Lizing

Lizing (inglizcha lease foydalanish) — mashina, asbob-uskuna, transport vositasini ijaraga olish; uzoq muddatli foydalaniladigan tovarlar eksportini kreditlashning shakllaridan biri. Lizingning, asosan, moliyaviy va oddiy turi bor. Moliyaviy Lizing — muayyan muddatga ijaraga beruvchining kapital xarajatlarini to’liq qoplashga etarli to’lovlardan iborat bo’lib, mulk egasiga bir mikdor foyda ham beradi. Oddiy Lizing — ijara davrida ijaraga olingan mulk qisman amortizatsiyalanadi. Lizing kompaniyasi asbob-uskunalar sotib olib, ularni ijarachi firmaga, odatda 1 yildan 10-15 yilgacha ijaraga beradi. Lizingda ijarachining shartnoma muddati tugagandan so’ng asbob-uskunlarni qoldiq qiymati bo’yicha sotib olish (bu holda egalik huquqi yangi Sohibga o’tadi); yangi kelishuv asosida shartnoma muddatini cho’zish; moddiy boyliklarni Lizing kompaniyalariga qaytarish va boshqalar ko’zda tutilishi mumkin. Tomonlar Lizing shartnomasida ko’rsatilgan davr mobaynida uni buzishga haqi yo’q. Lizing kompaniyalari mashina va uskunalar sotib olish uchun shaxsiy va qarzga olingan mablag’lardan foydalanadilar. Davlat, odatda, ularga bankdan qarz olishlari uchun imtiyozli sharoitlar yaratib beradi. Lizing investitsiya jaryonini moliyaviy ta’minlashda istiqbolli yo’nalish hisoblanadi. Lizing korxonaga nisbatan kam mablag’ bilan asosiy fondlarni yangilash, yangi mahsulotlar ishlab chiqarishda texnika bazasini yaratish, mulk ijarasi haqini ishlab chiqarilgan mahsulotni sotishdan tushgan daromad hisobidan asta-sekin to’lash imkoniyatlarini yaratadi. O’zbekistonda birinchi Lizing kompaniyalari 1994 yildan boshlab tashkil etila boshladi. 2003 yilda 6 ta Lizing kompaniyasi ishladi. O’zbekiston Respublikasida Lizing munosabatlari O’zbekiston Respublikasining 1999 yil 14 aprelda qabul qilingan «Lizing to’grisida»gi qonuni bilan tartibga solinadi. Lizing bo’yicha amaliy ishlarni olib boradigan «O’zbeklizing Interneyshnl» (1995), «O’zqishloqxo’jalikmashlizing» aktsiyadorlik kompaniyalari respublikadagi yirik Lizing kompaniyalari hisoblanadi. Qodirjon Yusupov.