Odamtosh gaz-kondensat koni

Odamtosh gaz-kondensat koni — Qashqadaryo viloyati G’uzor tumanidagi Odamtosh antiklinal burmasida joylashgan kon. Odamtosh antiklinali Janubi -g’arbdan shimoli-sharqqa yo’nalgan. Qanotlari asimmetrik tuzilgan, shimoliy-g’arbiy qanoti tikroq. Yura davri ohaktoshlari bo’yicha antiklinalning uzunligi 14 kilometr, eni 5,2 kilometr, qalinligi 600 metr. 1962 yilda konda qidiruv quduqlari burg’ilangan. Yura, bo’r va paleogen davrlariga mansub jinslar mavjud. Yura davri jinslari kontinental va dengiz sharoitida hosil bo’lgan terrigen jinslar, ohaktosh, tuz va angidritdan iborat, umumiy qalinligi 2000 metrdan ziyod. Bo’r davri jinslari ham kontinental va dengiz sharoitida hosil bo’lgan shag’altosh, qumtosh alevrolit, gil, ohaktoshdan tuzilgan. Paleogen davri jinslari kam tarqalgan, qalinligi 100 metr. Odamtosh gaz-kondensat konida sanoat ahamiyatiga ega bo’lgan gaz uyumlari yuqori yura ohaktoshlarining 15 – va 15-a gorizontlarida topilgan. 15-gorizontdagi gaz uyumlari ohaktoshlarning yuqori g’ovakli qismida joylashgan. Gorizontning umumiy qalinligi 174-270 metr, g’ovakligi 3,15%, o’tkazuvchanligi 245 millidarsigacha, gaz uyumi 1397-1468 metr chuqurlikda joylashgan bo’lib, uzunligi 12,2 kilometr, eni 4,4 kilometr. Qatlam bosimi 17,4 at. Gazning zichligi 0,691— 0,782, tarkibi 0,10—0,30% vodorod sulfid, 0,4— 7,5% karbonat angidrid, 33,4—87,4% metan va 1,9—11,4% azotdan iborat. Kondensat quyuqlashgan suyuq uglevodorodlar bo’lib, 1 m3 gaz tarkibida 12-700 sm3 ni tashkil etadi. Kondensatning zichligi 6,9—7,3 g/sm3. 15-a gorizont o’rtasi mayda, darz ketgan to’q kulrang ohaktoshlardan iborat bo’lib, 1287— 1210 metr chuqurlikda joylashgan. Gorizontning umumiy qalinligi 129 — 173 metr. G’ovakligi 11,6%. Gaz uyumining uzunligi 8,7 kilometr, eni 2,4 kilometr, bosimi 174,4 at.