Lilongve
Lilongve — Malavi poytaxti. Markaziy provintsiyaning ma’muriy markazi. 1100 metr balandlikda joylashgan. Aholisi 440,4 ming kishi (1998). Iqlimi ekvatorial, mussonli iqlim. Yillik o’rtacha temperatura 20°, yiliga 2500 mm gacha yog’in yog’adi. Lilongve — Malavini Mozambik va Zambiya bilan bog’lovchi asosiy temir yo’l va avtomobil yo’llari tuguni. Tamaki ekiladigan rayon markazi. Tamaki, makkajo’xori va boshqa qishloq xo’jalik mahsulotlarini qayta ishlovchi korxonalar, kiyim-kechak fabrikalari, tamaki auktsioni bor. Aeroporta xalqaro ahamiyatga ega. Shaharga 1902 yilda ingliz mustamlakachilari tayanch punkti sifatida asos solingan. 1964 yilda mamlakat poytaxtini Zombadan Lilongvega ko’chirish haqida qaror qabul qilindi. 1975 yildan Lilongve — rasmiy poytaxt. Lilongveda Zomba universiteti tarkibidagi qishloq xo’jalik kolleji va «Kamuzu» kolleji, Milliy kutubxona va boshqalar bor. Eski shahar va yangi poytaxt qismlaridan iborat.