Lola

Lola (Tulipa) — loladoshlar oilasiga mansub ko’p yillik o’simliklar turkumi, manzarali ekma gul. Yer yuzida uning 1400 ga yaqin, jumladan, Yevrosiyoda 100 dan ortiq, O’rta Osiyoda 64 turi tarqalgan. Lolalar piyozli bahori o’simlik hisoblanadi, gulchilikda muhim ahamiyat kasb etadi. Ko’pgina mamlakatlar qatorida Niderlandiyada va O’rta Osiyoda Lola ko’proq yetishtiriladi. O’zbekistonning adir va tog’larida Lolaning yovvoyi 25 turi o’sadi. Lolaning qizil Lola (T.greigii) va targil Lola (T.fosteriana) xili gullarining yirik va nafisligi bilan boshqa Lolalardan farq qiladi. Selektsionerlar yaratgan navlar soni hozirgi vaqtda bir necha mingdan ortiq. O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Botanika bog’ida 60 ga yaqin xili o’stiriladi. Qizil rang Lolaning turli tuslilari: och qizildan, qora qizilgacha, shuningdek, sariq, targ’il, gunafsha va boshqa xillari uchraydi. Piyozi tuxumsimon, rombsimon, sharsimon, diametri 2,5—4 santimetr, poyasi 20— 30, ba’zan 50 santimetrgacha. Barglari 2-3 ta, cho’ziq. Tojbarglarining uzunligi 8 santimetr. Mevasi ko’sakcha, eni 1,5—2 santimetr, uzunligi 3— 6 santimetr. Lola, asosan, adirlar, toshli va chag’ir toshli qiyaliklarda yaxshi o’sadi. Urug’i hamda piyozidan ko’paytiriladi (piyozidan ko’paytirilganda erta gul beradi). May — iyunda gullaydi. Iyun — iyul oyining oxirlarida piyozi qazib olinib, 22-25° haroratda quritib saqlanadi, so’ngra harorat 12-13° ga pasaytiriladi. Sentabr-oktabr oylarida piyozi 8-15 santimetr chuqurlikda ekiladi. O’rta Osiyoda tabiiy Lolalar Qoraqum va Qizilqum cho’llaridan to Pomir-olay hamda Tyanshan tog’lari mintaqalardagi turli iqlim va tuproq sharoitida o’sadi. Dunyoga mashhur eng nafis madaniy Lolalarning (Gollandiya Lolalari) aksariyat qismi O’rta Osiyo Lolalari zaminida yaratilgan. O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Botanika bog’ida Lola o’stirish hamda yovvoyi va madaniy turlaridan yangi navlar yetishtirish bo’yicha ilmiy izlanishlar olib boriladi. O’zbek milliy urf-odatlarida Lolalar. qadimdan e’zozlanadi.