Lesinlar
Lesinlar (Yunoncha lekithos — tuxum sarig’i), fosfatidilxolinlar — fosfolipidlarning asosiy fraktsiyalaridan biri, xolin va digliserid fosfat (fosfatid) kislotalarning efirlari. Lesinlar molekulalari gliserin, yog’ kislotalari (asosan, stearin, palmitin, olein va linol), fosfat kislota va xolin qoldiqlaridan tuzilgan. Gigroskopik, spirtda, etil va petroley efirlarida yaxshi eriydi, atsetonda erimaydi. Jonivorlar organizmida (jigar, sperma, qon, buyrak usti bezi, tuxum sarig’ida) va o’simliklarda (soya va kungaboqar urug’ida, bug’doy boshog’ida) mavjud. Lesinlarning organizmdagi asosiy funktsiyasi — biologik membranalar tuzilishida ishtirok etishi. Bir qator Lesinlar sintez qilingan. Tibbiyotda qoramol miyasidan ekstraktsiya yo’li bilan olinadigan Tserebrolesitin ko’p qo’llaniladi. Nerv sistemasi kasalliklarida, umumiy holsizlanishda, anemiyada ichiladi. Lesinlar oziq-ovqat, to’qimachilik va atir-upa ishlab chiqarish sanoatida ham ishlatiladi.