Maslahat oshi, to’y kengashi

Maslahat oshi, to’y kengashi — O’rta Osiyo xalqlarining to’y bilan bog’liq marosimlaridan biri. Maslahat oshi to’ydan bir necha kun oldin o’tkaziladi. Maslahat oshiga mahalla, qishloq to’y komissiyalari vakillari, oqsoqollar, mahalladan qariyalar, qo’ni-qo’shnilar, qarindoshlar chaqiriladi. Maslahatga kelganlar to’yni qachon, qanday o’tkazish tartibi, harajatlar, kimlar qanday vazifalarni bajarishlarining shartligi, to’y egasining imkoniyatlariga qarab to’yga kimlarni taklif etish kabi muhim masalalar hal etiladi. Maslahat oshi O’zbekistonning turli tumanlarida har xil darajada o’tkaziladi. Bu tadbir qanday o’tkazilishdan qat’i nazar o’sha kuni osh damlanib, mehmonlar ziyofat qilinadi. Anjumanning eng asosiy mavzusi to’yga sarflanadigan mahsulotlar: guruch, un, yog’, go’sht, meva, qand-qurs, sarpo, ko’rpa-to’shak va boshqalar haqida bo’lib, ularning qay darajada tayyorlanganligi, shuningdek, kamchiliklari atroflicha muhokama qilinadi. Maslahat oshi hozir ham an’anaviy marosim bo’lib hamon e’zozlanib kelinmoqda.