Liberiya (Liberia), Liberiya Respublikasi

Liberiya (Liberia), Liberiya Respublikasi (Republic of Liberia) — G’arbiy Afrikadagi davlat. Maydoni 111,4 ming km2. Aholisi 3,2 million kishi (2001). Poytaxti — Monroviya shahri. Ma’muriy jihatdan 14 graflik (country) va 4 hudud (territory) ga bo’linadi. Davlat tuzumi. Liberiya — respublika. Amaldagi Konstitutsiyasi 1986 yil qabul qilingan. Davlat va hukumat boshlig’i — prezident (1997 yil 2 avgustdan Ch. Teylor). U umumiy to’g’ri va yashirin ovoz berish yo’li bilan 6 yil muddatga saylanadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyat — parlament 2 palatadan iborat: vakillar palatasi va senat. Tabiati. Sohili birmuncha parchalangan pasttekislik, ko’p joylarida tokembriy kristalli zamini yer yuziga chiqib yotadi. Yer yuzasi mamlakat ichkarisiga tomon balandlashib, Leon-Liberiya qiriga ulanib ketadi. Eng baland joyi 1381 metr (Kolaxun tog’i). Temir, olmos, oltin, boksit, grafit, marganes, uran konlari bor. Iqlimi issiq va sernam. Oylik o’rtacha temperatura 24° atrofida. Yillik yog’in ichki r-ayonlarida 1500-2000 mm, sohilda 5000 mm gacha. Daryo ko’p; ularning aksari Leon-Liberiya qiridan boshlanib, Atlantika okeaniga quyiladi. Katta daryolari: Mano, Loffa, Sent-Pol, Sent-Jol, Sess va boshqalar. Liberiya hududining 1/3 qismi doim yashil kalin ekvatorial o’rmonlar. Tuprog’i qizil-sariq laterit tuproq. Qizil, Pa- Lisandra, kauchuk (geveya) va boshqa qimmatbaho daraxtlar o’sadi. Kofe daraxti, moyli palmalar ham bor. Liberiyaning Gvineya Respublikasi bilan chegaradosh qismlari baland bo’yli o’tlar o’suvchi hamda akasiya va Baobabli savannadan iborat. Sohili mangra o’rmonlari bilan qoplangan. Savannalarda buyvol, kiyik, qoplon, to’ng’iz va boshqalar uchraydi. O’rmonlarda maymun, ilon, qush, hasharotlar (tsese pashsha) ko’p. Sapo milliy bog’i va boshqa qo’riqxonalar bor. Aholisining ko’pchiligi mande xalqlari (kpelle, Loma, mano va boshqa) tillarida so’zlashuvchi o’zaro yaqin xalqlardan iborat. Liberiyaning Janub qismida va sohilda Gvineya guruhiga mansub xalqlar (kru, grebo, kran, Gere va boshqalar), shimoliy-g’arbida atlantika guruhi tiliga mansub xalqlar (gola, kisi va boshqalar) yashaydi. Aholining 2% amerikalik negrlar avlodlari. Shahar aholisi 46%. Rasmiy til — ingliz tili. Aholining aksari mahalliy an’anaviy dinlarga e’tiqod qiladi, qolganlari musulmon va xristian. Yirik shaharlari: Monroviya, Ganta, Byukenen, Xarper, Robertspor. Tarixi. Liberiya xalqining qadimgi tarixi kam o’rganilgan. 15-asrning 2-yarmidan hozirgi Liberiyaning sohil qismida yevropaliklar (portugallar, gollandlar, inglizlar, frantsuzlar) paydo bo’la boshladi. 1821 yil AQShdan kelgan bir guruh sobiq qul negrlar mahalliy qabila boshliqlaridan Mesurado burunini sotib oldilar. Bu yerda AQSh prezidenti J. Monro sharafiga Monroviya nomi bilan manzilgoh barpo qilindi. Keyinchalik bir qator aholi yashaydigan hudud Liberiya nomini oldi. 1834-36 yillarda Merilend, Bassakov, Grinvill kabi shaharchalar paydo bo’ldi. 1839 yil 1 aprelda mazkur manzilgohlarning (Merilend bundan istisno, u 1857 yil Liberiya Respublikasiga qo’shildi) barchasini federasiya asosida birlashtiruvchi Liberiya Hamdo’stligi tuzshtdi. 1847 yil 26 iyulda Liberiya respublika deb e’lon qilindi. O’zlarini amerikalik liberiylar deb atagan muhojirlar davlat idoralarida va iqtisodiyotda hukmron mavqeni egalladilar. Lekin mamlakat iqtisodiyoti deyarli chet elliklar ta’sirida edi. 1918 yil boshlarida Liberiya 1-jahon urushi (1914— 18) da Antanta tomonida qatnashdi. 2-jahon urushi (1939-45) yillarida Liberiya 1944 yilda fashizmga qarshi koalitsiyaga qo’shildi. Urushdan keyin Liberiya hukumati mamlakatdagi tub aholi bilan Amerikaliklarning avlodlari o’rtasidagi tengsizlikni tugatish maqsadida «birlashish siyosati», shuningdek, mamlakatda yagona xalq — liberiylar yashashligini e’lon qildi. 1945 yil tub aholi erkaklariga saylash va davlat muassasalarida ishlash huquqi berildi. 1980 yilda S Dou boshchiligidagi askar va kichik zobitlar davlat to’ntarishi uyushtirdilar. Hokimiyat Xalq najot kengashi qo’liga o’tdi. 1989 yilda Milliy vatanparvar jabhasi Charlz Teylor boshchiligida prezident S. Douning iste’foga chiqishini talab qilib, qurolli kurash boshladi. 1990 yil 2 sentabrda «Liberiya kelajagiga bag’ishlangan milliy anjuman»da muvaqqat hukumat tuzildi va prezident S. Dou ag’darib tashlandi. 1993 yil iyulda mamlakatdagi uch siyosiy kuch o’t ochishni to’xtatish haqidagi bitimni imzoladi. Saylovgacha oliy hokimiyatni boshqaruvchi Davlat kengashi tuzildi. Lekin belgilangan muddatda mojarolarni tinch yo’l bilan hal qilishga erishilmadi. 1995 yil 19 avgustda bir-biriga qarshi bo’lgan 5 guruh yetakchilari mojarolarni tinch yo’l bilan hal etish to’g’risidagi yangi bitimni imzoladilar. O’tish davri uchun yana hokimiyatning oliy organi — davlat kengashi tuzildi va u umumiy demokratik saylov o’tkazishga tayyorgarlikni boshladi. 1997 yil 19 iyulda o’tkazilgan saylovda mamlakat Prezidenta va parlamenga saylandi. Liberiya — 1945 yildan BMT a’zosi. Milliy bayrami — 26 iyul— Mustaqillik kuni (1847). Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari. Milliy vatanparvar partiya, Liberiya milliy-demokrat partiyasi, Umumliberiya koalisiyasi partiyasi — uchchalasi 1996 yilda tuzilgan, birlik partiyasi, 1997 yilda asos solingan. Liberiya kasaba uyushmalari federatsiyasi, 1980 yilda tuzilgan. Xo’jaligi. Liberiya — agrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda sanoatning ulushi 17%, shu jumladan, konchilik sanoa-ti- ning ulushi 10%. Xo’jalikning etakchi tarmog’i — tabiiy kauchuk i.ch. va temir ruda qazib olish (Afrikada 1-o’rinda). Qishloq xo’jaligi. L. xududining 35% ishlanadi, 2% yaylov, 33% o’rmon. Dehqonchilikda maniok, batat, sholi ekiladi. Moyli palma, kakao, tropic mevalar, shakarqamish ham etishtirila- Di. Yovvoyi kofe mevasi teriladi. Sino daryosi vodiysida bananzorlar bor. Chorvachilik sust rivojlangan. Savannalarda kammahsul qoramol, ba’zi o’rmonli joylarda va sohillarda qo’y va echki, cho’chqa boqiladi. Dengizda baliq ovlanadi. O’rmonlarda qimmatbaho turdagi daraxtlar yog’ochi tayyorlanadi. Sanoati. Liberiyada konchilik sanoati birmuncha rivojlangan. Bomi-Xilsdan, Nimba tog’i etaklaridan, mano daryosi vodiysidan temir rudasi temir yo’l orqali portlarga keltiriladi. Loffa daryosi havzasida olmos, qisman oltin qazib olinadi. Ishlab chiqaruvchi sanoati neftni qayta ishlash, tsement va yog’och tilish, palma moyi, alkogolsiz ichimliklar korxonalari, kiyim-kechak, poyabzal fabrikalaridan iborat. Yiliga o’rtacha 450 million kVt-soat elektr energiya hosil qilinadi. Hunarmandchilikda uy-ro’zg’or buyumlari ishlab chiqarish rivojlangan. Transportning asosiy turi — avtomobil transporta. Temir yo’l uzunligi — 560 kilometr, avtomobil yo’llari uzunligi — 8500 kilometr. Dengiz savdo floti dunyodagi yirik savdo flotlaridandir. Liberiya jahon kema qatnovi tizimida alohida mavqega ega. Soliqning juda ozligidan foydalanib, bir qancha mamlakatlar kompaniyalarining kemalari Liberiya bayrog’i ostida suzadi. Bundan Liberiya har yili 20 million dollargacha daromad oladi. Yirik portlari: Monroviya, Byukenen, Marshall, Xarper. Robertsfild (Monroviyadan 60 kilometr) va Monroviyada xalqaro aeroportlar bor. Liberiya chetga temir ruda, kauchuk, olmos, kofe va kakao, yog’och va taxta chiqaradi. Chetdan mashina va uskunalar, to’qimachilik va neft mahsulotlari, oziq-ovqat keltiradi. Tashqi savdoda AQSh, Niderlandiya, Italiya, Buyuk Britaniya, Germaniya va Yaponiya bilan hamkorlik qiladi. Pul birligi — Liberiya dollari. Sog’liqni saqlash asosan davlat ixtiyorida. Vrachlar Liberiya universitetida, tibbiyot milliy institutida tayyorlanadi. Maorifi va ilmiy muassasalari. Liberiyada amerikacha o’qish tartibi joriy etilgan, o’qish ingliz tilida olib boriladi. 4-6 yoshdagi bolalar bog’chalarda tarbiyalanadi. Boshlang’ich maktabda o’qish muddati 6 yil, o’rta maktabda 6 yil. Rasman 6 yoshdan 16 yoshgacha bo’lgan bolalar uchun majburiy ta’lim joriy qilingan. Davlat maktablarida o’qish bepul, oliy o’quv yurtlarida pulli. Oliy o’quv yurtlari: Monroviyadagi davlat universiteti (1862, 1951 yildan universitet), Kattington universitet kolleji (1889), texnologiya kolleki (1978). Ilmiy muassasalari: Suakokodagi Markaziy tajriba stansiyasi (1946), Xarbeldagi tropik tibbiyot instituti, geografiya va qora metallurgiya jamiyati va boshqalar. Liberiya davlat universitetining kutubxonasi, Monroviyada hukumat kutubxonasi, Milliy va Afrika muzeylari bor. Matbuoti, radioeshittirishi va teleko’rsatuvi. Liberiyada bir qancha gazeta va jurnallar nashr etiladi. Yiriklari: «Deyli ob-server («kundalik kuzatuvchi», ingliz tilidagi kundalik gazeta, 1981 yildan), «Gerald» («xabarchi», ingliz tilidagi gazeta, 1987 yildan), «Sandi Pipl» («yakshanbada xalq», ingliz tilidagi gazeta,), «Sandi Ekspress» («yakshanba ekspressi», ingliz tilidagi gazeta,) «Laybirian Star» («Liberiya yulduzi», ingliz tilidagi haftalik jurnal, 1954 yildan). Liberiya axborot agentligi 1978 yilda tuzilgan. Liberiya radioeshittirish tizimi hukumat radioeshittirish va teleko’rsatuvlar xizmati bo’lib, 1960 yil tashkil etilgan. Adabiyoti. Kru, vai, malinke va boshqa xalqlar, ingliz tilida so’zlaydigan Amerikalik negrlarning avlodlari folklor (ertak, afsona, masal, maqol va boshqalar) ga boy. 1957 yil nashr etilgan «Grebo qabilasining tarixiy afsonalari va folklori» kitobida uning ayrim namunalari berilgan. 19-asrning 30-yillarida M.D.Bukre vai xalqi tilida shu xalqning ilk tarixini yozdi. Zamonaviy adabiyot ingliz tilida ravnaq topdi. Adabiy kuchlar Yozuvchilar jamiyati atrofiga to’planishgan. Bayti Mur («Yulduz changi» she’rlar to’plamining muallifi), Liberiya universitetining professor R. T. Dempster (Liberiya adabiyoti antologiyasini tuzgan), yozuvchi Doris Benks Xenris, shuningdek, Edip Brayt («kundalik» pesasining muallifi) Liberiyaning mashhur adiblari hisoblanadi. Liberiya adiblarining eng yaxshi asarlari mustamlakachilarni qoralaydi, Vatanga muhabbat tuyg’ularini tarannum etadi. Me’morligi va xalq san’ati. Liberiyaning Markaziy hududlarida turar joylar, asosan, aylana, qisman to’rtburchak sinchli kulbalardan iborat. Bu kulbalar loy bilan suvaladi, tomi, odatda, poxol, shox-shabba bilan yopiladi. Devorlari naqsh, yog’och o’ymakorligi bilan bezatiladi. Sohillardagi shaharlarda (Monroviya va boshqa shaharlarda) 2-3 qavatli sinchli yog’och uylar (devorining pastki qismi betondan), shuningdek, ayvonli tosh uylar ko’p. Keyingi yillarda yirik jamoat binolari zamonaviy Yevropa me’morligi uslubida kurila boshladi. Turli diniy marosimlarda kiyiladigan kiyimlarning bir qismi bo’lib xizmat qiladigan yog’och niqoblar ko’p tayyorlanadi. Bu niqoblarning ba’zilarida xalqning etnik xususiyatlari, ayrimlarida masxarabozlik unsurlari ko’rinadi. Xalq san’ati turlari orasida yog’och o’ymakorligi, kulolchilik, to’quvchilik, mayda-chuyda metall anjomlar tayyorlash keng tarqalgan. Musiqasi. Liberiya xalqlarining musiqa san’ati folklordan iborat. Nikoh, mehnat qo’shiqlari, alla, marsiya kabi qo’shiq turlari bor. Urma cholg’ular, torli-chertma sozlar keng tarqalgan. Musiqa asboblari orasida sansa (Afrika pianinosi), naysimon, trubasimon sozlar ham bor. 1963 yil Liberiya drama va madaniyat jamiyati tuzilgan. Mazkur jamiyat qoshida xonanda va sozandalar guruhi tashkil etilgan. Jamiyatning Kenema qishlog’idagi maktabida bo’lajak artist va musiqachilar ta’lim oladi. «Qizga o’rmondan muhabbat keldi» xalq musiqali dramasi shuhrat qozondi. Kinosi. 1959 yilda yaratilgan «Li-Beriya — istiqbol mamlakati» nomli hujjatli kinolenta Liberiyaning birinchi filmidir. Shundan keyin «Umid qishlog’i», «o’rmon boyligi», «taqdir yillari» hujjatli filmlari yaratildi.