Naqsh

Naqsh — 1) Sharq xalqlari musiqaga xos bezak nomlaridan biri; 2) O’n ikki maqom tizimi tarkibida uchraydigan musiqiy shakllardan biri. Xo’ja Abdulqodir Marog’iy (14-asr)ning safi- Uddin al-Urmaviy (13-asr) asariga yozgan sharhida Naqsh 14 xil musiqiy janr va shakllar qatorida keltirilgan. Najmiddin Kavkabiyning yozishicha, Naqsh murakkab shakldagi ikki baytni qamrab oladigan kichik hajmdagi asar sifatida ta’riflagan. Naqshlar far’, turk-zarb, foxtazarb kabi qadimgi doira usullari asosida bastalagan. «G’iyos ul-Lu-g’at» (19-asr)ga ko’ra Naqsh shakli xurosonlik badihago’y baxshilar ijodi bilan bog’liq qolda yuzaga kelgan. O’tmishda Ustod Shodiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Kavkabiy, Feruz va boshqalarning Naqshlari mashhur bo’lgan. Shashmaqom tarkibidan o’rin olgan Naqshlar bizgacha umumiy (tarona) nomi etib kelgan. Shu jumladan, Nasri Bayot taronasi, Nasri Ushshoq Taronasi, Segoh Taronasi kabi ashula yo’llarida Naqsh xususiyatlari namoyon bo’ladi. Xorazm maqomlari aytim yo’llaridagi Naqsh esa o’z nomi bilan yuritiladi. Ravshan Yunusov.