Leykositlar
Leykositlar (leyko… va Yunoncha Cytus — hujayra), oq qon tanachalari — odam va hayvonlar qonidagi rangsiz hujayralar; qonning yadroli shaklli elementlari. Yadrosining shakli har xil, shunga ko’ra, tayoqcha yadroli, segment yadroli va monositlarga ajratiladi. Leykositlar ko’mik, limfa tugunlari va taloqda hosil bo’ladi. Donali Leykositlar (granulositlar) va donasiz Leykositlar (agranulositlar) farq qilinadi. Qonni tekshirganda Leykositlarning bo’yalish xususiyatiga qarab, ularni eozinofillar (kislotali bo’yoq—eozin bilan bo’yaladi), bazofillar (asosli bo’yoq — metilen ko’ki bilan bo’yaladi) va neytrofillarga (neytral bo’yoqlar bilan bo’yaladi) bo’linadi, ularning har biri ma’lum bir funktsiyani bajaradi. Leykositlar qon tomir o’zanidan chiqib hujayralararo bo’shlikda o’zicha harakat qila oladi. Ular organizmning yot jismlar kirgan joyiga etib kelib, mikroorganizmga yaqinlashgach, soxta oyoqlar chiqarib, uni hamma tomondan o’rab oladi va yutib yuboradi. Organizmni mikroorganizmlardan himoya qilishda qon yaratuvchi a’zolarning roli katta, bu vaqtda ular ko’plab leykosit ishlab chiqaradi. Fagositozda faqat Leykositlargina emas, balki organizmdagi boshqa hujayralar ham ishtirok etadi. Bunday qujayralar makrofaglar deyiladi. Leykositlar, makrofaglar, qon va to’qimalardagi boshqa faol moddalar faqat bakteriyalar hamda kasallik qo’zg’atuvchi agentlarni yutib yubormay, balki organizmni jarohat yoki kasallik tufayli nobud bo’lgan hujayralardan, toksinlardan ham tozalaydi. Shuning uchun turli kasalliklarda qonda Leykositlar soni anchaoshib ketadi. 1 mkl qonda, odatda, 4000-9000 leykosit bo’ladi. Ular soni kun bo’yi o’zgarib turadi, masalan, ertalab Leykositlar kam bo’lsa, tushdan keyin ko’payadi. Leykositlarning ayrim turlari prosent jihatdan muayyan nisbatda bo’ladi (ahyonda o’zgarishi ham mumkin), bu nisbat leykositar formula deb ataladi. Leykositlar sonining ortib ketishi (9000 dan ortiq) leykositoz, kamayishi (4000 dan kam) leykopeniya deyiladi. Limfotsitlar va monositlar ham Leykositlarning bir turi—agranulositlarga (donasiz Leykositlarga) kiradi. Immunitet vujudga kelishida limfositlarning roli katta; ular toksinlarni zararsizlantiradi va antitelolar hosil bo’lishida qatnashadi.