Lvov viloyati

Lvov viloyati — Ukraina tarkibidagi viloyat. 1939 yil 4 dekabrda tashkil etilgan. Volin va Podoliya qirlarida va qisman Ukraina Karpati tog’lari etaklarida joylashgan. Maydoni 21,8 ming km2. Aholisi 2750,6 ming kishi (1997), asosan ukrainlar, shuningdek, rus, polyak, yahudiy, Belorus va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Lvov viloyati 20 tumanga bo’lingan; 37 shahar, 38 shaharcha bor. Markazi — Lvov shahri. Foydali qazilmalari toshko’mir va qo’ng’ir ko’mir, neft, gaz, oltingugurt, kaliy va osh tuzlari, torf, qurilish materiallaridan iborat; mineral buloqlar bor. Iqlimi mo’tadil kontinental. Yanvarning o’rtacha temperaturasi (Markaziy qismida) — 4°, iyulniki 18°. Yillik yog’in miqaori 650 mm, tog’larda 750-1000 mm. Vegetatsiya davri 190— 210 kun. Asosiy daryolari: Dnestr va uning irmoqlari. 400 ga yaqin sun’iy suv havzalari bor. Tuproqlari sur tusli, to’q sur tusli podzollashgan, podzollashgan qoratuproq, tog’larda podzol, daryo vodiylarida o’tloqi-allyuvial tuproqlar. Viloyat hududining asosiy qismi o’rmonli dasht zonasida: Janubda Ukraina Karpati tog’lari bor, shimol o’rmon zonasiga kiradi. Viloyat hududining 26% o’rmon, 30% o’tloq va botqoqlik. Hayvonlardan qobon, elik, bo’rsiq, bug’u, tulki, suvsar, tiyin, malla tovushqon, burgut, qur, karqur yashaydi. Lvov viloyati Ukrainaning muhim sanoat rayoni. Mashinasozlik, metallsozlik, priborsozlik, oziq-ovqat, yengil, qog’oz, yog’ochsozlik, kimyo, yoqilg’i, qurilish materiallari sanoatlari rivojlangan. Lvovda avtobus, avtoyuklagich, Konvey-yer-qurilish, «Lvovselmash», kineskop, televizor zavodlari, Drogobichda iskana (Doloto) zavodi bor. Viloyat hududidan «Drujba» Trans-Yevropa neft quvuri o’tgan. Oziq-ovqat sanoatida yetakchi tarmoqlar: shakar-qand, meva konserva, konditer, pivo, go’sht, un, spirt va boshqalar. Trikotaj, poyabzal, ko’n, tikuvchilik, movut fabrikalari bor. O’rmon, yog’ochsozlik sanoati ham rivojlangan. Tsement kombinati, shisha zavodlari, temir-beton konstruktsiyalari zavodlari va boshqa sanoat korxonalari bor. Viloyat qishloq xo’jalik g’allakorlik, zig’irchilik, lavlagikorlik, kartoshka yetishtirish va sut-go’sht chorvachiligiga ixtisoslashgan. Don, texnika ekinlari, sabzavot-poliz va kartoshka, yem-xashak ekinlari ekiladi. Pichanzor va yaylovlar mavjud. Bog’dorchilik va mevachilik rivojlangan. Chorvachilikda sut-go’sht chorvachiligi yetakchi o’rinda. Hovuz baliqchiligi va asalarichilik bilan shug’ullaniladi. Xalq badiiy hunarmandchiligi: yog’och o’ymakorligi, badiiy kashtachilik, gilamchilik rivojlangan. Lvov — yirik havo yo’llari tuguni. 12 oliy o’quv yurti, 6 teatr, 12 muzey bor. Lvov viloyatida mashhur Truskaves, Lyuben-Velikiy, Morshin, Nemirov kurortlari, sanatoriy va dam olish uylari joylashgan.