Nizom Komilov (1937-2021)
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, taniqli tarjimon Nizom Komilov 1937 yilning 12 dekabrida Namangan viloyati Chust tumanida ziyoli oilada tug‘ilgan. U 1960 yili Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutini tamomlagan. Dastlab «Yosh gvardiya» ( hozirgi “Yangi asr avlodi”) nashriyotida muharrir, bo‘lim mudiri, shundan so‘ng, turli yillarda G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyotda muharrir, tahririyat mudiri, bosh muharrir o‘rinbosari, “O‘zbekfilm” kinostudiyasida muharrir bo‘lib samarali mehnat qilgan.
Nizom Komilov ijodiy faoliyati davomida milliy adabiyotimizga, uning uzviy qismi bo‘lgan badiiy tarjima sohasiga salmoqli hissa qo‘shgan. U Nodar Dumbadzening “Abadiyat qonuni”, “Oq bayroqlar” romanlari, “Kukaracha” qissasi, Erix Mariya Remarkning “Uch og‘ayni”, “Esizgina yoshligim” romanlari, shuningdek, A.Belyayev, I.Shou, J.Simenon, A.Gaydar, D.Veys, F.Iskandar va boshqa adiblarning ko‘plab asarlarini o‘zbek tiliga mahorat bilan o‘girgan.
Nizom Komilov 2021 yilning 24 iyul kuni Toshkent shahrida vafot etgan.