Leushin Nikolay Petrovich
Leushin Nikolay Petrovich (1907.16.5, Samara viloyati — 1986.7.4, Toshkent) — grafik rassom, plakat va karikatura ustasi. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1968). Ijodini 1925 yil Vladivostokda boshlagan. 1953 yildan O’zbekistonda «Mushtum» jurnalida rassom (1953-58), bosh rassom (1958-66), O’zbekiston matbuot davlat qo’mitasi bosh rassomi (1966-70). Leushin asarlari kompozitsiyasi aniq va lo’nda, tasviriy shakl sodda va yaxlit bo’lib, ijtimoiy, axloqiy, xo’jalik va hayotdagi boshqa nuqsonlarni fosh etishga, tinchlik va xalqlar do’stligi dushmanlari siyosatini qoralashga qaratilgan. Asarlari «Mushtum» jurnali («40 zarba», 1963) va boshqalar vaqtli matbuotda, «jangovar qalam» agitplakatida bosilgan. Kitoblarni badiiy bezagan (Nishotiyning «Husnu dil» dostoni), Muqimiy she’rlariga rasmlar (1968, Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyida) ishlagan.