Leonkavallo Rujero

Leonkavallo Rujero (1857.25.4, Neapol — 1919.9.8, Florentsiya yonidagi Montekatini) – italyan kompozitori, musiqiy verizm asoschilaridan. Neapol konservatoriyasi, Bolonya universitetida ta’lim olgan. Bolonya universiteti doktori (1878). Hayotni haqqoniy ifodalashga yo’naltirilgan verizm uslubida 20 dan ziyod opera yaratgan: «Bogema» (1897, «Lotin kvartali hayoti» nomida ham qo’yilgan), «Zaza» (1900), «lo’lilar» (1912) va boshqalar. «Masxarabozlar» («Payatslar», 1892) operasi oddiy odamlar kechinmalarining yorqin ifodalanishi, keskin dramatik rivoji, musiqiy vositalar hamda kuylarning ta’sirchanligi bilan qimmatli bo’lib, musiqa verizmining ibratli namunasiga aylangan. «Malbruk», «Atirgul qirolichasi» kabi operettalar, «qo’g’irchoq hayoti» baleti, simfonik va kamer asarlar ham yaratgan. «Masxarabozlar» operasi Navoiy teatrining repertuaridan doimiy o’rin olgan.