Maskaren orollari

Maskaren orollari – Hind okeanidagi orollar guruhi. Madagaskar orolidan sharqda. Maydoni 4486 km2. Eng yirik orollari: Reyunon (Frantsiya mulki), Mavrikiy va Rodriges (Mavrikiy davlati tarkibida). Vulkan jinslaridan tarkib topgan. Eng baland joyi 3069 metr (Reyunon orolida). So’nmagan vulkanlar bor. Iqlimi tropik, passatli iqlim. Yillik yog’in 1300-2000 mm. Tog’lar doim yashil tropik o’rmonlar va savannalar bilan qoplangan. Shakarqamish, kokos palmasi, choy, kofe, vanil yetishtiriladi. 1507 yilda orollarni dastlab tadqiq etgan portugaliyalik sayyoh Pedru Di Maskarenyans nomi bilan atalgan.