Limon, limu

Limon, limu (Citrus limon) — rutadoshlar (tsitruslar turkumi)ga kiradigan doim yashil ko’p yillik daraxtlar turi, mevali ekin. Vatani — Janubiy va Janubiy-Sharqiy Osiyo. Yovvoyi holda o’sishi aniqlanmagan. O’rta dengiz, AQSh, Meksika, Argentina va boshqa mamlakatlar subtropiklarida, Kavkazning qora dengiz bo’ylarida, O’rta Osiyoda (transheyalarda) ekiladi. Shuningdek, uy sharoitlarida o’stiriladi. Daraxti balandligi 3-7 metr, shox- shabbasi yoyiq. Novdalari tikanli, ba’zilari tikansiz. Bargi qalin, och yashil, cho’ziq-tuxumsimon. Gullari ikki jinsli, oq, xushbo’y. Mevasi tuxumsimon, ba’zan dumaloq. o’rtacha og’irligi 120— 400 grammga boradi. Po’sti sariq, silliq yoki g’adir-budur, taxir. Eti 8-12 pallali, och sariq, sersuv, nordon. Sharbati tarkibida 3,5—8,1% kislota (asosan, limon kislota), 1,9—3,0% qand, vitamin S (100 g ida 45-140 mg), RR va V hamda pektin moddalar, temir, fosfor, kaliy, kaltsiy, magniy tuzlari bor. Asosan, ho’lligicha eyiladi, konditer mahsulotlari tayyorlashda, sharbat, limonad, limon kislota olishda ishlatiladi. Limon qalamchasidan va payvandlash yuli bilan ko’paytiriladi. Bog’da 2,5><4 sxemada ekiladi. Ko’chati o’tkazilganidan keyin 3-4-yili hosil beradi. 1 tup daraxti 15-20 kg hosil qiladi. Ochiq bog’larda Limon ko’klam, yoz va kuzda o’sadi, qishda tinim davriga o’tadi. Ko’klamda gullaydi, mevasi 150-170 kunda yetiladi. Transheya sharoitida esa kuzda harorati 3-5° ga tushganda o’sishdan to’xtab, ko’klamda harorat 10-12° ga ko’tarilganda o’sishni davom ettiradi. Barglari har 2-3 yilda yangilanadi. Limon issiqsevar, yorug’sevar va namga talabchan o’simlik. -1,5, -2° da meva va pishmagan novdalarini, -5, -6° da tupini sovuq uradi. Havo harorati 17— 18° da bo’lganda normal rivojlanadi. Limon chirindiga boy, suvni yaxshi o’tkazadigan yengil tuproqlarda mo’l hosil beradi. Limon O’zbekistonda 1949 yildan transheyada o’stirila boshladi. Limonning Novogruzinskiy, Udarnik, Meyer va boshqa navlar bor. Meyer navi transheya sharoitida ekiladi, daraxti past bo’yli kam tikanli, aprel — mayda yoppasiga gullaydi; ko’chati o’tqazilgach, 2-yili hosilga kiradi. 4-5 yoshli daraxti 50-70 dona, 9-10 yoshdagisi 120-150 dona meva beradi. Mevasi oktabr— noyabrda pishadi. Keyingi yillarda xalq selektsioneri, faxriy akademik Zayniddin Faxriddinov yetishtirgan yirik mevali (400-950 gramm) Toshkent, Yubileyniy nav Limonlari ham o’stirilmoqda. Ad.: Kulkov O.P., Muxamedov Sh. Z., O’zbekistonning subtropik o’simliklari, 1968; Faxriddinov 3., Toshkent limoni, T., 1969. Rixsivoy Jo’raev.