Lyublin
Lyublin — Polshaning Sharqiy qismidagi shahar, Lyublin voevodasining ma’muriy markazi. Aholisi 356,2 ming kishi (1999). Mamlakatning muhim sanoat va madaniy markazlaridan. Transport yo’llari tuguni. Mashinasozlik (avtomobilsozlik, qishloq xo’jalik mashinasozligi), oziq-ovqat, ko’n-poyabzal, yog’ochsozlik sanoati korxonalari bor. Tikuvchilik buyumlari, qurilish materiallari ishlab chiqariladi. Lyublinda bir necha oliy o’quv yurtlari, universitet, muzeylar, teatrlar bor. Lyublin qo’lyozmalarda 10-asrdan tilga olingan. Shaharda 1569 yilda Lyublin uniyasi imzolangan. 1807-15 yillarda Varshava gersogligi, 1815 yildan Rossiya imperiyasi tarkibida bo’lgan. 1918 yildan Polsha tarkibiga o’tgan. 1939 yilda nemis fashistlari bosib olgan. Shahar yaqinida Maydanek konslageri tashkil etilgan. 1944 yilda nemis fashistlaridan ozod qilingan. 1945 yil 17 yanvarda Varshava ozod qilingunga qadar Polshaning muvaqqat poytaxti bo’lib turgan. Me’moriy yodgorliklaridan qasr (13— 16-asrlar), ratusha (14-asr), kostyollar, Lyubomir saroyi (hozirgi universitet), teatr binosi va boshqalar saqlangan.