). Leonardo da Vinchi o’z davrining insonparvarlik g’oyalariga javob beradigan mukammal inson qiyofasini yaratdi; ilk asarlaridayoq mayin nur-soya vositasida shaklning oquvchan hajmini ko’rsatdi. Asarlarida diniy mazmunni xilma-xil insoniy hissiyotlar ko’zgusiga aylantiradi. Hisobsiz kuzatishlari natijalarini turli usullarda bajarilgan chizgilarida muhrlagan. Ayniqsa, yuz ifodasini berishda katta mahoratga erishdi. Ba’zan tashki ko’rinish (yuzdagi zo’rg’a ilg’ab olinadigan tabassum) bilan odamlar chehrasini jonlantirib, ularning ichki dunyosi (nozik ko’ngil holati)ni ifodalaydi: «Madonna Benua» (taxminan 1478), «Qoyadagi Madonna» (1483-94, 2-nusxasi 1497-1511), «maxfiy kechalar» devoriy rasmi (1495-97), «Angyari jangi» (1503-06), «Mona Liza» («Jokonda» nomi bilan mashhur, taxminan 1503), «Ioann Krestitel» (taxminan 1513-17); dunyo halokati ifodalangan «toshqin» rasmlar turkumi (taxminan 1514— 16)da tabiatning dahshatli ofatlari oldida insonning ojizligi, tabiiy jarayonlarning takrorlanishini aqliy tasavvuri bilan uyg’unlashtiradi. Leonardo da Vinchi dunyoqarashini o’rganishda uning yon daftari va qo’lyozmalari (taxminan 7 ming varaq), shogirdlaridan F. Meltsi tomonidan uning yozmalari asosida tuzilgan «rangtasvir haqida risola»si Yevropa amaliyoti va nazariyasiga ta’sir ko’rsatgan muhim manbadir. Me’mor sifatida Leonardo da Vinchi «ideal» shahar va gumbazli ibodatxonaning turli xil loyihalarini ishlab chiqdi. Olim va muhandis sifatida o’z davri fanining barcha sohalarini boyitdi, ayniqsa, e’tiborni mexanikaga qaratdi. Yaratishga bo’lgan ehtiros uni o’z davridan ilgarilab ketishiga olib keldi: yer kavlaydigan mashina, uchish apparatlari, suv osti kemasi, bosma, to’quvchilik va boshqa dastgohlar loyihalari shular jumlasidan.