Levina Hofiz, Boboxonov Levi

Levina Hofiz, Boboxonov Levi (1873, Buxoro — 1926, Samarqand) — atoqli Hofiz. Millati Buxoro yahudiylaridan. Hofizlik san’atini buxorolik Borux va Yuno Ismoilovlar, chorjo’ylik Hojixon Hofiz, keyinchalik Ota Jalol Nosirov kabi ustoz san’atkorlardan o’rgangan. Maqom yo’llarini tanbur va doira jo’rnavozligida o’ziga xos uslubda mayorat bilan ijro etgan. Diapazoni keng, tiniq va yoqimli ovozi bilan shinavandalarni maftun qilgan. Levina Hofiz 1890-yillardan boshlab Buxoro amiri saroyida xizmat qilgan. 1909— 11 yillarda Riganing mashhur «Pishutshiy Amur» grammofon firmasi uning ijrosidagi Talqini Sabo, Nasri Ushshoq, Navro’zi Sabo, Ushshoqi Qo’qand, Ufari Mo’g’ulchai Segoh va boshqa asarlarni gramplastinkaga yozib olgan. 1921-23 yillarda Levina Hofiz Buxoro Sharq musiqa maktabida dars bergan. 1923 yilda Samarqandga ko’chib kelib, badiiy havaskorlik to’garaklariga rahbarlik qilgan. Shogirdlaridan Sh. Sohibov, B. Zirkiev, M. Tolmasov va boshqalar tanilgan. Levina Hofizning ijro an’analarining davomchisi o’g’li Mushe Boboxonov (1910 — Buxoro -1983) — maqomchi-xonanda va sozanda (tanbur, doira). O’zbekiston xalq hofizi (1934). Buxoro musiqa bilim yurtida dars bergan (1931 yildan). Nevarasi ari Boboxonov (1934, Buxoro) — sozanda (rubob, tanbur). Ad.: Xaimov E., Levina Hofiz. Hayoti va ijodi haqida, T., 1975.