Lyossimon yotqiziqlar

Lyossimon yotqiziqlar – mayda (0,05 — 0,001 mm) changeimon hamda loyqa zarralardan tuzilgan bo’sh cho’kindi tog’ jinslari. Ba’zan tarkibida turli kattalikdagi mineral bo’laklar (qum, shag’al toshlar) bo’ladi. Paydo bo’lishiga qarab, asosan, eol, prolyuvial, allyuvial, delyuvial, flyuviglyatsial, elyuvial tiplarga bo’linadi. Bu jinslar (eol lyossimon jinslardan boshqa) O’zbekistonning tog’, tog’oldi qamda tekislik hududlarida uchraydi. Eol va prolyuvial jinslar ba’zan, avval lyoss holatida bo’lib, keyinchalik sug’orish namlanishdan lyosega xos asosiy xususiyatlarining (g’ovaklilik, cho’kuvchanlikning kamayishi, hajm og’irligining oshishi va boshqalar) o’zgarishi natijasida lyossimon jinslarga aylangan bo’lishi mumkin. Eolning qalinligi 0,10—15 metr, Prolyuvialniki 0,5—100 metr. Allyuvial lyossimon jinslarning qalinligi 0,25— 15 metr. Delyuvial lyossimon jinslar yomg’ir, qor suvlarining nurash materiallarini tog’ yon bag’irlariga oqizib tushib yotqizishdan hosil bo’ladi. Qalinligi 0,25—10 metr. Elyuvial lyossimon jinslar tub tog’ jinslari (granit, granodiorit, gil, qumtosh, ohaktosh va boshqalar)ning nurashi va nurash materiallarining o’z joyida qolib, qayta-qayta nurashi natijasida shakllanadi. Qalinligi 0,10— 2 metr bo’ladi. Flyuviglyatsial lyossimon jinslar tog’ yuqori mintaqalarida uchraydi. Bu xil jinslar muz qatlamlari erib, tog’ jinslarining tarqalishi, ezilishi, maydalanishi tufayli paydo bo’lgan mayda chang zarralarini oqizib qulay joylarga yotqizishdan hosil bo’ladi. Ularning qalinligi 0,10—3 metr. O’zbekiston hududidagi lyossimon jinslarning qalinligi, tarkibi, xossasi va xususiyatlari yaxshi o’rganilgan.