Navoiy maqbarasi

Navoiy maqbarasi – Hirot (Afg’oniston)dagi me’moriy yodgorlik. Shahar tashqarisidagi Musallo markazida, Injil arig’ining Janubiy qirg’og’i yaqinida joylashgan gumbazli oddiy bino. Gavharshodbegim maqbarasiga qiyoslab hirotlik savdogar hoji G’ulomhaydar Muxtarzoda qurdirgan (1947). Tarhining tashqarisi 10×10 metr, ichkarisi 6×6 metr. Devor qalinligi 1 metr. An’anaviy mayda chorsi g’isht (18x18x5 santimetr) ganchxok loyida terilgan. Ichki bezagida ganchkori naqsh va iroqisimon bezak qo’llangan. Tarzlari ravoqli, tobadonli, Janubiy ravoq — ochiq eshik vazifasini o’taydi. Gumbaz osti gardishining 4 tomonida darcha bor. Maqbara bezaksiz, xona o’rtasida kichik dahma qora marmar (182×41—35,6×4 santimetr) bilan qoplangan, unda nasta’liq xatida «Hazrat Amir Kabir Nizomiddin Alisher Navoiy Hiraviy. Tavalludi 844, vafoti 906 hijriy, donishparvar vazir» degan so’zlar bitilgan. Mazkur qabrtosh Kobuldan keltirib o’rnatilgan (1967). Navoiy maqbarasini va uning atrofidagi masjid, maqbaralarni qayta qurish o’zbek me’morlari tomonidan loyihalashtirilmoqda.