Matematik geografiya
Matematik geografiya – 1) geografiyaning Yer sharining matematik elementlari haqidagi bo`limi. Matematik geografiyada Yerning shakli, o`lchamlari, harakati, joylarning koordinatalari, ayrim punktlar orasidagi masofa, okean va materiklarning maydoniga ko`ra nisbati kabi ma’lumotlar beriladi. Matematik geografiya geografiyaning eng qadimgi bo`limlaridan biri bo`lib, unda geografik va kartografik ma’lumotlar uyg`unlashib ketgan. 2) geografiyada matematik metodlarning keng qo`llanilishi. Matematik metodlar geografik bilim va tushunchalarni formallashtirishga, geografik ob’yekt, hodisa va jarayonlarning modelini tuzishga, ilmiy tadqiqot ishlarida elektron-hisoblash mashinalarini qo`llashga imkon beradi. Matematik metodlar ba’zi bir geografik fanlarda (iqlimshunoslik, gidrologiya, aholi geografiyasi, shaharshunoslik huudni rejalashtirish va h.k.) ayniqsa muvaffaqiyatli rivojlanmoqda.