Norin
Norin — O’zbekiston va Qirg’izistondagi daryo. Markaziy Tyanshandan boshlanadi. Uzunligi 807 kilometr, havzasining maydoni 59,9 ming km2. Daryo Norin shahridan 44 kilometr sharqda katta Norin va kichik Norin daryolarining qo’shilishidan hosil bo’ladi. Norin shahridan 21 kilometr oqib o’tgach, unga o’ng tomondan O’narcha daryosi, so’ngra So’nko’ldan chiqib keladigan Ko’kjerti daryosi quyiladi. Shundan so’ng, eng yirik chap irmoqlaridan otboshi daryosi, undan nariroqda olabug’a daryosi kelib quyiladi. To’g’uzto’ro’ soyligiga oqib chiqqach, Norin daryosiga chap tomondan ancha yirik Ko’kiy-Rim daryosi, 32 kilometr oqib borgach, Ko’ko’meren daryosi qo’shiladi. Uzunaxmat va qorasuv daryolari qo’shilgach, Daryo Farg’ona vodiysiga chiqadi. Shu yerdan boshlab uning suvi qisman sug’orishga olinadi. Namangan shahri yaqinidagi Baliqchi qishlog’i yonida Norin Qoradaryo bilan qo’shilib Sirdaryoni hosil qiladi. Norin yuqori oqimida keng vodiyda, Axala daryosining quyilish joyiga qadar chuqur va tor vodiyda juda tez oqadi. Norin shahridan boshlab daryo vodiysida ikki yoqlama qayir hosil bo’lgan. Uzunaxmat daryosi quyilish joyiga yaqin Daryo vodiysi tobora Torayib, qoyali daraga aylanadi va Uchqo’rg’on shahridan o’tgach, kengayib, konussimon yoyilmadan oka boshlaydi. Norinning o’rtacha ko’p yillik suv sarfi (Norin shahri yaqinida) 87,5 m3/sek, o’rtacha oqim moduli 8,24 m3/sek. Daryosining eng katta maksimal suv sarfi 1936 yil 20 mayda 772 m3/sek, minimal o’rtacha oylik suv sarfi 10,2 m3/sek. (1938 yil yanvar) bo’lgan. Norin qor-muzlik suvlaridan to’yinadi. Katta Farg’ona, Katta Andijon, shimoliy Farg’ona, katta Namangan kanallari shu daryodan suv oladi. Norin juda katta energiya zaxiralariga ega. Daryoda Uchqo’rgon GES, To’qtaqul GES qurilgan. Norin bo’yida Norin, toshko’mir, Uchqo’rg’on shaharlari joylashgan.