Muqaddima

Bismillohir rahmonir rahim!
Alhamdul-illohi robbil olamin!

Yeru samodagi barcha jonzotlarni yaratgan, ularning yashashlari uchun ma’lum muddat belgilangan, avlodlari paydo bo’lishini, ko’payishini ta’minlagan va bularning hammasini yana o’ziga qaytishini joriy qilgan Ollohga hamdu sanolar bo’lsin. Uning uchun jonzotlarni bittadan yaratish ham, narsalarning hammasini birdaniga yoki bitta-bittadan paydo qilish ham qiyin ish emas. Uning hukmronligi ulug’vorlik bilan chulg’angandir, boshqa hech kim bunday ulug’vor hukmronlikka ega bo’lolmaydi. Ojizlik unga yot narsa. Asrlar ham uni o’zgartira olmaydi, oylar, yillar ham unda daxl qilolmaydi. Olamning yaratuvchisi bo’lgan qudratli, ulug’ bu Ijodkorga hamdu sanolar bo’lsin. Bu ishda Unga “kof” va “nun” bir vosita bo’lib xizmat etadi. Darhaqiqat, bularning hammasi yolg’iz Uning ishidir! “U biror ishni hukm qilsa, unga faqatgina “Bo’l!” deydi, xolos. Bas, bu ish bo’ladi”*. (*Asardagi bu o’rinda va bundan keyingi barcha o’rinlarda Qur’oni Karimdan keltirilgan oyatlar ma’no tarjimalarini shunday belgiladik.)

Undan keyin olqishlarimiz va barcha duolarimizni bizni yanglish yo’llarga tushib qolishdan himoyalagan, to’g’ri ishlarga boshlagan, Yaratganning buyurgan hamma amallarini targ’ib etgan Muhammad payg’ambarimizga (Olloh uni hamda uning muborak xonadonidagilarni u dunyoda o’zi qo’llasin va taqdirlasin), uning mashhur, oliyhimmat, safdoshlariga bag’ishladik! Axir Qur’oni Karim va Sunnani qo’llariga tug’ qilib olib, zulmat qo’ynidagi yo’llarimizni sham kabi yoritgan ular emasmidi! Shuningdek, go’zal amallari mushkning yoqimli hidlari singari dillarga rohat bag’ishlagan va imon yo’lida “To’xtanglar! Tovon to’laymiz!” deya haq so’zni aytib hayqirganlarni ham Yaratgan duolarimizdan bahramand etsin.

Bu so’zlarni sizlarga Ollohning marhamatidan umidvor, o’zining alamlarga to’la umr kosasini sipqorgan, davr epkinlari tufayli kambag’allik balosiga giriftor bo’lgan, hukmdorlarning biridan ikkinchisining qo’liga o’tib yashab musofirlik azoblarini tortgan Muhammad ibn Ahmad ibn Ali ibn Muhammad al-munshiy al-Nasaviy (Olloh uning ishlarini o’ngidan keltirsin va o’zini balo-qazolardan asrasin!) aytmoqda.

Men o’tmishda yashab o’tgan xalqlar tarixiga oid asarlarni o’qiganimda ulardan ko’plab ma’lumotlarni oldim. Ularda insoniyatning otasi bo’lgan Odam Otadan va uning avlodlarining (ular haqiga o’qigan duolarimiz ijobat bo’lsin!) turli tomonlarga tarqalib ketish davridan boshlab shu kunlargacha (ya’ni fitrramazon hayitini o’tkazaish taqiqlab qo’yilgan paytlargacha) bo’lgan voqealar qamrab olingandi. Shunda bir narsani angladimki, har bir tarixchining asosiy maqsadi, avvalo, o’zidan oldingilarning aytganlarini takrorlash, so’ng ularning gaplariga nimanidir qo’shish yoki olib tashlash va nihoyat, o’z davridagi voqealarni hikoya qilib berishdan iborat ekan. Ba’zan shunday bo’ladiki, tarixchi o’tmish haqida batafsil bayon qilib beradi, ammo uning so’zlari boshqalarni to’la ishontirmaydi. Nima uchun? Buning sababi bor, ayrim hollarda asarlarda haqqoniy ma’lumotlarga nisbatan mish-mishlar yetakchilik qiladi. SHuning uchun ming marta eshitgndan ko’ra, bir marta ko’rgan afzal deyishadi.

Men Ibn al-Asir nomi bilan tanilgan Ali ibn Muhammad ibn Abdulkarim insho qilgan “al-Komil” asarini o’qiganman. Unda turli xalqlar taqdiri haqida ko’plab voqealar hikoya qilinadi. Shuningdek, unda faqat ajamliklarga xos bo’lgan g’aroyib ma’lumotlar ham o’rin olganki, bunday ma’lumotlar boshqa birorta ijodkor asarida uchramaydi. U o’z asarini, ont ichib aytamanki, “al-Komil fit-tarix” (“Mukammal tarix”) deb ataganida to’la haq. Hech bir shubha yo’qki, u ajamliklar tarixiga oid asarini ular tilida yaratganida bu xalqlarning qandaydir eng muhim tarixiy manbasiga asoslanganligi aniq. Agar u asarini biror tarixiy manbga muhoyasa qilib yozmaganida bu darajada muvaffaqiyatga erisha olmagan bo’lardi. Chunki asarda odamlar hikoya qilib bergan voqelarga nisbatan aniq ma’lumotlar ko’proq qamrab olingan.

Uning asarini o’qish asnosida ulug’ Sulton Alouvud-dunyo-vad-din Abul Fath Muhammad ibn Takish ibn El-Arslon ibn Otsiz ibn Anushtegin va uning xushbaxt o’g’li, dini islomni mustahkamlash yo’lida behad aziyat chekkan Jaloliddin Manguberdi xususidagi (Olloh ikkalasining ham qabrini nurgan to’ldirsin va joylari jannatda bo’lsin!), taqdir bevafoliklari tufayli ular boshiga tushgan tashvishlar, baxtsizliklar to’g’risidagi ma’lumotlarga ham duch keldim. Shu o’rinda bir narsani aytish kerakki, u (Ibn al-Asir) asarida ba’zi o’rinlarda haqiqatdan bir oz chekingan bo’lsa ham, eng muhim va asosiy voqealardan birortasini e’tibordan chetda qoldirmagan. Shundan keyin o’zimcha bunday xulosaga keldim: haqiqatan ham, ash-Shom mamlakatida yashaydigan odamning Hindistonning eng uzoq chekkalarida, Xitoyning inson qadami yetishi qiyin bo’lgan joylarida yuz berayotgan voqealarni birovlarning hikoyalari orqali yozib olishga qaror qilishi g’aroyib ish emasmi!Axir dunyoda o’tmish voqea-hodisalarini yozish orqali ularni abadiylashtirishdan, ajdodlar tajribalaridan xulosalar chiqarishdan, ibratomuz merosidan avlodlarni manfaatdor qilishdan ko’ra muhimroq hamda ulug’vorroq ish bormikan!

Taqdir Jaloliddinning boshiga ne tashvishlarni giriftor qilmadi: u yiqildi va yana turdi, qalbidagi umid uchquni so’ndi, ammo bu uchqun yana paydo bo’ldi. Yaratganning marhamati bilan bu uchqun olovga aylandi. U bu olovning kuch-qudrati nimalarga qodirligini ko’rsatdi. Bosqinlar ostida toptalgan va qulayotgan davlatni asrab qoldi, uni ulkan mamlakatga, o’zi esa ulug’ hukmdorga aylandi. O’lim bilan necha bor yuzma-yuz keldi. Sizga ma’lumki, u o’z maqsadiga erish yo’lida nihoyatda og’ir sinovlardan o’tdi. Uning hayotiga nazar tashlasangiz taqdirning g’alati o’yinlarini ko’rasiz. Faqat qadimgi afsonalardagina uchraydigan qandaydir mo’jizaviy kuch borligini anglaydiz. Uning boshidan kechirgan sarguzashtlar ham adoqsiz, qo’rqinchli, ayni paytda g’aroyibdir. Buning uchun uning o’n bir yil davomida o’n to’rt marta og’ir va dahshatli, hal qiluvchi janglarda boshchilik qilganini eslashning o’zi kifoya! Shu vaqt ichida u taqdir taqozosiga ko’ra goh turkiylar mamlakatlaridan ketib Hindistonning chekka o’lkalariga borib hukmronlik qilsa, goh Hindistonning oliy joylaridan ar-Rum mamlakatlarining markaziga qaytib kelib hukmdorlik qilishga ulgurdi. U gohida qudratli hukmdorga aylansa, gohida himoyasiz holda sargardon kezishga majbur bo’ldi.