Mavlonbuva maqbarasi
Mavlonbuva maqbarasi – Namangandagi me’moriy yodgorlik (1806). Mahalliy shoir Mavlonbuva qabri va uning Janubdagi peshtoq gumbazli ziyoratxonasi saqlangan. Ziyoratxona murabba tarxli (7×7 metr). Bosh tarzi Janubga qaragan. Peshtoqining 2 yoniga guldastalar ishlangan. Guldastalar tepasiga an’anaviy mezana o’rniga qubbali, 3 bosqichli konus ishlangan. Peshtoqi o’ziga xos mehrobiy va to’g’ri burchakli yuza namoyonlar bilan bezatilgan. Unda bino qurilgan sana saqlangan. Ziyoratxona ichi ganch suvoq qilinib, moybo’yoqda gul solingan. G’arbiy devorida tekis chizilgan mehrob bor. Izoralarida gulli guldon va girih naqshlar tasvirlangan, Arab imlosida she’rlar bitilgan. Mavlonbuva ijodining ixlosmandlari, shoirlar ziyoratxona devorlari va araqi sarrovlarga, keyinchalik bu yerda saqlanadigan o’rama qog’ozga she’rlar yozib qoldirganlar. Ziyoratxonaning panjarali darchasidan Mavlonbuvaning oddiy sag’anasi ko’rinib turadi.