Lokayata
Lokayata (sanskritcha — insoniy dunyo), charvaka — qadimgi hind falsafiy ta’limoti. Miloddan avvalgi 1-ming yillik o’rtalarida yarim afsonaviy donishmand Brihaspati asos solgan deb hisoblanadi. Lokayata haqidagi ilk ma’lumotlar buddizm ahkomlari matnlarida, vedalar va qadimgi hind eposida bayon etilgan. Lokayata falsafasi brahmanizmga qarshi bo’lib, dunyo (tabiat)ni ilohiy kuchlarsiz izohlash kerak, degan g’oyani ilgari suradi. Lokayata ta’limotiga ko’ra, inson 4 unsurdan tashkil topgan, u o’lgach, undagi tuproq unsure tuproqqa, suv unsuri suvga, o’t unsuri o’tga, havo unsuri havoga, sezgilar esa fazoga aylanadi. Inson tana va ruh birligida namoyon bo’ladi. Tana o’lishi bilan ong ham yo’qoladi. Har bir inson bir marta yashaydi. U qaytadan tirilmaydi. Lokayata jon, ruhning ko’chib yurishini rad etadi. Lokayata namoyandalari o’z ta’limotlarida xudojo’ylikka qarshi yerdagi hayotni targ’ib etadi. Ular kastachilikni qoralab, barcha insonlar teng, degan g’oyani ilgari suradi. Ularning fikricha, olamda sodir bo’lib turadigan hodisa va jarayonlarning sababchisi moddiy borliqdir. Masalan, olovning issiq, suvning sovuq bo’lishini aynan shu hodisalarning o’zidan izlash lozim. Inson hayotining mohiyati — shu dunyoda rohat qilishdir. Buning uchun u mehnat qilishi, ilm fan yutuqlari bilan oshno bo’lishi lozim. Lokayatada farovon hayot, insonning axloqiy kamoloti g’oyalari olg’a surilgan. Lokayata vakillari bilish nazariyasida sensualizm mavkeida turib, sezgi — bilishning birdan-bir ishonchli manbai deb hisoblaydi. Lokayataning keyingi ko’rinishi charvaka deb ataladi.