London qirollik jamiyati, tabiat haqidagi bilimlar taraqqiyoti bo’yicha London Qirollik jamiyati

London qirollik jamiyati, tabiat haqidagi bilimlar taraqqiyoti bo’yicha London Qirollik jamiyati — Buyuk Britaniyaning yetakchi ilmiy jamiyati, Yevropadagi qadimgi ilmiy markazlardan biri. 1660 yil tashkil etilgan va 1662 yil Qirollik Xartiyasi bilan tasdiqlangan. Buyuk Britaniyada ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish va rivojlantirishda muhim rol o’ynaydi hamda ilmiy siyosatning asosiy masalalarini hal etishda maslahat organi, xalqaro nohukumat ilmiy assotsiasiyalarda milliy Fanlar Akademiyasi sifatida ish ko’radi. London qirollik jamiyati, asosan, tabiiy fanlar sohasida tadqiqot olib boradi. London qirollik jamiyati ta’sischilardan biri ingliz fizigi va kimyogari R. Boyl. R.Guk, K.Ren, I.Nyuton London qirollik jamiyatining dastlabki rahbarlaridan bo’lishgan. 1 mingdan ortiq a’zosi bor. Jahondagi eng qadimgi ilmiy jur.lardan biri bo’lgan «falsafiy axborot»ni nashr etadi (1665 yildan).