Madaniyat instituti

Madaniyat instituti, Abdulla Qodiriy nomidagi Toshkent davlat madaniyat instituti — madaniy-ma’rifat ishi bo’yicha yuqori malakali mutaxassislar tayyorlaydigan oliy o’quv yurti. 1974 yilda tashkil qilingan. 1989 yil Abdulla Qodiriy nomi berilgan. Dastlab 2 fakulteti (madaniy-ma’rifat ishi va kutubxonashunoslik) bo’lgan; hozirgi kunda 6 ta fakultet mavjud: kutubxona-axborot faoliyatini boshqaruv, ijtimoiy-madaniy faoliyat, xalq badiiy ijodiyoti, kasbiy-pedagogika ta’lim, sirtqi madaniyatshunoslik, madaniyat xodimlarining malakasini oshirish fakultetlari; 18 ta kafedra, 3 ta kompyuter sinfi, ovoz yozish studiyasi, lingafon sinfi, xalqaro Internet tarmog’iga ulangan kutubxona bor. Institutda magistratura, aspirantura faoliyat ko’rsatadi. 2002-2003 o’quv yilida 1273 ta talaba ta’lim oldi; 150 dan ortiq professor-o’qituvchilar, shulardan 10 tasi fan Doktori va professor, 45 dan ortiq fan nomzodi va dotsent ishladi. Institut o’zbek milliy madaniyati va san’atini rivojlantirishga katta hissa qo’shdi. Turli davrlarda T. Badinov, S. Hayitboev, R. Tursunov, Q. Mirzayev, D. Ne’matov kabi pedagoglar dars bergan; hozirda professor S. Mirvaliev, A. Mavrulov, M. Yoqubova va boshqalar, dotsent M. Rahimova, N. Qosimov, Sh. Shamsiev, U. Karimov va boshqalar samarali mehnat qilmoqda. O’zbekiston xalq artistlari F. Zokirov, O. Otajonov, N. Abdullae- va, M. To’xtasinov, R. Sultonova va boshqalar, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artistlar G’. Boytoev, F. Solihova va boshqalar institutda ta’lim olgan. Hamroxon Mamatraimova.