Novgorod viloyati
Novgorod viloyati – Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi viloyat. 1944 yil 5 iyulda tashkil etilgan. Rossiya Yevropa qismining shimoli-g’arbida joylashgan. Shimoli-G’arbiy iqtisodiy rayon tarkibida. Maydoni 55,3 ming km2. Aholisi 728,7 ming kishi (2000), asosan ruslar, shuningdek, Ukrain, Belorus va boshqa millat vakillari yashaydi. Shahar aholisi 71,2%. 21 ma’muriy tuman, 10 shahar, 22 shaharcha bor. Markazi— Novgorod shahri. Novgorod viloyati relefiga ko’ra, tekislik (g’arbiy) va baland (Sharqiy) qismlarga bo’linadi. G’arbiy qismi Ilmen bo’yi pasttekisligi bilan band. Janubi-sharqida Valday qirlari (eng baland joyi — rijoxa tog’i, 299 metr) joylashgan. Iqlimi mo’tadil kontinental. Qishi yumshoq, qorli. Yanvarning o’rtacha temperaturasi — 7°, iyulniki 16°. Yozi mo’tadil issiq. Yillik yog’in 800 mm gacha. Vegetatsiya davri 120-130 kun. Yirik daryolari: Meta, Lovat, Polist, Shelon. Ilmen ko’lidan Volxov daryosi boshlanib Ladoga ko’liga quyiladi. Ko’l ko’p. Tuproqlari, asosan, chimli-podzol, shimoli- g’arbida botqoqlangan tuproqlar. Viloyat hududining 50% o’rmon, 7% o’tloq, 11% torfli botqoqzor. Yovvoyi hayvonlardan Los, tulki, Qunduz, norka, sassiqko’zan, suvsar, tiyin, quyon, bo’ri bor. Daryo va ko’llarda baliq turi ko’p. Mashinasozlik va metallsozlik (rangli televizorlar, videomagnitofonlar, televizion sistemalar, optik priborlar, yog’ochsozlik stanoklari, avtomatlashtirish vositalari va boshqalar), o’rmon, yog’ochsozlik va tsellyuloza-qog’oz (mebel, qog’oz, fanera va boshqalar), oziq-ovqat (sut-go’sht, konserva, konditer), kimyo (mineral o’g’itlar, metanol va boshqalar), yengil (shu jumladan, zig’irga ishlov berish) sanoatlari, xalq hunarmandchiligi — kashtachilik («Krestes strochka» fabrikasi) rivojlangan. Viloyatning, eng yirik korxonalari: «Akron», «Kvant», «Planeta», «Start», «Volna», «spektr», (hammasi Novgorod shahrida); Borovichidagi o’tga chidamli qurilish materiallari kombinati, Staraya russadagi «Starorusspribor» aviaremont zavodlari. Qishloq xo’jaligida zig’irchilik va go’sht-sut chorvachiligi asosiy o’rinda. Bug’doy, Javdar, suli, tolali zig’ir, kartoshka, sabzavot, yem-xashak ekinlari ekiladi. Qoramol, qo’y, cho’chqa, parranda boqiladi. 1149 kilometr temir yo’l, 6 ming kilometrga yaqin avtomobil yo’li, 700 kilometr suv yo’li bor. Volxov, Meta daryolari va Ilmen, Valday ko’llarida kema qatnaydi. 2 oliy o’quv yurti, jamoat kutubxonalari, 7 muzey, drama teatri faoliyat ko’rsatmoqda. Viloyat hududida Staraya Russa balneobalchiq kurorti, sanatoriylar bor.