Och qolish
Och qolish (tibbiyotda) — oziq moddalarning organizmga butunlay yoki yetarli kirmay qo’yishi yoki tuzuk o’zlashtirilmasligi sababli organizmda ro’y beradigan holat; Och qolish sifatsiz ovqat iste’mol qilganda yoki organism biror sababga ko’ra ovqatni singdira olmaganda ham vujudga keladi. Och qolish tabiatda hayvonlar orasida Fiziologik holat hisoblanadi (ular qishki uyquga ketganda). Bunda organizmda moddalar almashinuvi keskin pasayadi. Odamda Och qolish patologik hodisa bo’lib, ovqat yemaganda, yeyilgan ovqat hazm bo’lmaganda (masalan, me’da-ichak kasalliklarida) yoki sifatsiz ovqat yeyilganda ro’y beradi. Och qolish ayniqsa, bolalar uchun zararli, bunday bolalar jismoniy va aqliy jihatdan tuzuk rivojlanmay qoladi. To’liq, mutlaqo (absolyut) va chala (to’yib ovqatlana olmay) Och qolish farq qilinadi. Bundan tashqari, ayrim oziq moddalar organizmga yetarli kirib turmasa, juz’iy (sifat jihatdan) Och qolish deb yuritiladi. To’liq va mutlaqo (absolyut) Och qolishda organizmdagi zaxira oziq moddalar (ayniqsa, yog’) hisobiga u bir necha vaqt yashab turadi. Odam uchun to’liq Och qolishning chegarasi 70 kungacha, bu kishining o’ziga xos jihatlari, yoshi, jinsi va boshqalarga bog’liq. Ayollar Och qolishga ko’proq chidamli; bolalar va keksalarga Och qolish tez ta’sir etadi. Yog’ bosishni, ba’zan moddalar almashinuvining buzilishiga aloqador bo’lgan boshqa kasalliklar (podagra, qandli diabet va boshqalar), shuningdek, allergik va ruhiy kasalliklarni davolash maqsadida to’liq va juz’iy Och qolish tatbiq etiladi. Och qoldirib davolash kursi 2 davrdan iborat: och qolish va tiklanish, bu davo usulini kasalxona sharoitida olib boorish maqsadga muvofiq.