Muskat yong’og’i nima?

Muskat yong’og’i eng yaxshi va mashhur ziravorlardan biridir. U qattiq yadro — «danak» — tropik mevasidan iborat. Muskat yong’ogining 80 turdan ortiq daraxt va butalari bor. Ular, asosan, Filippin, Molukka orollari va Braziliyada o’sadi. Ularning ichida keng tarqalgani va amaliy qimmatga ega bo’lgani xushbo’y muskatdir. Bu chiroyli doimiy yashil daraxt tanasining uzunligi 7 metrgacha boradi. Uning son-sanoqsiz shoxlari tubidan tepasigacha butun tanani qoplab olgan bo’ladi. Bu shoxlarda ochilgan mayda sariq gullarning hidi Liliya bo’ylarini eslatadi. Daraxt o’tqazilganidan 8 yil o’tgach, gullab, hosil bera boshlaydi. Mevalarning gullash va etilish jarayoni yil bo’yi to’xtovsiz davom etadi, ammo asosiy hosil yiliga to’rt marta yig’ib olinadi. Muskat daraxti mevasining o’lchami va shakli nokni eslatadi. U pishib yetilgach, tilla rangiga kiradi va ikki bo’lakka bo’linadi. Bu ikki bo’lak qizil va zich etdan iborat, uning ichida yong’oqqa o’xshash urug’ bor. Ushbu urug’larning ichida muskat yong’og’ining ziravor sifatida ishlatiladigan qismi joylashgan. Yong’oq etdan ajratib olingach, maxsus pechduxovkalarda po’stlog’i yorilib ketguncha quritiladi. So’ngra u pechdan olinib, po’chog’i tozalanadi. Po’chog’i archilgan yong’oqni bemalol yeyish mumkin. Muskat yong’ogi turli ovqatlarga tuyilgan holda solinsa ham, uzoq masofalarga sifatini yo’qotmaslik uchun butun holicha tashiladi. Sifati past yong’oqlardan ovqatga yaroqsiz ekstrakt — muskat yog’i olinadi.