Lidiya

Lidiya — kichik Osiyoning g’arbidagi tarixiy viloyat. Asosan, Germ va Meandr daryolari vodiysida joylashgan. Lidiya orqali Sharqqa muhim savdo yo’llari o’tgan. Lidiyaliklar Kichik Osiyoga ko’chib kelgan turli elatlar ta’siriga uchramay, an’anaviy turmush tarzlarini saqlab qolishgan. Frigiya davlati parchalangach, lidiyaliklarning roli kuchaygan. Ular kimmeriylarning hukmronligidan xalos bo’lib, azaldan savdo va madaniy aloqada bo’lib kelgan kichik Osiyoning g’arbiy qirg’og’ida joylashgan yunon shaharlarini bo’sundirganlar. Sardi shahri Lidiyaning poytaxti, hukmron sulola esa — Mermnadlar bo’lgan (podshoxlar Giges, Aliatt, Krez). Bu sulola vakillari o’z hokimiyatlarini kichik Osiyoning sharqiga, Galis daryosiga qadar yoyganlar. 547 yil forslar shohi Kir II Lidiya podshosi Krezni mag’lubiyatga uchratgan va Lidiya Axomaniylar davlatinnit satrapiyasiga aylangan. Lidiya zodagonlari savdo munosabatlari juda taraqqiy etganligi va mamlakatda boy oltin konlari mavjudligi tufayli ulkan boylikka ega bo’lishgan. Tarixda lidiyaliklar birinchi bo’lib tanga zarb etishgan — deb hisoblanadi. Miloddan avvalgi 334 yil Lidiya Aleksandr saltanati, Salavkiylar davlati, Pergam va Rim imperiyasi tarkibiga (Osiyo viloyatining bir qismini tashkil etgan) kirgan. Gerodotning yozishicha, lidiyaliklarning bir qismi Etruriyaga ko’chib ketgan.