Neodarvinizm

Neodarvinizm (Neo… va darvinizm) — genetika rivojlanishining ilk bosqichida vujudga kelgan va nemis olimi A. Veysman asos solgan evolyutsion kontsepsiya. Neodarvinizmning asosida uning ta’limoti yotadi. Veysman va uning shogirdlari Darvinning tabiiy tanlanish evolyusiyaning asosiy omili ekanligi to’g’risidagi ta’limotini himoya qilib, darvinizm bilan lamarkizmni birlashtirish haqidagi har qanday urinishlarga qat’iyan qarshi chiqishgan. Ular lamarkizm printsiplariga qarshi chiqib, passiv adaptasiya organlarning mashq qilishi natijasida kelib chiqishi mumkin emasligini bayon qilishgan. Orttirilgan (tug’ma bulmagan) belgilarning nasldannaslga o’tishi haqidagi Lamark ta’limotining noto’g’ri ekanligini isbot qilishgan. Mantiqan bu to’g’ri fikrlar Veysmanning «murtak plazmasining mustaqilligi» gipotezasida o’z ifodasini topgan. Gipotezaga ko’ra, har bir organizm somatik (tana) va murtak plazmasidan tashkil topgan. Somatik plazma tashki muhit ta’sirida o’zgarishi mumkin, ammo muhit murtak plazmasiga ta’sir etmaydi va u kelgusi avlodga turg’un holda o’tadi. Veysman murtak plazmasi faqat tashqi muhitdan emas, balki uni himoya qilib turgan tana plazmasidan ham mustaqil bo’ladi, degan xato g’oyani ilgari surgan. Shunga qaramay, uning murtak plazmasi (yadro)ning irsiyatdagi roli to’g’risidagi fikrlari keyinchalik tasdiqlandi.