Nasl uchun g’amxo’rlik
Nasl uchun g’amxo’rlik – hayvon larning o’z naslini yashab qolishi va rivojlanishini ta’minlash uchun eng qulay sharoit yaratishidan iborat faoliyati. Oddiy holda Nasl uchun g’amxo’rlik pana joy tanlash va oziq to’plashdir. Masalan, ayrim pardaqanotlilar falajlangan hasharot tanasiga tuxum qo’yadi. Hasharot tuxumdan chiqqan lichinka uchun oziq bo’ladi. Nasl uchun g’amxo’rlikning nisbatan mukammal shakli naslni passiv va aktiv parvarish qilishdan iborat. Birinchi holda ona yoki ota organizm tuxumlari yoki yosh naslini terisidagi maxsus chuqurchalari, teri burmalari, xaltalarida olib yuradi. Nasl uchun g’amxo’rlikning bu shakli ayrim ignaterililar, qisqichbaqasimonlar, mollyuskalar, chayonlar, o’rgimchaklar, baliklar (dengiz otchasi, igna baliq), suvda va quruklikda yashovchilar (doya qurbaqa, pipa), tuban sut emizuvchilar (exidna, xaltalilar) uchun xos. Aktiv Nasl uchun g’amxo’rlikda voyaga yetgan organizmlar pana joy quradi; bolalarini oziqlantiradi, isitadi, himoya qiladi va parvarishlaydi. Ko’pchilik qushlarning modasi yirtqich hayvonni turli yo’llar bilan aldab, bolalari va tuxumlari turgan joydan uzoqroqqa olib ketishga harakat qiladi. Tuyokli hayvonlar podasi yosh hayvonlarni o’rab olib, ularni yirtqichlardan himoya qiladi. Evolyutsiya jarayonida Nasl uchun g’amxo’rlik naslning yashab qolish imkoniyatini oshiradi; ortiqcha serpushtlikka barham beradi.