Mahalliy bozor

Mahalliy bozor — ayirboshlash miqyosi jihatidan muayyan mamlakatning davlat chegaralari doirasi bilan cheklangan shahar, tuman, viloyat hududlaridagi bozor. Bu bozorlarda sotiladigan mahsulotlar ko’lami va xilma-xilligi eng avvalo mahalliy qishloq xo’jaligi, sanoatning rivoji va yo’nalishi bilan belgilanadi. Bu bozorlardagi tovarlar, asosan, oziq-ovqat, keng iste’mol, sanoat mollari, xo’jalik va uy-joy buyumlari, qurilish materiallari va boshqalardan iborat bo’ladi. Mahalliy bozorning xilma-xilligi, ularning xususiyatlari, sotiladigan tovarlar turlari shu yerli xalqning xo’jalik tarzi, hududning uzoq shakllangan madaniy-iqtisodiy taraqqiyoti natijasidir. Mahalliy bozor mintaqa bozori va jahon bozori bilan aloqalarga kirishib, o’z biqiqligini yo’qotib boradi.