Madaniyat saroylari va uylari
Madaniyat saroylari va uylari — yirik klub muassasalari. Aholining madaniy dam olishini uyushtirish maqsadida quriladi. Madaniyat saroylari va uylarida ko’p o’rinli tomosha va ma’ruza zallari, doimiy kinoqurilmalar, kutubxonalar, to’garak mashg’ulotlari, tasviriy san’at va boshqalar uchun alohida xonalar bo’ladi. Madaniyat saroylari va uylarida ko’rgazmalar tashkil qilinadi, ma’ruza, mavzuli kechalar, ishlab chiqarish ilg’orlari, atoqli kishilar bilan uchrashuvlar, bayram kechalari va boshqa marosimlar o’tkaziladi. Turli bolalar to’garaklari ishlaydi. Madaniyat saroylari va uylari faoliyati xalq ijodi va badiiy havaskorlikning barcha turlarini rivojlanishiga yordam beradi. Ularda xalq teatrlari, orkestr, xor, opera va xoreografiya jamoalari, ashula va raqs ansambllari ijod qiladi. O’zbekistonda Madaniyat ishlari vazirligi tizimiga qarashli tuman, shahar va qishloq Madaniyat saroylari va uylari, shuningdek, yirik korxona kasaba uyushmalari qo’mitasi tomonidan tashkil qilingan Madaniyat saroylari va uylari mavjud. Chirchiqdagi Mashinasozlar (1968), Navoiydagi Farhod (1972), Toshkentdagi Aviasozlar (1980) Madaniyat saroylari va uylari zamonaviy uslubda qurilganligi bilan ajralib turadi. O’zbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi tasarrufida Madaniyat saroylari va uylari respublika bo’yicha 2177 ta (2003).