Navro’z bayrami

“Navro’z hayot abadiyligining, tabiatning ustuvor qudrati va cheksiz saxovatning, shu bilan birga bizning bir necha ming yillik qiyofamizning, urf-odatlarimizning mangulik ifodasi tasdig’idir” – Islom Karimov.

O’zbekiston mustaqil bo’lganidan so’ng Navro’z respublikamizning asosiy bayramlaridan biriga aylandi va har yili katta tantanalar bilan nishonlanmoqda. Navro’zga tayyorgarlik ishlari 2-3 oy avval boshlanadi. Respublika, viloyat, shahar, tuman, korxonalar darajasida bayramni tashkil qilish kengashlari ish boshlaydi. Navro’zga tayyorgarlik ko’rish rejalari va uni yuqori saviyada o’tkazish tadbirlari belgilanadi. Bayram oldidan shaharlar, qishloqlar, mahallalar, ishxonalar tartibg keltiriladi. Umumxalq hasharlari o’tkaziladi. Navro’z arafasida xayriya ishlari: muhtojlarga yordam berish va qariyalarni ziyorat qilish, kasallar holidan xabar olish ishlari amalga oshiriladi. Navro’z arafasida va bayram kuni sumalak, halim, ko’k somsa kabi taomlar pishiriladi. Qizlar Nanro’z kuni kiyadan liboslarini tayyorlashga kirishadilar. San’atkorlar Navro’zga bag’ishlangan kuy-qo’shiq, raqs tomoshalarini tayyorlay boshlaydilar. Navro’z kuni barcha joylarda katta tomoshalar, tantanalar va xalq sayillari bo’lib o’tadi. Toshkent shahrining “Milliy bog’i” da har yili Navro’zga bag’ishlangan respublikadagi eng yirik teatrlashgan tomoshalar bo’lib o’tadi.

Bu tadbirlarda san’atkorlar bahorni kutib olish, tabiatning yangilanishi, insoniy dillarning poklanishiga dalalarda yangi mehnat mavsumi boshlanishiga bag’ishlangan kuy, qo’shiqlar ijro etadilar. Navro’zga bag’ishlangan asosiy tomoshalardan so’ng, shaharning Mustaqillik maydonida, Xalqlar do’stligi saroyida, Alisher Navoiy teatri, Sayilgoh ko’chasida, Xadra maydonida va boshqa joylarda katta xalq sayillari bo’lib o’tadi. Sayilda har kim o’ziga yoqqan tomoshalar, tanlovlar, musobaqalar, konsert va o’yinlarda qatnashishi mumkin. Xalq sayillari kechgacha davom etadi.

Navro’z 1991 yil bayramining Toshkentning bosh maydonida o’tkazilgan asosiy tomoshasida (ssenariy mualiflari U.Qoraboyev, B.Aminov, B.Norbekovlar, bosh rejissyor B.Hamidov) koinot va tabiat qonunlari asosida quyoshning hamal burjiga kirishi, bahorgi kun bilan tun tengligi, tabiatning jonlanishi, dalalarda yangi mehnat boshlanishiga oid g’oyalar o’z aksini topdi. Shuningdek bayramda do’stlik, turli millatlarni birlashtirish, ona vatanimiz tarixidan lavhalar hikoya qilish g’oyasi ko’zda tutildi. Navro’z tomoshasining boshida maydonga Gul, Navro’z, Bahoroy, Dehqon bobo kabi siymolar kirib kelishi qatnashchilarga navbahor go’zalligini his qilishga imkon yaratdi.

Maydonning turli tomonlariga Toshkentning 12 darvozasi va qadimgi shahar ramzi yaratildi. Navro’z shahriga Ipak yo’li bo’ylab turli tomonlardan karvonlar kirib keldi. Dillarga shukuh baxsh etuvchi katta tomosha boshlandi. “Navro’z syuitasi”, “Xalqlar do’stigi” tomoshalari bayramona kayfiyat baxsh etdi.

Bayramda Surxondaryoning “Boysun”, Andijonning “Sumalak”, Samarqandning “Beshqarsak”, Buxoroning “Nozanin” ansambllari xalq an’analari, o’yin va tomoshalarini jonlantirdi. “Boysun” ansamblining suv va dehqonchilik bilan bog’liq qadimiy “Sust xotin” nomli teatrlashtirilgan tomoshasi, yomg’ir chaqirish odati ifodalangan “Yada toshi rqsi”, dalaga qo’sh chiqarish, birinchi urug’ qadash kabi deyarli unut bo’layotgan marosimlar tiklanib, badiiy shaklda taqdim etildi (O’zbekiston san’ati. T.200L-190-bet).

Katta navro’z sayli shaharning bosh maydonida, Xalqlar do’stligi, Alisher Navoiy nomli teatr maydonida, Xadra maydonida ertalabdan kechgacha davom etdi. Kechruqungi mushakbozlik Navro’z osmonini charog’on etdi.

1992 yil. Gullarga burkangan Xalqlar Do’stligi maydoni uzra Navro’z quyoshi charaqlaydi. Maydon uzra O’zbekiston bayrog’i hilpiraydi, karnay-surnay, nog’orayu childirmalarning sadosi olamni tutadi. Minglab sharlar osmon tomon intiladi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning nutqi yangraydi. Keyin maydon o’rtasida oppoq libosdagi oqlik kunlarga yetgan “Ona Tabiat”, o’z dugonalari bilan sabzavoriy libos kiygn “Gulbahor”, o’z jo’ralari bilan “Navro’zbek” tashrib buyurdi. Xalqimizda Navro’z sevishganlar to’ylariga ulanib ketgan. Aynan shu an’anani davom ettirib Navro’z kuni to’y qilgan oshiqlar Toshkent shahrida kame mas ekan. Ular Navro’z bayramiga taklif qilingan. Bayram qahramonlari “Ona Tabiat”, “Navro’zbek” va “Gulbahor” yosh kelin-kuyovlarni qutlashadi, baxt tilashadi. Bayram esa tobora jo’shqin tus olib, kuylarga raqslar, raqslarga qo’shiqlar ulanib ketdi.

“Shahrimiz mahallalarning milliy qadriyatlarimizni namoyish etib maydonni to’ldirib o’tishi, bayramga ayniqsa o’zgacha shukuh baxsh etdi. Chavandozlarning, karvonlarning maydonga tashrifi esa xuddi Buyuk ipak yo’lining bayramga tutash bo’lganini eslatdi.

Olam to’la gul edi go’yo. Raqqosalar – gul, odamlar – gul, daraxtlarda gul, har qadamda gul. Mabodo tepadan qaraganimizda Xalqlar do’stligi maydoni favvoralari ko’kka sapchigan, O’zbekiston milliy bog’i bir butun gulzor qiyofasini olgan:

Gullarni olamga ifor deb sochdi

Xush kelibsan elga bahor, deb sochdi

Qanchalar faraxbaxsh nahor deb sochdi

Binafshalar bilan yo’g’rilgan qo’shiq.

Navro’z gina-adovatlar unut bo’ladigan kundir. Hamma bir-biriga mehr qo’lini cho’zadigan, bu qo’llar do’stlik, birodarlik uchun mahkam birlashadigan kundir. Milliy bog’imizdagi bayram dasturxonlari atrofida sumalak totgan turli millatga mansub masrur chehralarni ko’rib bir quvnaysiz, bir yonda ozarbayjon, bir yonda koreys, bir yonda uyg’ur birodarlarimizning san’ati namoyish etilgay.

Navro’zning quyosh nurlari shahrimizning barcha maydonlariga yetib bordi. U yerlarda ham bo’lib o’tdiyu go’yo Xalqlar Do’stligi maydoni ulkan bir dengizu o’n bir maydondagi shodliklar unga quyiladigan irmoqlar edi. Butun shahar ushbu kun to’yxona bo’ldi” (Temur Ubaydullo. Binafshalar bilan yo’g’rilgan qo’shiq. Toshkent oqshomi. 1992 yil, 23-mart).

Xalqlar Do’stligi saroyining yon tomonida xalq o’yinlari musobaqalari avjiga chiqdi. Bu yerda turli azaliy o’yinlar, milliy sport turlari, qiziqarli musobaqalar, tortishuvlar, dorboz, polvon, masxarabozlarning tomoshalari, “milliy marosimlar” namoyishlari uyushtirildi.

Markaziy sahnada esa turli teatrlshtirilgan tomoshalar ko’rsatildi.

Ohista cho’kkan tun shahar uzra millionlab chiroqlarni yoqdi. Xuddi dengiz to’lqinlaridek guvillayotgan maydonlar uzra qo’shiqlar parvoz etaverdi. Qo’shiqlar raqslarga ulanaverdi.

Bayram tantanalari respublikamizning barcha shaharlarida erta boshlanib, oqshomgacha davom etdi.

1993 yil. Bu yilgi bayramda dunyodagi barcha ezgu niyat, yaxshi hislat, fazilat Navro’zga hamogang bo’lib uyg’unlashib ketganligini sezsa bo’ladi. Vatanimiz poytaxti Toshkentning Xalqlar do’stligi maydoni qadimgi an’analarga ko’ra nuroniy oqsoqol Navro’z tantanalariga oq fotiga tiladi. Buning ramziy ma’nosi, hikmati bor, albatta. O’zbek odatlari bo’yicha barcha tantanalar oq soqolli qariyalarning oq fotihasi bilan boshlangan. Bu yilgi bayramning asosiy g’oyalaridan biri xalqlar o’rtasidagi do’stlikni tarannum etish. Zotan, quyosh ziyosi bilan yo’g’rilgan O’zbekiston zaminida yuzdan ortiq millat vakillari yelkama-yelka turib, istiqlolimizni mustahkam yo’lidan porloq istiqbol sari dadil odimlamoqda. Xalqlar do’stligi maydonidagi tantanalarda yurtimiz mehnat ahli tinchlik va totuvlikni nechoqli ardoqlayotgani, azaliy an’analari, urf-odatlarini yangi mazmun bilan boyitib, asrab-avaylab kelayotgani yana bir bor namoyon bo’ldi.

Xalqlar do’stligi, Furqat ko’chalari bilan O’zbekiston shohko’chasi kesishgan joydagi ulkan maydon Benazir ko’rki va salobati bila kishini hayratga soladi. Bugun u bayramona bezatilgan. Turfa rangli bayroqlar, san’atkor qizlar kiygan serjilo milliy liboslar bilan uyg’unlashib, misli chamanzorga aylangan. Ayniqsa Xadra tomondan nazar tashlasangiz, maydon to’rida qad rostalagan biron bag’rini ochib, mehmonlarni chorlayotgandek tuyuladi.

Koshona poyida, marmar zinapoyalardan tushaverishda chorpoyalar o’rnatilgan. Bu yerda baxmal ko’rpachalar yozilib, necha-necha navro’zlarni qarshilagan otaxonlar savlat to’kib o’tiribdi.

Borliqni karnay-surnay navolari, childirmalar jarangi tutib, kurrai zamin timsoli bo’lmish shar osmonu falakka ko’tarildi. Unga ona Vatanimiz xaritasi, milliy tamg’amiz hamda bayrog’imiz tasviri tushirilgan.

Karnaylar na’rasi, doiralar sadosi asta-sekin uzoqlashadi. Rang-barang bayroq tutgan tug’dorlar orasidan harir libos kiygan. “Bahor” qizlari chiqib keladi. Ulkan maydon uzra Muhammadjon Mirzayevning mashhur “Bahor” valsi yangraydi.

Respublikamizning mashhur san’atkorlari hamda poytaxtimiz tumanlarida faoliyat ko’rsatayotgan badiiy havaskorlik jamoalari tayyorlangan “Navro’z gullari” vocal-raqs kompozitsiyasi, barcha viloyatlardan kelgan folklor-etnografik guruhlar namoyish etgan xalq qo’shiq va raqslari, sumalak pishirish, kelinsalom kabi udumlarimiz aks etgan tomoshalar yig’ilganlarda unutilmas taassurot qoldirdi. Shu lahzalarda maydonga nazar tashlasangiz, o’zingizni fasli bahor og’ushida, raqqosu-raqqosalar, xonandayu-sozandalar davrasida-xalq ijodiyotining bitmas-tuganmas chasmasi qoshida turgandek his etasiz.

Xalqlar do’stligi maydonining har ikki tomoniga Toshkent shahri tumanlari tashkil etgan savdo rastalari o’ratilgan. Taxtasupalar badiiy havaskorlar ixtiyoriga berib qo’yilgan. Bayramning asosiy tantalari saroy poyidagi sahnada kechsada, bu yerdagi jamoalar ham bayram ruhini yanada boyitishga xizmat qilmoqda…

Xo’ja Nasriddin boshchiligidagi masxarabozlar jar solib, xalqni sayilga chorlaydi…

O’zbekiston milliy bog’idagi sayxonlikda chodirlar tikilgan. Sovut-qalqon taqqan lashkar hazil-mutoyiba qilib hordiq chiqarmoqda. Otlar qantarib qo’yilgan. Katta qozonda osh damlangan, choy qaynab turibdi. Jangu jadal, yurish to’xtatilgan. Zotan, bugun – Navro’z. Bu tarixiy ko’rinishda XIV-XVI asrlardagi voqealarni jonlantirishga harakat qilingan.

Favvoralar otilib turgan bog’ning ko’rkam go’shalari Toshkentda faoliyat ko’rsatayotgan qozoq, Turkman, tojik, uyg’ur, koreys, tatar madaniy markazlari ixtiyoriga berib qo’yilgan. Turli millat vakillari bu yerda o’z an’analari, urf-odatlari, pazandalik mahorati va san’atini namoyish etmoqdalar.

“O’zbekiston poytaxtining Mustaqillik markaziy maydonida Navro’z kuni erta tongdanoq bolalarning sho’x kulgisi yangradi. Kichkintoylar va ota-onalarning ochiq chehralari maydonning bayram bezagiga hamohang edi. Mustaqillik obidasining ikki tarafiga joylashtirilgan rangdor rasm va shiorlar, savdo rastalarining lojuvard gumbazlari, paydar-pay otilib turgan favvoralar bayram kayfiyatiga monand. Toshkent tomoshabog’lari maydonda o’z bo’limlarini ochishgan. Maydonning qoq o’rtasida ot o’yini va arg’imchoqlar o’rnatilgan, turli o’yin-kulgi qurilmalari bolalarning shodligiga shodlik qo’shadi…” (“O’zbekiston ovozi” gazetasi, 1993 yil, 23 mart).

1994 yil. Bu yilgi Navro’z tantanalarining asosiy qismi Alisher Navoiy yodgorligi maydonida, bir tomoni “Xalqlar do’stligi” saroyi va maydoni bilan tutashib ketgan ulkan sahnalarda namoyish etildi. Mehmonlarga atalib dasturxonlar yozildi. Odamlar xursand. Ovoz kuchaytirgichlardan nafis kuylar, bahoriy ruhdagi she’rlar yangrab turibdi. Bayram shodiyonalari bolalar ijrosidagi qo’shiq va raqslar bilan boshlandi. So’ng eng yetuk san’atkorlar bilan Toshkent shahri tumanlaridan kelgan havaskorlar ijrosida “Dehqon bayrami” syuitasi ijro etildi.

Qoraqalpog’iston va 12 viloyat vakillarining folklor guruhlarining chiqishlari o’ziga xos bo’ldi. “Alyor, Navro’z” deb nomlangan raqsli, teatrlashtirilgan qo’shiq ikki soatlik bayram dasturiga yakun yasadi. Bayram tantanalarining davomi poytaxtimizning turli go’shalarida davom ettiriladi.

Bayram O’zbekiston san’atkorlari va madaniyat arboblari uchun ijodiy sinov va mahorat maktabi bo’ldi. Ulaar o’zlarining xalq ruhiyati, qiziqishlari va orzu-istaklarini qanchalar bilishlarini namoyish etdilar.

1995 yil. O’zbekiston milliy bog’i va Xalqlar do’stligi saroyiga tutashib ketgan Alisher Navoiy yodgorligi maydoni bugun har qachongidan o’zgachca manzara kashf etgan. Salobat to’kib turgan buyuk Navoiy haykali, yarim doira shaklida qurilgan uch ming nafardan ziyod tomoshabin o’tiradigaan muvaqqat joy, uning atrofida qad ko’targan 6 moviy gumbaz, tovusdek tovlanuvchi matodan yasalgan bezaklar, o’rtadagi ulkan sahna va bu yerdan Navoiy yodgorligi poyigacha cho’zilgan namoyishgoh, shadada hilpirab turgn rang-barang bayroqchalarni ko’rib bugun vujudingiz bayram shukuhiga to’ladi…

Shodiyonalar avvalida respublika Prezidenti Islom Karimov O’zbekiston xalqini go’zal bahor ayyomi – Navro’zi olam bilan muborakbod etib, tabrik nutqi so’zladi.

Mamlakatimiz rahbari o’z nutqida Navro’z tarixi, uning bugungi kunda nafaqat o’zbek xalqi, balki respublikamizda istiqomat qilayotgan turli millat vakillari tomonidan ham birdek umumxalq bayrami sifatida nishonlanayotgani xususida gapirdi. Darhaqiqat, bu ayyom o’lkamiz istiqloli tufayli yangicha mazmun kasb etgan holda, xalqlar do’stligi, birodarlik, qon-qardoshlik bayramiga aylandi.

So’ng Navro’zga bag’ishlangan tomoshalar boshlandi. Rang-barang libosslardagi yigit-qizlar safi karnay-surnay va nog’ora sadolari ostida hazrat Navoiy poygohidan tomoshagoh sari yo’l oldi.

Keng sahnada “Muqaddima” va 4 qismdan iborat “Koinot”, “Suv”, “Quyosh”, “Yer” deb nomlangan teatrlashtirilgan tomoshalar boshlandi. Poytaxtning mashhur san’at ustalari, iqtidorli ijrochi yoshlari tayyorlagan ajoyib tomoshalarda olamning yaratilishi, suv tiriklik ramzi, quyosh taftining sharofati, yer – ona zamin haqidagi qadimiy afsonalar jonlandi. Gullar tebranishi yanglig’ raqslar, dilrabo qo’shiqlar, mehnat, ezgulik haqidagi she’rlar qalblarni to’lqinlantirdi (O’zbekiston ovozi, 1995 yil, 22 mart).

Olam bunyod bo’lishida muhim o’rin tutgan to’rt unsurdan biri – suvga e’tiqod bizga bobomerosdir. U poklikka, halollikka bo’lgan intilishlardan paydo bo’lgan. Istiqlol xalqimizga moddiy va ma’naviy boyliklarni tiklash va qadrlash imkonini berdi. Qadim ajdodlarimiz – so’g’dlardek kiyingan qizlar yelkalarida sopol ko’zachalar bilan sahna aylanadi, suvni ulug’lab, qo’shiq aytdi. Yog’och tulpor kiygan bolalar raqsga tushadi, qizchalar bir-birlariga yorug’lik va ezgulik ramzi bo’lgan suvni sachratib o’ynaydilar.

Kuy qo’shiqqa, qo’shiq raqsga, raqs olqishga ulanadi. Tomosha uzra quyosh timsolidagi havo shari yuksaladi. Quyosh-insoniyatning, yerning murabbiysi. Quyosh ramzi bo’lgan raqqos yetti sayyora-qizlar qurshovida sahnaga chiqdi. Quyoshga sig’ingan ko’hna ajdodlarimiz yodga tushadi. Kuy, g’azal va raqslarda haqiqat, ozodlik, hayot, abadiyat ramzi bo’lgan oftob madh etiladi.

Sahnada tomoshaning navbatdagi qismi injoniyat vatani – ona-yerning yaratilishiga bag’ishlandi. Mustaqil O’zbekiston yer xaritasida o’zining munosib o’rnini egallagani raqs va qo’shiqlarda ifoda etildi.

Sahnaga yer sayyorasining ramzi – tabiatning turfa ranglari aks etib turgan libosdagi qiz kirib keladi va charh urib raqsga tushadi. Turli xalqlar va elatlar san’ati namoyish qilinadi. Turli xil milliy liboslar kiygan yigit-qizlar O’zbekistondagi barqaror muhit, millatlararo totuvlik, xalqlar do’stligini kuy va maqomlarda ulug’laydilar. Qozoq, qirg’iz, Turkman, qoraqalpoq, koreys, ukrain, rus va boshqa xalqlar milliy san’atidan ko’rsatilgan lavhalarda Navro’z umumxalq bayrami sifatida tarannum etiladi.

Nihoyat, maydonga Navro’zoy tashrif buyuradi. Boychechaklar, lolalar rango-rangligi ko’zni quvontiradi. Maydon chetida yuksak tog’ va adirlar, qizg’aldoqlar manzarasi paydo bo’ladi. Charxpalak yetti xil rangda tovlanib aylanadi. Urug’lik solingan qoplarni orqalab norg’ul yigitlar kirib keladi.

Turfa xil bayroqlar, rang-barang gullar va serjilo liboslar o’zaro uyg’unlashib, bu Benazir maskan bamisoli jannatiy gulzorga aylangan. Qiziqchilarning ichak uzdi askiyalari, masxarabozlarning ko’rsatayotgan tomoshalar sayil ahlini xushnud etdi. Maydonning bir necha joyida tiklangan dorlarda dorbozlar muallaq turib tomosha ko’rsatdi. Undanda yuksakda – bulutlarga yondosh joylarda rangin varraklar parvoz qiladi… (“Xalq so’zi”. 1995 yil, 22 mart). Bu olqishlar Navro’z tantanalari badiiy rahbari va bosh rejissyori, O’zbekiston xalq artisti Bahodir Yo’ldoshev, bosh rassom – O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi Georgiy Brim, ssenariy muallifi Xurshid Davron, teatrlashtirilgan sahnalar bosh rejissyori, O’zbekistondaa xizmat ko’rsatgan san’at arbobi Nabi Abdurahmonov, baletmeysterlar – Yulduz Ismatova, Dilafro’z Jabborova, Qodir Mo’minov va boshqa ko’plab taniqli san’atkorlar, tashkilotchilarga ham tegishli edi, albatta. O’zbek davlat filarmoniyasining “Shodlik”, “Zarafshon”, “Lazgi” xalq ashula va raqs ansambllari, O’zbekiston xalq artistlari G’ulomjon Yoqubov, Ortiq Otajonov, Ahmadjon Shukurov va boshqa taniqli san’atkorlarimiz me’yoriga yetkazib ijro etgan lavhalarni tomoshabinlar uzoq eslab yursalar kerak…

Xullas, 1995 yilgi tomosha hayotning yaratilishi Navro’z bilan bog’lanadi. Jumladan, Navro’z Koinot, Quyosh, Yer, Suv yaratilgan kun sifatida taqdim etildi. Tomoshaning har bir qismida Yer, Suv, Yetti sayyora, Bahoroy, Dehqonbobo singari ramziy obrazlar haqida falsafiy-badiiy fikrlar o’z aksini topdi (O’zbekiston san’ati T.2001. – 190-191-betlar).

Navro’z tantanalari poytaxtimizning Mustaqillik, Xalqlar Do’stligi maydonlarida, Amir Temur va sayilgoh hiyobonlarida, Mirzo Ulug’bek, Hadra, Alisher Navoiy teatri maydonlarida, istirohat bog’larida keng nishonlandi.

1996 yil. Elimizga yana Navro’zga keldi!

Hayotbaxsh yerlarda yashash va yasharish faslining ilk chechaklari unib chiqayotgan Vatanimiz ostonasida xalqimizning azaliy va orzuli bayrami Navro’zi olam yana eshik qoqib keldi.

Bugun diyorimizning hamma burchaklarida Navro’zni munosib kutib olishga tayyorgarlik nihoyasiga etdi. Poytaxtimizning asosiy bayramlar maskani – Mustaqillik maydoni, Sayilgoh, Xalqlar Do’stligi, Alisher Navoiy nomidagi teatr, Ulug’bek, Hadra maydonlari bayramga har jihatdan taxt qilib qo’yildi.

Navro’z in’om etgan xush kayfiyat, bayramona ruh bugun ozod Vatanimizning har bir go’shasida, jumladan, Poytaxtning Alisher Navoiy nomidagi milliy bog’da hukmron.

Mamlakatimiz Prezidenti Islom Karimov O’zbekiston xalqini go’zal bahor ayyomi – Navro’z bilan muborakbod etib, tabrik nutqi so’zladi.

Maydon uzra bayram sadosi yangradi. Karnay-surnaylarning dillarni qitiqlovchi ovozi atrofni tutdi. Navro’z tantanalari boshlanib ketdi. Rang-barang bayroqlar ko’targan yigit-qizlar tomoshagoh sarhadga tizildilar.

Bayram muqaddimasi “Navro’z kelur” deb atalib, unda bu bayramning kelib chiqishi, xalq orasida saqlanib qolgan rivoyatlar asosida teatrlashgan tomosha havola etildi.

Birinchi qism – “Sumalak afsonasi” nomli vocal-xoreografik sahnada sumalakning kelib chiqishiga oid go’zal afsona bilan boshlandi.

“Bobodehqon – baraka topsin” deb nomlangan ikkinchi qismda mehnat mavsumining boshlanishi, dehqonning rizq urug’ini sepish manzaralari aks ettiradi.

“Navro’z va Ayamajuz” nomli uchinchi qismda quvnoq va qayg’uli tarzda yorug’lik va qorong’ulik, ezgulik va yovuzlik, issiqlik va sovuqlik o’rtasida doimiy raqobatchilik badiiy obrazda aks ettirildi.

“Amir Temur Navro’z saylida” nomli to’rtinchi qismda sahnaga sohibqiron Amir Temur tashrif buyurdi. Bu bejis emas. Chunki 1996 yil – Amir Temur yili. Sohibqironning 660 yillik ayyomi yaqinlashayotgani ham Navro’z tantalariga o’zgacha fayz baxsh etmoqda. U muzaffar yurishlaridan so’ng har galgidek Navro’z saylida ishtirok etishni ixtiyor etgan. Go’yo u asrlardan kechib o’tib, bugungi avlodni shodiyona ayyom bilan qutlayotganday, “Arazlar unutilsin, tantalar boshlansin” – Temurning bu amridan so’ng karnay-surnay sadolari atrofni tutdi. Kuch adolatda ekanini ta’kidlagan ulug’ Amir ellarni tinch-totuv yashashga, omonlikka da’vat etdi (“O’zbekiston ovozi” gazetasi, 1996 yil 22 mart).

“Navro’z sayli – Turon karnavali” nomli beshinchi qismda respublikamizning turli viloyatlari namoyandalari o’z san’atlarini namoyish etdilar. Ular Toshkentu Farg’onaning, Andijonu Surxondaryoning, Jizzaxu Navoiyning, Namanganu Xorazmning, Buxoroyu Qashqadaryoning, Samarqandu Sirdaryo, qondosh Qoraqalpoqning Navro’z an’analarini targ’ib etdilar.

Toshkent shahar tumanlari bayram karnavaliga o’ziga xos tuhfa tayyorlashdi. Har bir tuman turkiy xalqlar taqvimidagi bir hayvon yoki parrandaga oid sahna ko’rinishlari bilan bayramga kirib keldilar. Jumladan, Yunusobod tumani “Tovuq” yili muchali bo’yicha o’z bilim va topqirliklarini namoyish etishdi.

Ana ot aravada xo’roz va tovuqning katta ramziy makentlari o’tmoqda, orqadagi aravada katta “tuxum”. “Tuxum”ning teng qismi sindirilgan, unda “jo’ja” chiqib, barchani bayram biln qutlab, qichqirib qo’yadi. Teatrlashtirilgan “Parranda hakka” sahna o’yinini havaskor artistlar yumorga boy qilib ijro etishdi.

“Qushlar bayrami” haqiqiy tabiat, ko’ngil ochish bayrami sifatida sahnaga olib chiqildi. Shaharning turli go’shalaridan taklif etilgan qush boquvchilar o’zlarining to’ti, konoreyka, tovus, kaptarlari bilan bayram qatnashchilariga zavq ulashdilar. Xo’roz urishtirish o’yinlari ayniqsa, tabiiyligi bilan ajralib turdi.

Tomoshalarda Respublikamiz teatrlari jamoalari, O’zbek Davlat filarmoniyasining taniqli ansambllari, O’zbek Davlat tsikri, O’zbekiston teleradiokompaniyasi qoshidagi badiiy jamoalar, M.Uyg’ur nomidagi Toshkent davlat madaniyat institute, Toshkent madaniyat texnikumi, Respublika xoreografiya bilim yurti jamoalari qatnashdilar.

Alisher Navoiy nomidagi bog’ merorialida o’tgan asosiy bayram dasturini Yo’ldosh Muqimov ssenariysi asosida san’at arbobi Rustam Hamidov bosh rejissyor sifatida tayyorladi.

1997 yil. Navro’z! Ko’klamga intiq dalalarning olamga sig’magan quvonchi. Ilk bor nazarga tushgan boychechakni ko’ngil ko’zlariga surkab yana bir bahorga yetkazgani uchun Yaratganga shukrona aytayotgan momolarning yuzlaridn balqib turgan nur.

Navro’z daraxtlar shoxlaridan bo’rtib-bo’rtib chiqayotgan xonadon kurtaklarning, pastda yelkalarga yelpinib turgan xushhol maysalarga salom! Sochlariga tolbargak taqqan qizaloqlarning izlariga to’kilib qolayotgan kulgu…

Navro’z! Navro’z hammamizni yaratishga, mehnat qilishga, yerga urug’ qadashga chorlovchi ko’klamning jarangidir. Mehnat qigan odam esa o’zi ham ekkan niholi bilan birga o’sib boradi. Ko’ngildan gullab, qalbida oftobi balqib borayotgan olam ig’vodan, hasaddan yiroq bo’ladi. Mehnat ko’ngil ehtiyojiga aylangan joyda zamin go’zal, odam go’zal… (“Toshkent haqiqati”. 1997 yil, 21 mart).

Navro’z bahor, obodonchilik, mehr va muruvvat bayrami bo’lgani uchun unga butun respublikamizda puxta tayyorgalik ko’rildi. Keng miqyosda obodonchilik, ko’kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi.

“Navro’znoma” deb atalgan bu yilgi bayramda O’zbekiston quyosh o’lkasi ekani, unda mehnatkash inson va yangilanish ulug’lanib kelingani tarannum etildi. Tomosha mazmunida obrazli – ramziy shaklda Quyosh, Inson, Nihol, Muchalar timsollarida foydalanilgan. Ayniqsa, tomoshadagi 12 muchalga bag’ishlangan vocal xoreografik kompozitsiya mazmunga mos go’zal shaklga ega bo’lgan.

Maydonda ulkan sharlardan yasalgan 12 muchal paydo bo’ladi. “Muchal” deb nomlangan vakil ramzi xoreografik kompozitsiyada har bir burjning o’ziga xos jihatlarini aks ettiruvchi qo’shiq va raqslarni ijro etadi. Bu yil taqvimga ko’ra sgir – ya’ni, qut-baraka yilidir. Sigir tilidan aytilgan

Yerga don sochgan mo’l – bo’ldi,

Elgaa sut berdim – ko’l bo’ldi.

degan so’zlardan ham ana shu teran ma’no zohir…

Mo’taabar ona bayram qatnashchilarini, barcha yurtdoshlarimizni qutlaydi, duoi fotiha qiladi. Ona tilagi, duosi, albatta ijobat bo’ladi, deydilar.

Turonzamin xalqlari qadim-qadimdan Turkistonni umumiy uyimiz, deb biladilar. Mustaqillik yillarida ana shu tarixiy do’stlikni yanada mustahkamlash, Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va barqarorlikni saqlab qolish yo’lida ko’p sa’y-harakat qilindi. Qirg’iziston, Qozog’iston va O’zbekiston davlatlari o’rtasida yagona iqtisodiy makon barpo etildi. Bayramda ushbu mavzu ham tarannum etildi.

Quyosh yuksalib, tobora mo’l-ko’l nur sochadi. Shunda yurakda O’zbekiston atalmish muqaddas yurtimizdan yaratganning nazari, mehr-sahobati hech qachon darig’ bo’lmasin, boshimiz uzra quyosh abadiy nur sochsin, mehnatkash xalqimiz bundanda, yorug’, farovon kunlarga erishaversin, degan tilak uyg’onadi.

Shu kuni azim Toshkentning barcha maydonlarida, mahallarida, xiyobonu mavzelarida bayram shodiyonalari davom etdi. O’yin-kulgi, musiqa sadolari tinmadi. Doshqozonda sumalak, halim qaynadi. Navro’z ne’matlari shahar mehmonlariga tarqatildi. Sahovatpesha xalqimizning bag’ri kengligi, ko’ngil ochiqligi yana bir karra namoyon bo’ldi… (“Xalq so’zi”, 1997 yil, 22 mart).

1998 yil. Navro’z nafaqat inson va tabiatning, balki milliy va qadimiy urf-odatlarimizning ham yangilanish davridir.

 Ko’pkari, kurash kabi sport turlari, chillak, xo’roz urishtirish, arqon tortish va boshqa bir necha o’yinlarimiz ham shu kundan boshlab qayta “jonlanadi”. Uloq chopish, kurashda g’olib bo’lishning ham o’zgacha gaashti bor. Ulkan mamlakatimizning har bir go’shasida – mahalla-yu ovul, qishloq va shaharlarida, qishloq va shaharlarida, qiru adirlarida bugun o’zgacha shukuh, o’zgacha kayfiyat. Ana shunday shukuhli va yangilanish bayramini ota-bobolarmizdan bizga ajoyib meros bo’lib qolgan ajoyib milliy o’yinlarsiz tasavvur etib bo’lmaydi… (“O’zbekiston ovozi”, 1998 yil, 22 mart).

Bu yilgi bayram dasturi “Tabiatning to’rt fasli”, “Bola baxti – oila baxti”, “O’zbekiston – alplar, alpomishlar yurti”, “O’zbekistonning rang-barang guldastasi”, “Xalq ijodiyoti – san’at sarchashmasi” deb nomlangan bo’limlardan iborat bo’ldi.

Har faslining o’z hislati, o’z fazilati bor. Oq libosga burkangan raqqosalar qishning izg’irinlarini eslatsa-da, yuragingizda iliqlik uyg’otadi. Chunki oq rang hamisha poklik ramzi bo’lib kelgan. Tabiatda oqdan so’ng ko’klik – bahor boshlanadi.

Bahor bayrami boshida Prezidentimiz barchani Navro’z bilan qutlab, 1998 yil – Oila yiliga diqqatimizni qaratdi. Chunki halollik, rostgo’ylik, mehr-oqibat, mehnatsevarlik, or-nomus, sharmu hayo oilada shakllanadi. Oila Sharqda azal-azaldan muqaddas dargoh hisoblanadi. Yurtboshimiz bu haqda “Oila hayotning abadiyligi, avlodlarning davomiyligini ta’minlaydigan, muqaddas urf-odatlarimizni saqlaydigan, shu bilan birga, kelajak nasllarga bevosita ta’sir ko’rsatadigan tarbiya o’chog’i…” ekanligini ta’kidladi.

Sahnaga bolalar, nuroniy otaxon va onaxonlar kirib keldi. Chaqaloqning yig’isi eshitildi. Navro’z va chaqaloq, Yangi kun va yangi inson. Ona zamin yarashayapti. Hayot yangitdan boshlanayapti. Bu yil Yo’lbars yili. Sahnada yo’lbars paydo bo’ladi. U hamisha pahlavonlik va mardlik timsoli bo’ib kelgan. Yo’lbars yilida daryolar suvga to’ladi, hosil mo’l bo’ladi, deyishadi. Yilning seryog’in kelishi, qorning har yilgidan ancha ko’p yog’ishi bu gaplarning to’g’ri ekanligini isbotlamoqda.

Ot chopsa gumburlar tog’ning darasi. Maydonda karnay sadolari yangraydi. Sahnaga g’alaba bilan qaytgan Alpomish va uning alp yigitlari kirib keladi. Ularni Oybarchin o’zi kabi go’zal va dono qizlar davrasida kutib oladi. Turli sport o’yinlari, polvonlarning chiqishlari ko’rsatiladi. Balki Navro’z bundan ming yillar burun Alpomish tug’ilib voyaga yetgan Bobotog’ etaklarida xuddi bugungidek bayram qilingandir. Balki Alpomish bilan Oybarchin Navro’z musobaqalarida ot choptirib, kurash tushib, el og’ziga tushgandir.

Bu yil buyuk vatandoshlarimiz Imom al Buoriy va Ahmad Farg’oniy tavalludlari xalqaro miqyosda keng nishonlandi.

Shu kuni Navro’z tantanalari poytaxtimizning Mustaqillik, Xalqlar do’stligi, Mirzo Ulug’bek, Xadra, Alisher Navoiy nomli teatr oldi maydonlarida, Amir Temur xiyobonida, Sayilgoh ko’chasida, istiroat bog’larida ham nishonlandi (“Xalq so’zi”, 1998 yil, 22 mart).

2000 yil. Bahor va uyg’onish, yangilanish ham ezgulik, mehr-muhabbat, qadr-oqibat, xayru-saxovat ramzi – Navro’zi olam qutlug’ qadami bilan yurtimizga kirib keldi.

Ko’hna tariximiz, qadim madaniyatimiz, milliy o’zligimizning mujassam timsoli, inson ruhini va qalbini yangilaydigan, pokiza orzu-havaslarni uyg’otadigan, biz hamisha muntazir bo’lib kutadigan mana shu fazilatli ayyom bilan barchangizni chin dildan muborakbod etamiz!

Navro’z ayyomida odamzod hayot abadiyligini, umrining mazmun-mohiyati, savob va ezgu ishlarining qadr-qimmatini ayniqsa, teran anglaydi.

Oftob yerni qizdirib, ko’klma shabadalari esganda, daraxtlar kurtak ochganda odamning yuragiga mudrab yotgan saxovat, shafqat, mehr-oqibat tuyg’ulari uyg’onadi.

Beva-bechora, muhtoj odamlar va oilalarga ko’mak berish, ularning ahvolidan xabardor bo’lish, hayot huzur-halovatlaridan ularni bahramand qilish, mehr-muruvvat ko’rsatish kabi ezgu intilishlarimiz, uyimiz, mahallamiz va yurtimizni obod etish ayni Navro’z kunlarida namoyon bo’lishi xalqimiz tabiatiga mos.

Yangi mehnat mavsumi boshlanadigan bu ajib damlarda rizq-ro’zimi bunyodkori-bobodehqon yaxshi niyatlar bilan dalasiga urug’ sochadi.

Navro’zi olam kunlarida xalqimiz o’zining tabiatga yaqinligini, qadrdonligini yanada chuqur his etadi, yam-yashil yaylovlar, tog’lar bag’rida sayil-tomoshalar o’tkazib, shu kunlarga yetkazgani uchun Ollohga shukronalar aytadi.

Bahorning sumalak, halim kabi tansiq ne’matlari tortilgan Navro’z dasturxoni atrofida Hamish qarindosh-urug’lar, yoru-birodaarlar, uzoq-yaqindan kelgan aziz mehmonlarning ochiq ko’ngil, yorug’ yuz bilan jamuljam bo’lishi – bizning azaliy odatimiz.

Bugungi ulug’ ayyomning asrlar davomida elimiz uchun eng aziz va ardoqli bayram bo’lib kelayotganining albatta o’z sabablari bor.

Navro’zi olam o’z mohiyati, o’z ruhi, o’z nafasi bilan xalqimiznign olijanob qalbini, uning asl tabiatini ifoda etadi.

Shuning uchun ham hech qanday kuch Navro’zni na zo’rlik, aldov bilan xalqimiz xotirasidan, ma’naviy hayotimizdan o’chira oladi.

Navro’z ruhi xalqimizning butun dunyo bilan hamjihatlikda tinch-totuv yashash, har qanday zo’ravonlikni rad etib, ezgu maqsadlarni qo’llab-quvvatlashga bo’lgan olijanob intilishlarida, umuminsoniy qadriyatlarga bag’oyat uyg’un ekanida yaqqol namoyon bo’ldi.

Bugungi erkin va ozod hayotimizda Navro’z yangicha ma’no kasb etayotgani, yurtimizda yashyotgan yuzdan ortiq millat va elatlarning ham qutlug’ bayramiga aylanib, ularning ijodkorlik namonalari bilan boyib borayotgani buning yorqin dalilidir.

Buning yana bir tasdig’i –hazrat Navoiy nomi bilan atalgan mana shu go’zal bog’imizda, sayil maydonida o’tkazilayotgan bugungi tantana va tomoshalardir.

Asrlarni bog’lab turuvchi 2000 yil Navro’zi O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov tabrigi bilan boshlandi. “Karnay chaqiruvchi” bayram muqaddimasi – “Vatan Navro’zi”, “Yil fasllari”, “Qush tili” lavhalariga badiiy “ko’prik” bo’di.

Ko’k bag’riga rango-rang sharlar uchirildi. Sahna ustida kabutarlar parvozi charx urdi. Uzoq o’tmishdan “hikoyatlar so’ylovchi” nay sadosi, bulbul “chah-chahi” dan qalblar junbushga keldi, “Vatan” qo’shig’i yangradi.

“Navro’z” hikmatlaridan…” lavasida “O’zbek bola”, “Tong g’uncha”, “Doira”, “Tantana”, “Turnalar” kuy, qo’shiq va raqslari o’z aksini topdi.

Jajji bolajonlarning sho’x-sho’x kuy-qo’shiqlasi sadosi ostida olam misli o’z beg’uborligini, bolaligini namoyon etdi. Ayniqsa, ularning “yurtim osmonidan ketmang turnalar” – deya mitti qo’llarini silkitganini ko’rgan har bir inson, qalbida ham o’sha kezda “Tark etmang Vatanim!” – degan xitob yangragandek edi. Aslida bu – “Sog’lom avlod yili” ning sog’lom avlodlari da’vati edi. (Fidokor gazetasi, 2000 yil, 23 mart).

“Navro’z sayli”da “Samodan sado”, “Uyg’on, ona zaminim” “Yer o’g’loni”, “Eshik oldi besh terak”, “Sumalak”, “Kelin salom”, “Do’ppi tikdim”, “Qilpillama”, “Bozorboyning xotini”, “To’yona”, “Navro’z” badiiy lavhalari aks ettirildi.

“Har go’shasi muqaddas diyor” nomli qismda barcha viloyatlar va Qoraqalpoq Navro’zlaridan badiiy-raqsli ko’rinishlar ko’rsatildi.

“Ko’klam navolari” Estrada blokida O’zbekiston yosh Estrada yulduzlari o’z san’atini namoyish etishdi.

2001 yil. 2001 yil tomoshasi o’zining ramziy bezagi bilan ajralib turadi. Tadqiqotchilar D.Rahmatullayeva, B.Shodiyev bu bayramning poetik nafosati haqida quyidagilarni yozadilar. Milliy bog’dagi asosiy sahna, uning atrofi, Alisher Navoiy yodgorligi zinalari, zin ava asosiy sahna o’rtasidagi ko’priklar, shuningdek maydon ustidagi fazo ham qamrab olingan. Hamma yoqdan bir-biri bilan ham mazmunan, ham badiiy jihatdan bog’langan bayram manzaralari namoyon bo’ladi: dekoratsiya va liboslr, niqoblar, harakatlanuvchi qurilmalar, bayroqlar, puflab shishirilgan qiyofalar, tabiiy va yasama gullar ajib bir manzara yaratadi (“O’zbekiston san’ati”. T.2001., 191-192-betlar).

Navro’z muqaddimasida maydonga “Navro’zi olam keldi”, “Karnay chaqiruvchi” yordamida “Bahor uyg’onishi” sodir bo’ldi. Jumladan, “bayramgaa chorlovchi musiqiy ohanglaarga tabiatning uyg’onishi, borliqning yosharishi, qushlarning chuqur-chug’uri, jilg’alarning shildirashi uyg’unlashib ketadi. Ko’kka uchirilgan rang-baarang sharlar ajib kamalak hosil qiladi, fursat o’tmay, rangin kamalak alvon bulutga aylanib ketadi. Navoiy haykali gumbazi quyosh misol atrofga zarrrin nurlarini taratadi, butun maydon gullarga burkanadi, ular ustida rangin kapalaklar qanotlarini hilpiratib uchadi. (O’zbekiston san’ati. T. 2001, 191-192-betlar).

2001 yil respublikamizda “Ona va bola yili” deb e’lon qilingani bois teatrlashgan tomosha “Ona va bola” suhbati bilan boshlandi. Otlarni yeldek uchirib kirib kelgan “Jarchilar chiqishi”, ularning “bayramga chorlovchi va shaharning qadimiy ramziy darvozasidan kirib kelgan badiiy jamoalar, dorbozlar, qo’g’irchoqbozlar, chavandozlar, masxarabozlar, polvonlar, qo’yingchi, barcha qadimiy va zamonaviy kasb egalari o’z mahoratlarini namoyish etadigan sahnaviy ko’rinish o’ziga xos mutanosiblik va shiddatli harakat bilan o’z o’rnini kelgusi sahnaviy ko’rinishga bo’shatib beradi. Sahnadagi voqealarning shiddatli harakati, mazmunan va mohiyatan bir-birini to’ldirishi tomoshaga yaxlitlik bag’ishlaydi”. (O’zbekiston san’ati. T. 2001, 191-192-betlar).

Bu yil vatanimizda “Avesto”ning 2700 yilligi nishonlangani uchun qadim tariximizning ilk davrlari haqida hikoya qiluvchi “Avesto” haqidagi sahna ko’rinishlri, shuningdek, Navro’z bilan bog’liq qator yaratuvchilik udumlari “Dehqonlar raqsi”, “Hayot zavqi” tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi.

Alisher Navoiy “Navro’z kuychisi” sifatida ham tarixda mashhur bo’lgan. Shuning uchun bayramda shoirning bu boradagi ijodidan “Har kuning o’lsun Navro’z”, “Sarahbori Buzruk”. “Hazrat Navoiy”, “Arzi hol”, “Qo’shchinor”, “Ufori musta’zodi Navo”, “Barhayot Navoiy” kabi lavhalar badiiy tomoshaviy shaklda ifodalandi.

Navro’zni hammadan ko’p bolalar sevsa kerak. Shuning uchun bolalar Navro’zi haqida “Umid chechaklari”, “Sog’lom avlod”, “Onajon va bolajon”, “Laylak”, “Gulg’unchalar”, “Gulg’unchalar”, “Keldi Navro’zi olam”, “Jajji go’zal”, “Yurt ishqida yonaman”, “Lola” mavzulari kuy va qo’shiq, raqslarda o’z aksini topdi.

“O’zbekiston – alplar diyori” qismida “Alpomish avlodlari” haqida xalq termalari yangradi.

“Har go’shasi muqaddas diyor” nomli qismda har bir viloyatning o’ziga xos xususiyatlari, udumlari, o’ziga xos san’ati namoyon bo’ldi. Toshkent viloyatining “O’zbekiston gullari”, “Toshkentim”, “Venzelya”, “Aylonaman”; Farg’onaning “Chaqaloq qutlash”, “Askiya payrovlari”, “Kelin boylandi”, “Do’qqi-do’qqi”; Andijonning “Jononim mening”, “Omon yor”, “Bu Andijon elidur”; Namanganning “Yor aylanay, “Ho-ho yalli”, Sirdaryoning “Sardobaga Navro’z keldi”; Samarqandning “Kelin salom”, “Navro’zim”, “Qutlov”; Jizzaxning “Jizzaxim”, “Navro’z sayli”; Buxoroning “Buxoro to’lqini”, “Doira raqsi”; Surxondaryoning “Baxshi va qiz aytishuvi”, “Boychechak”; Qoraqalpog’istonning “Haydar to’yi”; Qashqadaryoning “Navro’z keldi, chiqho-chiq”; Xorazmning “Olma pishganda galling” kabi rang-barang, serjilo kuy, qo’shiq, raqslari barchani maftun etdi.

Agar Toshkent viloyati chiqishlari xalqlar o’rtasida do’stlik, baynalminallikning yorqin timsoli sifatida namoyon bo’lsa, farg’onaliklarning askiyasi, surxondaryoliklarning xalq termalari, qoraqalpoqlarning xalq qo’shiqlari, qashqadaryoliklarning xalq termalari, xorazmliklarning mashhur xalq qo’shiqlarining har biridaa vohalarning o’ziga os xususiyatlari namoyon bo’ldi (O’zbekiston san’ati. T.2001. – 191-192-betlar).

“Ko’klam navolari” qismida taniqli artistlar va yosh xonandalar Navro’z qo’shiqlarini keng ommaga namoyish etishdi. Bu yilgi Navro’z ham “Xush kelibsan, Bahor” nomli an’anaviy qo’shiq bilan yakunlandi. Bayramni tayyorlash va o’tkazishda respublika ijodiy-tashkiliy guruhining rahbari O’zbekiston Respublikasi madaniyat ishlari vazirining o’rinbosari, O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan quruvchi Bahodir Abdurahimovning xizmati katta bo’ldi.

2002 yil. Ko’z ochib yumguncha yil aylanib, yana Navro’zi olamni qarshiladik, 2002 yil Navro’zi o’zbek xalqi uchun baxt va tinchlik ayyomi sifatida tarixga kiradi.

Mustaqilllik mujdasi bo’lib, hayotimizga kirib kelgan Navro’z o’n ikkinchi bor o’lkamizda umumxalq bayrami sifatida nishonlandi.

Ona-O’zbekistonimiz poytaxti Toshkent, ayniqsa, Alisher Navoiy nomidagi O’zbekiston Milliy bog’i Navro’z bayrami shodiyonalari boshlanadigan muqaddas go’sha sifatida yana mehmonlaarni o’z bag’riga oldi. Bu yerga Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri jamoatchiligi, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlarning vakillari, xorijlik mehmonlar tashrif buyurishdi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov yurtimiz fuqarolarini umrboqiy bayram – Navro’zi olam bilan qutlab, nutq so’zladi: “Yaxshilikka intilish, bizga ato etilgan umrning har lahzasini ezgulikka baxshida etishimiz, muhtoj bo’lib yashayotgan odamlarga mehribonlik, saxovat, muruvvat ko’rsatishimiz, shu bilan birga savob ishni har kun va savob ishni har kim qilishi kerak” degan shiorimizni mana shu kunlarda yanada ko’proq amaliy ishlar bilan isbotlashimiz lozim.

Biz dunyoda hech kimdan kam bo’lmagan yangi hayot, erkin va farovon turmush barpo etish yo’lida keyingi o’n yil davomida qanchadan-qancha dovonlardan o’tdik. Men mana shu xosiyatli ayyomda bir haqiqatni hammamiz chuqur anglab olishimizni istardim, ya’ni inson, oila va jamiyat, avlod va millat taqdiri, bugungi va ertangi baxtu saodati, yorug’ va buyuk kelajagi barchamizning qo’limizda” – der ekan yutboshimiz bu olijanob maqsadlarga yetish uchun birdamlik va ahillik doimo bizlarga suv va havodek zarur ekanligini eslatib o’tdilar.

Prezidentimizning oq fotiasi bilan bayram shodiyonalari boshlanib, karnay-surnay, doirayu nog’ora sadolari olamni tutdi.

Qoraqalpoq qardoshlar va viloyatlarning eng sara san’atkorlari birin-ketin o’z san’atlarini namoyish etib, bayram qatnashchilarini xushnud qildilar.

Baxshilar aytishuvi, laparlar, hazil mutoyiba qo’shiqlar, xalq termalari, askiya payrovlari, dorboz va masharabozlar, polvonlar san’ati, teatr tomoshalari milliy urf-odatlarimiz, qadimiy udumlarimiz Navro’z bilan g’oyat chambarchas bog’langanligini namoyish etdi.

“Navro’z” umumxalq bayrami tomoshasi dasturi muqadimma hamda olti fasldan iborat bo’lib, adabiyot, san’at, madaniyat arboblarining teran bilimi, topqirligi va ma’naviy salohiyatning yorqin namoyishi desa bo’ladi.

“Navro’z sayrli” faslida xalqimizning qadimiy urf-odatlari asosida bayramning nishonlanishi ko’rsatilgan bo’lsa, “Hayot chechaklari” faslida bolalar va o’smirlarning bahor va baxt haqidagi qo’shiq va raqslariga keng o’rin berilgan.

Dasturning “Shahrisabz yashil diyorim” fasli Shahrisabzning 2700 yilligiga bag’ishlandi. Xurshid Davron so’zi Mustafo Bafoyev musiqasi bilan ijro etilgan “Oqsaroy” qo’shig’i, Qashqadaryo viloyati yig’ma badiiy jamoalari ijro etgan Xalq termalarida Amir Temur tug’ilgan yurt shukuhi namoyon bo’ldi.

“San’atim namoyon aylar diyorim” faslida respublikamizning barcha viloyatlari o’z san’atlarini namoyon etish imkoniga ega bo’ldilar.

Dasturning “Kuyla, o’yna, hur O’zbekistonim” deb nomlangan fasli estraada san’atimizning eng sara vakillari ijodidan tarkib topgan bo’lib, tomoshabinlar Farrux Zokirov, Yulduz Usmonova, Nasiba Abdullayeva, Ruslan Sharipov, Rashid Xoliqov, Mahmud Nomozov, Nilufar Rahmatova, Izzatilla Ibrohimov hamda “Fayod”, “A’lo”, “Sitora”, “Anor” guruhlarining jonbaxshida qo’shiqlaridan bahramand bo’lib, raqqosalarning go’zal hiromlaridan zavq oldilar.

Navro’z tantanalari Toshkentning serfayz maydonlariyu, diltortar bog’larida, sayilgohlarida kechga qadar davom etdi.

O’zbekistonimizning bu yilgi Navro’zi ham tinchlik-omonlik, osmonimiz musaffoligi to’kin-sochinlik, xalqimiz tantiligining yna bir yorqin timsoli bo’ldi. Zero tinchlik barqaror bo’lgan yurtdagina Navro’z haqiqiy bayramga, el hayotining, orzu umidlariyu niyatlarining chin namoyishiga aylanadi.

***

Markaziy Osiyo xalqlarining eng katta bayrami bo’lgan Navro’zning tarixi, an’analari va hozirgi ko’rinishilariga murojaat qilar ekanmiz, uning ijobiy tomonlari va ma’naviy ahamiyatiga alohida to’xtalmasikning iloji yo’q. Avvalo shuni aytish kerakki, bayram – hayotning yirik hodisa, voqea, sanalarini nishonlash uchun imkoniyatlar yaratilgan kun hisoblanadi. Shu boisdan bo’lsa kerak, Beruniy bayramlarni hayotdagi “eng muhim kunlar” desa, Mahmud Koshg’ariy bayramlarni “shodlik va xursandchilik kuni” deb ta’riflaydi. Darhaqiqat, bayram shunday ruhiy-emotsional kayfiyatni vujudga keltiradigan tadbirdirki, unda hamma (boshqa kunlarga qaraganda) xursand, sho va baxtiyor bo’ladi. Bu holat Navro’z bayramida ham ko’zga yaqqol tashlanadi.

Ikkinchidan, bayramlar hayotning davomi hisoblansa-da, biroq u vaqtning bir maromdagi holatini buzib, unga muayyan me’yor baxsh etadi. Shu sababli, qadimdan bayramlar (ma’lum vaqtda takrorlanib turgani uchun) o’ziga xos vaqtda takrorlanib turgani uchun) o’ziga xos vaqt o’lchovi hisoblangan. Chunonchi, Navro’z yil boshini nishonlash vaqti kelganda, odamlar yana bir yil o’tganligi chuqurroq his qilganlar. Shunday ekan, bayramlar vaqtni chuqur his qilish, e’zozlash, qadriga yetishga sharoit yaratgan.

Uchinchidan, xalq bayramlari, jumladan, Navro’z hayotning eng yaxshi tomonlarini aks ettiradigan ko’zgu bo’lib kelgan. Chunonchi, kishilar Navro’z bayrami kuni eng yaxshi odatlarni namoyish qilib, go’zal libos va kiyimlar kiyishgan, lazzatli taomlar tayyorlashgan, o’zlaridagi qobiliyat, ijodiy havaskorlikni namoyish etganlar hamda ko’tarinki kayfiyatda bo’lganlar. Deydilarki, Navro’za kuni yomonlar – yaxshi, xasislar – saxiy, xunuklar – go’zal, go’zallar yanada go’zal bo’lib ketishar ekan.

To’rtinchidan, Navro’z ozodlik va erkinlik kuni hisoblangan. Chunki bu kun mehnat qilish ayb hisoblangan, odamlar kundalik ish, vazifa, burch, tashvishlaridan ozod bo’lganlar Bayram kunlari barcha qiyinchiliklar, dardu alamlar unutilgan, kishilar o’zlarini shodu xursand bo’lishga shaylanganlar. bu kuni odobsizlik, o’g’rilik, zo’ravonlik, fisqu fasod kabi yaramas odatlaar unutilgan.

Beshinchidan, Navro’z kuni tenglik hukm surgan. Hamma bir qozondan ovqat yeb, bir xil tomosha ko’rgan, bir xil saylgohlarga chiqib, sayr qilishgan.

Oltinchidan, Navro’z kuni – tinchlik kuni hisoblangan, urushlar to’xtatilgan. Xalq odatlariga ko’ra, bu kuni xafachilik unutilgan, o’zaro arazlashganlar yarashgan, tanishlar do’stlashgan, hamjihatlik, do’stlik ruhi barqaror bo’lgan.

Yettinchidan, Navro’z kunlarida vujudga kelgan ruhiy ko’tarinkilik kishilarni ertangi kunga yaxshi umidlar bog’lashga, porloq kelajakka ishonch bilan qarashga, hayotni yanada go’zal qilishga undagan. Bu bayram arafasida kishilar bir-birlarini tabriklashgan, yutuqlari bilan qutlashgan, ishlariga muvaffaqiyatlar, omad va baxt tilashgan.

Mustaqillik sharoitida sho’rolar davrida taqiqlangan Navro’z tiklanib, rivoj topdi. U mustaqillik g’oylari bilan sug’orilib, yanada mazmunan boyidi. Mustaqillik Navro’zi xalqimiz uchun:

  • tabiat bilan birga ruhiy poklanish omili;
  • aholi o’rtasida mehr-muruvvat, do’stlik, ahillik, birodarlikni mustahkamlash omili;
  • turli millatlar o’rtasidagi hamjihatlik, totuvlikni rivojlantirish omili;
  • tabiiy boyliklarni saqlash, rivojlantirishga chorlash omili;
  • atrof-muhit (mahalla, qishloq, shahar ko’chalari, ma’muriy binolar, bog’lar) ni tartibga solish, obodonlashtirish omili bo’lib qoldi.

Tarixiy an’analar asosida Navro’z bayramini uyushtirish bo’yicha boy tajriba vujudga keldi. Navro’zning asosiy yirik shakli – teatrlashgan musiqali-xoreografik tomosha xalq sayli bo’ldi. Navro’z xalqimiz uchun poklanish, uyg’onish, yangilanish va ma’naviy kamol topish bayrami bo’lib qolmoqda. Qadimiy Navro’z o’zining buyuk mohiyatini saqlab, yangi mustaqillik g’oyasi bilan boyib, ahillik, totuvlik, xalqlarning birdamligi va do’stligi bayramiga ham aylandi.