Obidov Qobiljon G’afurovich

Obidov Qobiljon G’afurovich (1951.20.4, Qo’rg’ontepa tumani, Xonobod qishlog’i) — O’zbekiston qahramoni (1998). Andijon paxtachilik instituti gidromelioratsiya fakultetini tugatgan (1972). Andijon suv inshootlari qurilish tresti 3-qurilish-montaj boshqarmasida usta, prorab, yordamchi korxonalar boshqarmasi boshlig’i (1972-75), shu trest ishlab chiqarish va texnologik jamlashtirish boshkarmasining bosh muhandisi, boshlig’i (1975— 86), Andijon suv qurilish trestining boshqaruvchisi, Andijon suv qurilish-montaj ishlab chiqarish birlashmasining boshlig’i (1987-88). Marhamat tumani ijroiya qo’mitasining raisi, tuman partiya qo’mitasining 1-kotibi, tuman hokimi (1988-92), Andijon shahar hokimi (1992— 93), Andijon viloyati hokimi (1993-96; 1997 yildan). O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining 1-o’rinbosari (1996— 97). Obidov rahbarligida viloyatni ijtimoiy- iqtisodiy rivojlantirishda muhim yutuqlarga erishildi, g’o’za va bug’doy yetishtirishda yangi texnologiyalar (jumladan, g’o’zani plyonka ostiga ekish) joriy qilindi va ularning hosildorligi keskin oshdi, yangi sanoat korxonalari, sport inshootlari barpo etildi, aholining turmush darajasini ko’tarish va farovonligini oshirishda muxim ishlar olib borildi. Andijon viloyatida to’plangan ilg’or ishlab chiqarish tajribalari mamlakat miqyosida ommalashtirildi. O’zbekiston Oliy Kengashi (1990-94), O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati (1994 yildan). «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlangan (1995).